O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAMARQANDDA YANGI AVTOMOBILLAR SOTISH MAJMUASI ISH BOSHLADI

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev shu yilning 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrif buyurganda Past Darg‘om tumanida viloyat faollari bilan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazib, viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovon turmush kechirishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratdi.

Ushbu yig‘ilishda Samarqand viloyati ahli taklif va tashabbuslari asosida 260 dan ortiq topshiriqni o‘z ichiga olgan 146 banddan iborat yig‘ilish bayoni tasdiqlandi. Ular orasida 2018 yil yakuniga qadar Samarqand tumanidagi “Maroqand” dehqon bozori filiali bo‘lgan avtomobil bozorini boshqa hududga ko‘chirish, uning o‘rnida baliqchilik innovatsion ilmiy o‘quv markazi, baliqchilik laboratoriyasi, 200 o‘rinli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi, 100 o‘rinli mehmonxona hamda ko‘p qavatli turar joylar barpo etish vazifasi berilgandi.

3 noyabr kuni tumandagi «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligi hududiga ko‘chirilib, zamonaviy innovatsion g‘oyalar asosidagi barpo etilgan «Avtomobillar sotish majmuasi»ning ochilish marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati va tuman hokimligi xodimlari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Eski avtomobil bozorining umumiy yer maydoni 2,6 gektarni tashkil etib, sotish uchun 600 avtoulov sig‘imiga ega bo‘lgan bo‘lsa, ushbu savdo majmuasining yer maydoni 4 gektar va bu yerda bir vaqtning o‘zida 1000 dan ziyod avtomobil savdosi bilan shug‘ullanish mumkin.

- Bozorni barpo etishda, avvalo, sotuvchi va xaridorlar uchun zarur sharoitlar yaratishga e’tibor qaratdik, - deydi «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Ilhom Halimov. – Buning uchun bu yerda avtomobillarni kirish-chiqish tartibini ta’minlash maqsadida keng va tekis yo‘llar, avtoulovlarni ro‘yxatga olish punkti, xavfsizlikni ta’minlash shoxobchasi, avtomobil vositalarining to‘xtash joyi, ixcham va zamonaviy tamaddixonalar, ma’muriyat binosi qurildi. Barcha ishlarni amalga oshirish uchun xo‘jaligimiz hisobidan salkam 5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Ochilish marosimidan so‘ng sotuvga qo‘yilgan dastlabki 20 dan ziyod avtoulovlar mashina rusumiga qarab, maxsus ajratilgan hududlarga joylashtirildi.

Ertaga “Oq amur baliqlari” fermer xo‘jaligi tomonidan “Maroqand” dehqon bozori filiali bo‘lgan avtomobil bozori o‘rnida qiymati 49 mlrd. so‘m bo‘lgan baliqchilik kompleksi, ekobog‘ tashkil etish, baliqchilik innovatsion ilmiy o‘quv markazi, baliqchilik laboratoriyasi, 200 o‘rinli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi, 100 o‘rinli mehmonxona hamda ko‘p qavatli turar joylar barpo etish bo‘yicha ishga kirishish tadbiri bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida «Baliq sayli» o‘tkaziladi.

Manba: “zarnews.uz”


Kiritilgan vaqti: 06/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1559
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/samarqandda-yangi-avtomobillar-sotish-majmuasi-ish-boshladi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing