O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ramazon hayiti munosabati afv etilganlarning 12 nafari Samarqanddan.

 
 

Muqaddas islom dinimiz insonlarni kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki kechirimli bo‘lishda insonlar uchun ko‘p manfaatlar bor. Avvalo, Kechirgan inson o‘zini yengil tortib, Allohdan bo‘ladigan ajrga loyiq bo‘lsa, kechirilgan inson esa kechirguchiga nisbatan bo‘lgan adovati ketib, qalbida unga nisbatan iliqlik va mehr paydo bo‘ladi.

Alloh taolo o‘zining kalomida shunday bayon qiladi: 

“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur”.(Fussilat surasi 34-oyat)

 Yana Alloh taolo yana  shunday bayon qiladi:

Kim avf etib isloh qilsa, uning ajri Alloh zimmasidadir”. (Sho‘ro surasi 40-oyat).

Qur'oni karimning yana bir oyati karimasida Alloh taolo bandalariga quyidagicha xitob qiladi:

“Va agar avf etsangiz, ko‘ngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahimdil zotdir”. (Tag‘obun surasi 14-oyat).   

Shu o‘rinda aytish joizki, Prezidentimiz Ramazon bayrami arafasida jazo o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 258 nafar fuqaroni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 7 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafari ayol, 7 nafari chet davlat fuqarolari, 164 nafari taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilaridir.

Xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida e'lon qilingan farmonda Samarqand viloyatimizda ham jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 12 nafar fuqaro afv etildi.

Ayni paytda farmon ijrosi ta'minlanib, afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi. Endilikda ularni ijtimoiy muhitga moslashtirish, jumladan, bandligini ta'minlash maqsadida har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

O‘z navbatida, avf etilgan kimsalar ham kechirimni suistemol qilmasligi va shunga munosib javob berishi shariatimiz talabidir. Zero, avf va kechirimlilik jinoyat qilgan insonni isloh etish, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlash va uning qadr qimmatini tiklash uchun xizmat qilishi maqsad qilib olingan.


O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 23/05/2020 10:38;   Ko‘rilganligi: 28
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/ramazon-hayiti-munosabati-afv-etilganlarning-12-nafari-samarqanddan
Chop etilgan vaqti: 06/06/2020 03:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing