O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“VAQF” FONDI ATROFIDAGI GAPLAR: Fond rahbari barchasiga oydinlik kiritdi!

 
 

– «Vaqf» fondi tashkil etilganiga 1,5 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida uning keng ko‘lamli faoliyatiga qaramay ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidiy qarashlar ham bildirildi.

Shu sababli Fondning amalga oshirgan ishlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida, Fond rahbari Iskandar Xalilovga savollar bilan yuzlandik.

Hurmatli rais, avvalo fondning bir yarim yillik qisqa davr oralig‘idagi faoliyati haqida qisqacha so‘zlab bersangiz.

– Ma'lumki, 2018 yil 16 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Fondning asosiy maqsadlari odamlarimizdagi saxovatlilik tuyg‘ularini yanada oshirishga ko‘maklashish, diniy-ma'rifiy sohaga yordam berish, masjid, madrasa va ziyoratgohlarimizni obod qilish, ularda xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar, imom-xatib, noiblar, mudarrislar va talabalarga moddiy-ma'naviy ko‘mak berishdan iborat etib belgilandi.

Xalqimiz orasidagi kam ta'minlangan kishilar, moddiy ko‘makka ehtiyoji bor oilalar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga yordam berish Fond oldiga qo‘ygan eng savobli ishlaridandir. Shu maqsadda Fond tomonidan yuqoridagi maqsad va vazifalardan kelib chiqib, keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirildi.

– Ko‘pchilikni Fond mablag‘larining aylanishi va sarf-xarajatlarining shaffofligi qanday tashkil etilgani qiziqtiradi. Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

Shaffoflikni ta'minlash maqsadida fondga tushgan mablag‘lar har kuni saytimiz va telegram kanalimizda e'lon qilib boriladi. Bu borada Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Innovatsion rivojlanish vazirligi bizga yaqindan ko‘mak bermoqda. Barcha pul aylanmalari eng zamonaviy billing tizimiga ulangan. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, mo‘min-musulmonlar tomonidan Alloh roziligi yo‘lida zakot, fidya, ushr va fitrga ajratilayotgan mablag‘lar haqdorlarga to‘laligicha yetib borishi uchun mutasaddi tashkilotlar juda keng imkoniyat yaratib berishmoqda. Masalan, bank o‘z xizmati uchun haq olmaydi va bu bilan ajratilgan mablag‘ haqdorga yuz foiz holatda to‘liq yetib borishi ta'minlanadi.

Shu bilan birga plastik kartalar orqali, hisob-raqamdan hisob-raqamga va mobil telefonlar orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati ham bor. Bundan tashqari, respublika bo‘ylab 190 dona infokiosk ham o‘rnatilgan.

Bugungi kunda, Fondning www.vaqf.uz veb-sayti faoliyat yuritmoqda. Mazkur sayt orqali Fond faoliyati, amalga oshirilgan tadbirlar hamda xayr-saxovat loyihalari haqida batafsil ma'lumot olish mumkin. Shu bilan birga, alohida pul o‘tkazmalari bo‘yicha hisobot ham veb-saytda jadval shaklida taqdim etib boriladi.

– Hozirgacha Fondga qancha mablag‘ kelib tushdi va qanday sarflandi?

Joriy yil 30 oktyabr sanasiga qadar, Fondining maxsus hisob raqamlariga jami 164 milliard so‘m miqdorida mablag‘ kelib tushgan. Masalan, Xayriya hisob raqamiga 1 mlrd 201 mln so‘m, zakot hisob raqamiga 5,6 mlrd so‘m, Vaqf hisob raqamiga 758 mln so‘m, Masjidlar hisob raqamiga 122,3 mlrd so‘m va Ziyoratgohlar hisob raqamiga 25 mlrd 464 mln so‘m tushgan.

Fondning maxsus hisob raqamlaridagi mablag‘lar “Vaqf xayriya jamoat fondining daromadlarini shakllantirish va mablag‘larini, tovar moddiy boyliklarini taqsimlash Yo‘riqnomasi”ga asosan sarflanadi.

Fond hisob raqamlariga kelib tushgan mablag‘lar hisobidan quyidagi xarajatlar amalga oshirildi:

Xayriya hisob raqamidan:

  • 25 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj tashkilotga 130 mln so‘m;
  • 4 766 ta kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oilalarga zakot va xayriya pullari hisobidan 5 mlrd 043 mln so‘m.

Masjidlar hisob raqamidan:

  • masjidlar va vakilliklarning talabnomalariga asosan 110,7 mlrd so‘m.

Ta'kidlash joizki, Fond mablag‘larining asosiy qismi masjidlardagi ehson qutilari orqali shakllansada, mablag‘larning aksar qismi yana masjidlar xarajatlariga yo‘naltiriladi. Xususan, masjidlardan tushgan mablag‘larning 75 foizi ularga qayta yuboriladi. 10 foizi O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududdiy vakillariga, 10 foizi idora faoliyatini tashkil etishga berilib, faqat 5 foizi Fondda qoladi. Mazkur 5 foiz hisobiga 700 dan ziyod daromadi kam masjidlarning imom-xatiblariga oylik maosh beriladi.

Ziyoratgohlar hisob raqamidan:

  • ziyoratgohlar va filiallarning talabnomalariga asosan 19,8 mlrd so‘m.

Aksiyalar hisob raqamlaridan:

  • aksiyalar maqsadi bo‘yicha 3,1 mlrd so‘m.

 

Asosiy hisob raqamdan 3 mlrd 800 mln so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Shu o‘rinda, 2019 yil 20 sentyabr holatiga ko‘ra, Fondning maxsus hisob raqamlarida jami 21 mlrd 465 mln so‘m miqdorida qoldiq mablag‘ mavjud ekanini ilova qilib o‘tmoqchimiz.

–    Fuqarolar yoki jismoniy shaxslar fondga pul mablag‘larini qanday o‘tkazadi?

– Bu borada yurtdoshlarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Ular hech qanday qiyinchiliksiz, ortiqcha ovoragarchiliksiz plastik karta orqali “Click”, “Payme”, “Mbank”, “Viza”, “Oson” kabi elektron to‘lov tizimlaridan foydalanib, o‘z xayriya mablag‘larini Fondga o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, istagan inson Fondga o‘ziga yaqin joyda joylashgan “Paynet” shahobchasiga murojaat qilib, mablag‘ini vaqf qilishi, zakotini to‘lashi hamda turli xayriya aksiyalariga mablag‘ o‘tkazishi mumkin.

–  Fondning ishlab chiqarish korxonalari va ularning istiqbollari haqida gapirsangiz?

– Shu o‘rinda muhim bir jihatga alohida e'tibor qaratish kerak, ya'ni “Vaqf” fondi Ustav faoliyatiga asosan vaqf mulklarini shakllantirish uchun ishlab chiqarish korxonalari, savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shahobchalari ochish mumkin. Tushgan daromadning tegishli qismi xayriya ishlariga yo‘naltiriladi.

E'tiborli jihati, Vaqf mulkini rivojlantirish uchun fuqarolarning xayriya, zakot, ushr, fitr va fidya uchun bergan mablag‘lari mutlaqo ishlatilmaydi. Ular o‘zlarining aniq, shariat belgilab bergan manzillariga yo‘naltiriladi. Vaqf mulki uchun esa ziyoratgohlardan tushgan mablag‘lar yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ko‘rsatilgan beg‘araz yordam pullari ishlatiladi. Ayrim loyihalarga saxovatpesha tadbikorlarimiz tashabbus ko‘rsatib, yordam bermoqda.

Jumladan, 2019 yil mart oyida Toshkent viloyati Qibray tumanidan 16 gektar yer maydon va binolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Vaqf” fondiga beg‘araz berilgandi. Ushbu hududda qisqa muddat ichida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexi barpo etildi. Mazkur sex joriy yil 15 aprel kuni o‘z faoliyatini boshladi, ayni paytda 5 xil turdagi non va non maxsulotlari ishlab chiqarilib, xalqimizga tortiq qilinmoqda.

Mazkur sexda to‘qqiz turdagi non mahsulotlari ishlab chiqarilib, do‘konlar orqali sotiladi hamda tushgan foyda hisobidan mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga xayriya tariqasida ham ulashiladi. Non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishdan ko‘rilgan foyda masjid-madrasalarni obod etish, yordamga muhtoj va nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Qayd etish zarurki, sex joylashgan hududda ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish va muttasil foydalanish borasida muayyan muammolar sababli mahsulot ishlab chiqarishda uzilish yuzaga keldi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahridagi “Suv taraqqiyot” oilaviy korxonasi bilan 65 mln. so‘m mablag‘ evaziga yer ostidan suv chiqarish to‘g‘risida shartnoma tuzilib, 120 metr chuqurlikdan suv qazib chiqarildi. Bu esa, o‘z navbatida, sex faoliyatining barqarorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda, Fond tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oltintepa” mahallasi hududida “Vaqfmed” dorixonasi tashkil etilganini ham aytib o‘tish kerak. Fond tomonidan dorixona ishini rivojlantirish uchun 67 mln. so‘m ko‘mak berildi. O‘tgan davrda dori-darmon yetkazib beruvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar buyurtma qilingan mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berolmagani sababli dorixona ba'zi kunlarda to‘liq faoliyat ko‘rsatmadi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan, tibbiy dori-darmonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 3 ta ulgurji savdo subyektlari bilan, shuningdek, tibbiy dori-darmon ishlab chiqaruvchi 1 ta farmatsevtika zavodi bilan dori-darmon yetkazib berish to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan. Dorixona savdo rastasida 250 turdan ziyod dori-darmonlar mavjud. Shu yilning 30 oktyabr holatiga ko‘ra, dorixonadan 7 mln. so‘m sof foyda olingan.

Kelajakda “Vaqfmed” dorixonalar tarmog‘ini O‘zbekistonning barcha hududlarida tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tarmoqlardagi savdo-sotiqdan tushgan mablag‘ vaqf mulkini tasarruf etish va xayriya ishlariga yo‘naltiriladi.

Hozirda Fondga ajratilgan yer maydonidan, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan 15 mln. so‘mga shartnoma asosida ijaraga berilgan. U yerda ijarachilar sabzi, kungaboqar o‘simligi va shunga o‘xshash poliz mahsulotlari yetishtirib, bugungi kunda yig‘im-terim ishlari amalga oshirishmoqda.

Bundan tashqari, mazkur yer maydonida yetishtirilgan 3 tonna kartoshka masjidlar qurilishida ishlayotganlar va kam ta'minlangan oilalarga xayriya qilindi.

Ayni damda yer maydonlarida sarimsoq va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Yana bir katta xayrli ish, Surxondaryo viloyatida Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida vaqf mulkchiligini rivojlantirish maqsadida yangi mehmonxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Yangi mehmonxonada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy uslubda jihozlangan. Mazkur mehmonxona 70 o‘ringa ega bo‘lib yuqori xizmat ko‘rsatuvchi qulayliklarga ega lyuks hamda yarim lyuks xonalarni o‘z ichiga oladi. Mehmonxona hududida 1 ta choyxona va 1 ta restoran mavjud. Bu esa ham dam oluvchilar, ham yo‘lovchilar uchun xohlagan vaqtda kelib tanovul qilish imkoniyatini yaratadi.

Mehmonxonaning yana bir qulayligi Toshkent-Termiz xalqaro magistral yo‘lining yonida ekanligidir. Bu esa Iso Termiziy, Sulton Saodat, Kampirtepa, Fayoztepa hamda Hakim Termiziy ziyoratgoh va tarixiy yodgorliklariga tez fursatda yetib olish imkonini beradi. 

Mehmonxonada musulmon sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida har bir xonaga Qur'oni karim, joynamoz qo‘yilgan va Qibla ko‘rsatgichi o‘rnatilgan.

Mehmonxona faoliyatidan kelib tushgan mablag‘lar vaqf mulklarini tasarruf etish hamda xayriya maqsadlari uchun ishlatiladi.

Ko‘pchilikka ma'lumki, Fond tomonidan joriy yil davomida juda katta ishlar amalga oshirildi. Shular haqida to‘xtalsangiz?

Albatta, o‘tgan qisqa davr, xususan joriy yilda fond tomonidan ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirildi. Jumladan,

  •  2190 nafar kam ta'minlangan, yordamga muhtoj oilalarga 2 milliard 584 million 587 ming so‘mlik moddiy yordam hamda 80 million so‘mlik 40 dona nogironlik aravachalari tarqatildi.
  •  Yordamga muhtoj 3 nafar fuqaroning uylari 8,9 mln. so‘mlik Fond mablag‘lari va homiylarni jalb etgan holda qayta ta'mirlandi.
  •  “Vaqf” fondi tomonidan joylardagi 700 dan ziyod olis hududda joylashgan va kam daromadli masjidlar imom-xatiblariga oylik maoshlari uchun har oy 370 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilmoqda.
  •  Toshkent islom institutida yangi tashkil etilgan “Modul” ta'lim tizimida joylardagi masjidlarda mehnat qilayotgan o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan imomlarni oliy ta'limga jalb qilish boshlandi. Shu munosabat bilan 60 o‘ringa mo‘ljallangan darsxonalar, o‘quv predmetlari, ta'lim dastgohlari, oshxona va yotoqxona uchun 190 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu yerda tahsil olayotgan tushumi past bo‘lgan masjidlarda xizmat ko‘rsatuvchi 59 nafar imom-xatiblarga 190 mln 777 ming so‘m miqdorida to‘lov-kontrakt mablag‘i o‘tkazib berildi.
  •  Shu yil fevral oyida Surxondaryo viloyatidagi “Bog‘i Obod”, “Sebzor” va “Ehtirom” mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Bu ishlarga jami 70 million so‘m sarflandi.
  •  Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Ramazon oyida 157 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
  •  Ramazon oyida 2 milliard so‘m zakot va xayriya mablag‘lari haqdorlarga yetkazdi.
  •  Fond va hududiy filiallar tomonidan “Qurbonlik – 2019” xayriya tadbirlari tashkil etilib, ular doirasida 70 ga yaqin yirik va 260 ga yaqin kichik qoramol qurbonlik qilindi. Yigirma mingga yaqin kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga qurbonlik go‘shtlari taqsimlab berildi.
  •  “Muruvvat karvoni” xayriya tadbirida 200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari taqdim qilindi. Tadbirlar doirasida jami 190 million so‘m mablag‘ sarflandi.
  •  “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan 93 million so‘mlik 3000 dona Qur'oni karim kitoblari barcha viloyatlardagi jome masjidlarga hadya qilindi.
  •  14 million so‘mlik diniy kitoblar Navoiy viloyatidagi 15 ta masjidga yetkazildi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota” masjidi kutubxonasi uchun 3,7 million so‘mlik diniy kitoblar taqdim etildi.
  •  Toshkentdagi Xadichai Kubro o‘rta maxsus ayol-qizlar islom bilim yurtining 14 nafar talaba qizlariga 43 mln. so‘m o‘quv shartnoma puli to‘lab berildi.
  •  “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtining 14 nafar ehtiyojmand talabasiga 51,3 mln. so‘mlik o‘quv-shartnoma puli to‘lab berildi.
  •  Shuningdek oktyabr oyida oliy va o‘rta maxsus diniy ta'lim muassasalariga 130 mln so‘m miqdorida to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berildi.
  •  Buxoro viloyatidagi “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 30 million so‘mlik 10 dona kompyuter jamlanmasi berildi.
  •  Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan oq qon (leykoz) kasalligi bilan kasallangan bemorlarning 85 nafariga 137 million so‘m yordam pullari berildi.
  •  Eshitish va gapirishda nuqsoni bor fuqarolar uchun barcha viloyatlarda juma ma'ruzalarini surdo tarjimalarini namoyish qilish loyihasi bo‘yicha 70 million so‘m mablag‘ ajratildi.
  •  Navoiy shahrida homiylar yordamida 7 ta nikoh va 35 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. Yosh oilalarga xayriya tariqasida 3 500 000 so‘mlik elektr-texnika jihozlari, sunnat to‘yi o‘tkazilayotgan bolalarga esa velosiped va kiyim-kechaklar yetkazib berildi.
  •  2018 – 2019 yillar davomida ziyoratgohlarni qurilish-ta'mirlash, obodonlashtirish, kommunal to‘lovlarni to‘lash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga jami 19,8 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan.
  •  Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida joylashgan bir necha masjidlarning bunyod etish ishlariga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ miqdoridagi qurilish materiallari yetkazilgan.
  •  «Vaqf» xayriya jamoat fondi aprel oyida respublikaning turli hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida yuzaga kelgan talofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida aholiga yordam ko‘rsatdi. Fond tomonidan talofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida turli tashkilotlarning ko‘magi bilan jabrlanuvchilarga qisqa muddat ichida yangi turarjoylar qurib berilgan.
  •  16 may kuni Fond tomonidan tayyorlangan qariyb 251 million so‘mlik Ramazon sovg‘alari yurtimizning 14 ta hududlariga yuborildi. Ushbu muruvvat karvoni o‘n to‘rt hududiy birliklar tomon yo‘lga chiqib, unda bir yarim ming muhtoj oilalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va 3000 dona Qur'oni karim joy olgan.

Shuningdek, 2018-2019-o‘quv yilida «Vaqf» fondi tomonidan amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan biri respublikadagi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba yoshlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 145 nafar talabaga 1,2 mlrd. so‘m miqdorida to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berilganini alohida qayd etish kerak.

–    Shu o‘rinda ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir savol – fondga kelib tushgan zakot mablag‘lari shariatda belgilangan haqdorlarga yetkazilyaptimi?

– «Vaqf» fondi Ramazon oyida 1,8 mlrd so‘mlik zakot va xayriya mablag‘larini haqdorlarga yetkazdi. Shundan, zakot mablag‘lari hisobidan 263 nafar muhtoj insonlarga 405 million 730 ming so‘m ulashildi. Xayriya mablag‘lari hisobidan 173 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tarqatildi.

Diniy ta'lim muassasalari talabalarining to‘lov-shartnomalari, masjid, madrasa va ziyoratgohlar, ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun 440 million so‘m atrofidagi mablag‘lar sarflandi.

Fondning 14 ta hududiy filiallari tomonidan Ramazon oyi davomida qariyb 700 million so‘mlik zakot va xayriyalar 6 mingga yaqin haqdor insonga yetkazildi.

–    Ijtimoiy tarmoqlardagi Fond faoliyati borasidagi turli gap-so‘zlarga munosabatingiz qanday?

– Ish bor joyda kamchilik, xato bo‘lishi tabiiy. Ma'lumki, qayta tashkil etilgan vaqf mulkchiligi yurtimiz uchun mutlaqo yangi tizim. Bu boradagi ishlarimizni tizimli va tartibli tashkil etish bo‘yicha doimiy izlanish va harakatdamiz. Albatta, kamchiliklar sekin-asta iziga tushib ketadi. Muhimi, bu jarayonda hammamiz bir tanu bir jon bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Afsuski, so‘nggi paytlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi tomonidan ro‘yobga chiqarilayotgan xayrli ishlar qolib, asossiz xabarlar, pashshadan fil yasash qabilidagi iddaolar keng tarqalmoqda.

Masalan, masjidlar tomonidan aholi bergan xayr-ehson pullari “Vaqf” fondiga to‘laligicha o‘tkazilib, masjid xarajatlariga, bu yerdagi hovli supuruvchi-yu qorovullarga xizmat haqi berilmayotgan ekan, degan asossiz gaplar ham tarqalgan edi. Vaholanki, barcha xodimlarning ish haqlari to‘lanmoqda. Masjidlarning boshqa xarajatlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar ham xuddi shu yo‘sinda – ochiq-oshkora yo‘naltirilayotir.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Masjidlar, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarga tushadigan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘larni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga to‘liq o‘tkazilishini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorlari qabul qilingan.

Ushbu qaror asosida tuzilgan ishchi guruhi masjidlardagi muhrlangan xayr-ehson qutilarini haftaning har juma kuni dalolatnoma tuzgan holda ochadi va to‘plangan mablag‘larni sanoqdan o‘tkazib, inkassatsiya xaltalari (qoplari)ga solinishini ta'minlaydi.

Masjidning imom-xatibi pul solingan maxsus qoplarni inkassatsiya xizmati xodimlariga topshiradi. Tijorat banklari mablag‘ni qabul qilib olgach, keyingi bank ish kunidan kechiktirmagan holda naqd pulsiz shaklda (pul o‘tkazish yo‘li bilan) “Vaqf” xayriya jamoat fondining “Masjidlar” yoki “Ziyoratgohlar” hisob raqamlariga o‘tkazib beradi.

Masjidlardan tushayotgan tushumlardan xodimlarga maosh, mukofot yoki moddiy yordam hamda boshqa xarajatlar (deylik, kommunal to‘lovlar) uchun imom-xatib tomonidan har oy talabnoma asosida chiqilsa, Fond tomonidan hech bir e'tirozsiz, tegishli hujjatlar asosida, qonun doirasida ehtiyoji qondiriladi. Dunyoga jar solayotganlar masalaning bu jihatlari xususida negadir og‘iz ochmaydi yoki bilib bilmaslikka oladi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, masjidga aholidan kelayotgan mablag‘lar xayr-ehson sifatida beriladi. Bu esa, o‘z navbatida, masjidlarning ehtiyoji uchun, yordamga muhtoj hamyurtlarimiz uchun yo‘naltirilmoqda. Bir qismi esa o‘zini o‘zi qoplay olmayotgan masjidlar xodimlariga oylik maosh sifatida ajratilmoqda. Bunday toifadagi masjidlar esa mamlakat bo‘ylab 700 dan ortiq. Yurtimizning chekka tuman va qishloqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, daromadi yo‘q masjidlarda ishlayotgan ahli ilm imom-xatiblarni ham o‘ylash kerakmi axir?

Masjiddan tushayotgan tushumlar Fondga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yuqorida aytganimizdek, buning ortidan qanchadan-qancha nochor oilalarning qozoni qaynamoqda. Ayni paytda, olis hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan noib-imomlarni ham oylik maosh bilan ta'minlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

–    Qadamjo va ziyoratgohlar tushumlari jamlanishi qanday va sarflanishi haqida ham to‘xtalsangiz?

Shu yil 30 oktyabr holatiga ko‘ra, Fondning “Ziyoratgohlar” hisob raqamiga jami 25 mlrd. so‘m mablag‘ kelib tushgan. 2019 yilda “Ziyoratgohlar” hisob raqamidan filial va ziyoratgohlarning sarf-xarajatlari uchun 18,3 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Ushbu mablag‘lar asosan ziyoratgohlarni ta'mirlash, obodonlashtirish, kommunal to‘lovlarni to‘lash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga ishlatilgan.

Umuman, fond faoliyati shariat belgilab bergan talablar asosida olib borilayotganini ko‘pchilik ko‘rib, bilib turibdi. Biroq bu holat birovlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan ayrim kimsalarga yoqmayotganligi ajablanarli hol.

Fond faoliyati shaffof bo‘lib, mablag‘lar aylanishi va sarf-harajatlarini www.vaqf.uz linki orqali onlayn kuzatish mumkin .

Takror ta'kidlaymanki, faoliyatimizda hali kamchiliklar ko‘p. Iqtisodiy sohada darhol ijobiy natijalarga erishish qiyin ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida qator yirik loyihalarni amalga oshirayotganimiz ham vaqf mulkini ko‘paytirish yo‘lidagi ishlarimizda samaradorlikni to‘laqonli ko‘rsata olmayotganimizning sabablaridan biridir. Shunday ekan, yurtdoshlarimizning Fondni rivojlantirish borasida beradigan har bir taklif va mulohazalarini samimiy qabul qilishimizni aytib o‘tmoqchiman.

Kezi kelganda hozir “2019-2022 yillarda “Vaqf” xayriya jamoat fondini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasi tayyorlanayotganini ma'lum qilaman. Mazkur hujjat loyihasi Fond saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Umid qilamizki, yurtdoshlarimiz “yo‘l xaritasi”ni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini beradilar.

Ishonamizki, sofdil, ko‘zi va qalbi ochiq mo‘min-musulmonlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi chalg‘ituvchi xabarlarga e'tibor bermaydilar. Va shu o‘rinda alohida qayd etamizki, bundan buyon ijtimoiy tarmoqlardagi noxolis, ko‘r-ko‘rona ig‘voga to‘la chiqishlarga raddiya berib ovora ham bo‘lmaymiz. Balki, Fond faoliyatiga doir ma'lumotlarni yil mobaynida uchrashuv va tadbirlarda batafsil yoritib, yurtimiz musulmonlari e'tiboriga havola etib boramiz. Zero, Fondga tushayotgan mablag‘ning asosiy qismi yurtdoshlarimizdan kelayotgan ekan, hisobotni ham vatandoshlarimizga beramiz.

Sadriddin Salim Buxoriyga tegishli quyidagi satrlarini yod olaylik:

Illat izlaganga – illatdir dunyo,

G‘urbat izlaganga – g‘urbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo,

 

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

 

“Islom nuri” gazetasi muxbiri suhbatlashdi

Manba: Hidoyat.uz


Kiritilgan vaqti: 31/10/2019 15:19;   Ko‘rilganligi: 1455
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/vaqf-fondi-atrofidagi-gaplar-fond-rahbari-barchasiga-oydinlik-kiritdi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing