O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Shukrona

 
 

Birodarlar, azizlar payg‘ambardan so‘zlayman,

Holis niyat ila men ko‘p ajrlar ko‘zlayman.

Bu dunyoyu u dunyo topay desang halovat,

Amal qilib sunnatga, rasulga ayt salovot.

Otasidir Abdulloh, Aminadir onasi,

Sayyidimiz Muhammad ikki dunyo ma’nosi,

Tug‘ilmasdan otasi vafot etib ketdilar,

Olti yoshda, onasi dunyoni tark etdilar,

Ota-ona mehriga to‘ymay katta bo‘lgandi.

Vahiy kelgan yilida qirq yoshiga to‘lgandi,

Yigirma uch yil Qur’on nozil bo‘ldi ketma-ket,

Bir yuz o‘n to‘rtta sura, olti yuzdan ortiq bet,

Qur’on hamda hadislar musulmonga merosdir,

Farzu vojib sunnatni bajarmoq bizga hosdir.

Bu dunyoyu u dunyo topay desang halovat,

Amal qilib sunnatga rasulga ayt salovot.

Endi bayon aylayin Rasulolloh fe’lini,

Chin oshiqlar qirq joydan bog‘lasinlar belini,

Dona-dona so‘zlardi shoshilmasdan kalomni,

Yoshlarga ham birinchi berardilar salomni,

Gaplari rost, doimo vadasiga vafodor,

Tavba qilib aytardi har kun yuz bor istig‘for,

Abu Jahl kabilar ozor berib so‘ksa ham,

Tuhmat toshin otishib, obro‘sini to‘ksa ham,

Zulm qilmay hech kimga islom uchun yashardi,

Johillarning kundan-kun ozorlari oshardi,

Yo‘llariga axlatni to‘kdi goho razillar,

Haqoratli so‘zlarni aytib qildi hazillar,

Yolg‘onchisan kohinsan sehrgarsan yo jinni,

Desalar ham, payg‘ambar namoyon qildi dinni.

Qancha ozor cheksada haqiqatni aytardi,

Johillarni xush fe’li ma’rifatga qaytardi,

Eng so‘nggi nafasida ,,Ummatii‘‘ deb berdi jon,

Xos ummat bo‘lay desang amaling bo‘lsin Qur’on.

Bu dunyoyu u dunyo topay desang halovat,

Amal qilib sunnatga rasulga ayt salovot.

Dunyoga boq ushbu kun qancha fisqu fasodlar,

Ne ko‘rgilik masjidda qonga botgan jasadlar,

Aylantirdi terrorga niqob qilib sof dinni,

La ilaha illolloh deb otmoqdalar mo‘minni.

Ammo bizning diyorda tinchlik hukm surmoqda,

Yurtboshimiz bosh bo‘lib madrasalar qurmoqda,

Qur’on, hadis, aqida, ilmu irfondir bizda,

Haqiqiy din, ma’rifat, insofu imon bizda.

Rabbiul avval oyi ehsonu mavlid oyi,

Kundan-kun ochilmoqda masjidlarning chiroyi,

Allohimning nazari tushgan obod bu diyor,

Duo qiling azizlar duongizda hislat bor.

Bu dunyoyu u dunyo topay desang halovat,

Amal qilib sunnatga rasulga ayt salovot.

Otabek Boqoniy: Samarqand tuman

Xo‘ja Ahrori Valiy masjidi noib imomi


Kiritilgan vaqti: 01/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 675
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/shukrona
Chop etilgan vaqti: 16/11/2019 03:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing