O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Qur'on tilovati, zikr-salavot, sadaqot ofatlarning daf bo‘lishi omillaridandir

 
 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi butun dunyoga jiddiy tashvish olib kelayotgan koronavirus kabi yuqumli xastalikni tez orada insoniyat boshidan aritish borasida Qur'oni Karim va hadisi shariflarga muvofiq maxsus amallarni ado etish vazifasini diniy soha xodimlariga tavsiya qildi. Unda, jumladan, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklari tomonidan bir bosh qoramol va har bir tuman-shaharlarda bir bosh qo‘y so‘yilib, go‘shtlar va hadyalar ila kam ta'minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, duosi mustajob insonlar va mehribonlik uylariga xayriya qilinishi belgilangan edi.

Bundan tashqari, masjidlar imom-xatiblari, imom noiblari o‘z xonadonlarida ikki rakaat «Najot so‘rash» namozini o‘qib bo‘lgach, «Solatan tunajjino», «Solatan noriya» duolarini 300 martadan o‘qish, diniy ta'lim muassasalari ustoz va talabalari o‘z uylarida 70ta xatmi Qur'on o‘qish va Toshkent islom instituti ustozlari tarafidan Imom Buxoriyning «al-Jome as-Sahih» asarini xatmi Buxoriy qilish belgilangan. Bu amallar 20 mart juma kuni soat 12:00gacha yakunlanishi ta'kidlangan. 

Shunga binoan bugun, 20 mart, juma kuni viloyatimizning yetuk din ulamolari Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov boshchiligida erta tong bilan Oqdaryo tumanida joylashgan “Maxdumi A'zam” ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. Bu joyda dastlab Shayx Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xo‘jagiy Kosoniy hazratlarining va ushbu maqbaradagi azizlarning qabrlari ziyorat qilinib, tilovat va duolar qilindi.

Shundan so‘ng,  Oqdaryo tuman masjidlari tomonidan qurbonlik qilindi. Uning go‘shti va oziq ovqat mahsulotlaridan iborat ehsonlar muhtoj, kam ta'minlangan oilalarga ehson qilindi.

Shuningdek, faxriy ustozlar Imom Buxoriy ziyoratgohiga tashrif buyurib, Imom Buxoriy hazratlarining qabrlari ziyorat qilindi. U kishining haqlariga tilovat va duolar qilindi. Shundan so‘ng Samarqand viloyat vakilligi tomonidan bir bosh qora mol so‘yilib, uning go‘shti va boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat hadyalar kam ta'minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, duosi mustajob insonlarga xayriya qilindi.

Tabarruk ulamolarimiz tomonidan ushbu xayriya tadbirlari, Xatmi Qur'on, Xatmi Buxoriy va salovat va duolar, ehsonlar ijobati, insoniyatga ofiyat berishini, balo va ofatlardan asrashini so‘rab, yakuniy duolar qilindi. Shuningdek, viloyatdagi shahar va tumanlarda ham mana shunday shaklda 7 nafar tabarruk ulamolar, Allohga yaqin, duolari ijobat bo‘ladigan kishilar ishtirokida duolar qilindi.

Tavsiyada belgilangan barcha duo, tilovat va xayriya amallari bugun soat 12:00gacha yakunlandi. 

Jumladan, viloyatdagi barcha 285 ta masjid imom-xatiblari va imom-noiblari tomonidan 123 900 marotabadan “Solatan tunajjino” va “Solatan noriya”, 119714 marotaba “Hasbunallohu va ni'mal vakil” duolari hamda 1254 marotabadan “Fotiha” va  “Ixlos” suralari va 59 ta Xatmi Qur'onlar o‘qildi. Viloyat vakilligi tomonidan 120 kg. vaznlik bir bosh qoramol, viloyatdagi 16 ta shahar va tuman masjidlari hisobidan tuman va shahar bosh imom-xatiblari boshchiligida o‘rtacha vazni 40-45 kg.ni tashkil etadigan jami 27 ta qo‘ylar so‘yildi. Ushbu jonliqlarning go‘shti hamda 150.000.000 so‘mdan ziyod miqdordagi oziq-ovqat (un, shakar, yog‘, non, makaron, sovun v.b) mahsulotlari kam ta'minlangan, yordamga muhtoj 450 ta xonadonga hadya qilindi.

Shu bilan birga barcha mo‘min-musulmonlarga ham oila davrasida zikr, istig‘for va baloni daf bo‘lishi uchun besh mahal namozdan so‘ng duo va tazarruda bo‘lishlari tavsiya qilinmoqda.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborat xizmati


Kiritilgan vaqti: 20/03/2020 17:47;   Ko‘rilganligi: 1065
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/quron-tilovati-zikr-salavot-sadaqot-ofatlarning-daf-bolishi-omillaridandir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing