O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAMARQANDDA MUSTAQILLIK BAYRAMI NISHONLANDI

 
 

2016 yil 16 avgust kuni Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi bilan Oqdaryo tumanidagi “Maxdumi A’zam” ziyoratgohida mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat vakilligi rahbar va ishchi xodimlari, faxriy imomlar, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, Oqdaryo tuman masjid imom-xatiblari ishtirok etdilar.

Dastlab, eng ulug‘ va eng aziz bayram oldidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan kelishib, maslahatlashib olish hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramini munosib nishonlash bo‘yicha tashkiliy, ma’rifiy ishlar qo‘shma rejasi ijrosini mukammal ta’minlash maqsadida shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat vakilli N.Islamov va vakil o‘rinbosari Z.Eshonqulovlar imom-xatiblar tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar xususida ko‘rsatmalar berib o‘tdilar.

So‘ng bayramning asosiy qismiga o‘tildi. Tadbirda so‘zga chiqqan yoshi ulug‘ imomlar mustaqillik qadri, mustabid tuzumdagi vaziyat, ayniqsa dinga nisbatan tazyiqlar haqida ta’sirli nutq so‘zlab, hayotiy misollar keltirdilar. Bugungidek dorulomon damlar orzusida o‘tgan bobolar yod etilib, ularga armon bo‘lib qolgan kunlar bizga nasib etganini, shu sababli ham bizdan shuning taqozosiga ko‘ra ish ko‘rishimiz talab etilishini ta’kidladilar.

Bayramning eng asosiy nuqtalaridan biri viloyatda diniy soha rivojiga o‘zining ko‘plab hissasisini qo‘shgan va qo‘shib kelayotgani imom xatiblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tomonlaridan taqdim etilgan maqtov yorliqlarining topshirilishi bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Bayramda ishtirok etganlar guvohligida faxriy imomlar va namunali faoliyat olib borayotan imom-xatiblardan iborat 12 nafar din xodimlariga tantanali ravishda mazkur maqtov yorliqlari hamda vakillikning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Esda qolarli tadbir so‘ngida duoga qo‘l ochilib, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi, kundan-kunga gullab-yashnayotgan ona vatanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilishi, xalqimiz iqboli baland, o‘tganlar ruhi shod bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilindi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 16/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2322
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/samarqandda-mustaqillik-bayrami-nishonlandi
Chop etilgan vaqti: 19/11/2019 06:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing