O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yil imomi 2016 ko‘rik tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

 
 

Respublikamizda imom-xatiblar faoliyatini yanada takomillashtirish, bugungi globallashuv zamonida yurt mehri, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmatlari hamda yoshlarimizning turli yot buzg‘unchi toifalarning ta’siridan himoyalanishida targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkaziladi. An’anaga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasidagi “Yil imomi – 2016” ko‘rik tanlovining yakuniy, Respublika bosqichi 2016 yilning 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tanlovda Qoraqolpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘n to‘rt nafar iqtidorli imom-xatiblar qatnashishdi.

Yil imomi-2016” ko‘rik tanlovining yakuniy bosqichi har yilgidanda qiziqarli va murosasiz kechdi. Hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholangan tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 367 ball to‘plagan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi «Bo‘rijar» jome’ masjidi imom-xatibi Abdukarimov Xusniddin Tojidinovich birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi, kompyuter jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ikkinchi o‘ringa munosib 361 ball to‘plagan, Toshkent viloyati Ohongaron tumani «Abduqahhor maxsum» jome’ masjidi imom-xatibi Akmalov Abdulhakim MajitovichO‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi, televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Uchinchi o‘rinlarga esa 353 ball va 340 ball to‘plagan Namangan viloyati Namangan shahar «Yaxyoxonto‘ra» jome’ masjidi imom-xatibi Djamalov Nurillo Axmadxonovich va Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi «Qo‘shtegirmon» jome’ masjidi imom-xatibi Davlatyorov Muhammadsapoxon Dadaxonovichlar loyiq ko‘rildi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi, mikroto‘lqinli pech va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. Tanlovda ishtirok etgan boshqa imom-xatiblarga ham O‘zbekiston musulmonlari idorasining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

O‘ninchi bor imom-xatiblar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlov o‘tgan yillardagidan ko‘ra har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazilganligi e’tirof etildi. Tanlovda imom-xatiblarning bilim va salohiyati, notiqligi yildan yilga o‘sib, takomillashib borayotgani yig‘ilish qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tanlov yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘zining zaruriy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashib xususan, imomlar va noiblar doimiy o‘z ustida ishlashi, izlanishda bo‘lishi va beshikdan qabrgacha ilm talabi bilan yashashning naqadar chiroyli baxt ekanini ta’kidlab, imomlar uchun zarur bo‘lgan dolzarb ko‘rsatmalarini berdi. Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va dinimiz ravnaqiga yo‘lida qilayotgan xizmatlari uchun tashakkur bildirib, duoi-xayr bilan tadbirga yakun yasadilar.

Muslim.Uz”dan

“Yil imomi” ko‘rik tanlovining Samarqand viloyati bosqichi g‘olibi Axmedov Anvar Xamroyevichga (Jomboy tuman “Ibrohim ota” jome masjidi imom xatibi) tanlovning respublika bosqichidagi namunali ishtiroki uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 08/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3084
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/yil-imomi-2016-korik-tanlovi-goliblari-taqdirlandi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing