O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Sen yolg‘iz emassan

 
 

Xalqimiz azal-azaldan muruvvatli, saxovatpesha bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan: “Yon qo‘shnisi och ekanligini bila turib, to‘q uxlagan kimsa menga imon keltirmabdi” (Imom Bazzor rivoyati) hadisi sharifining ma’nosini anglab, ongu shu’uriga singdirgan, shuning taqozosiga ko‘ra harakat qilgan.

Bugun boquvchisini yo‘qotganlar, ta’minotchisi bo‘lmaganlar davlat himoyasiga olingan va “mehribonlik uylari”da ularning yaxshi yashashi, sifatli ta’lim olib, kelajakda o‘z o‘rnini topishiga barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan. O‘z navbatida savob umidida bo‘lganlar ham imkonlari miqdoricha ularni qo‘llab quvvatlab kelmoqdalar.

25 dekabr kuni Samarqand shahar Panjob jome masjidi imom xatibi Botirali Rizayev Samarqand shahridagi 10-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bolajonlar bilan suhbatlashar ekan kishi yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, intilib ta’lim olsa, tanlagan sohasining mutaxassisi bo‘lishga harakat qilsa barcha maqsad va orzulariga yetishishi mumkinligi, hech qachon umidni uzmaslik, harakatdan to‘xtamaslik lozimligi haqida nasihatlar qildi.

Shuningdek, ularni ruhlantirish, yaxshi ilm olishga yanada qiziqtirish maqsadida 70 nafar bolaga maktab o‘quv qurollari tortiq etildi.

Zero, hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar”. (Imom Buxoriy rivoyati) deb marhamat qilingan.

Abdug‘ani Hasanov


Kiritilgan vaqti: 25/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1876
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/sen-yolgiz-emassan
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 18:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing