O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين والصلاة والسلام على أشرف المرسلين

وعلى آله وأصحابه أجمعين وبعد

Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!

Hurmatli samarqandliklar, viloyatimiz mo‘min-musulmonlari!

Barchangizga eng ulug‘ bayram, Iydi Qurbon hayiti muborak bo‘lsin.

Joriy yilgi Qurbon hayitini o‘zgacha shukuh bilan qarshi oldik. Bugun yurtimiz fayzu futuhga to‘lgani, bayram go‘zal tarzda o‘tayotganini barchamiz e’tirof etamiz. Masjidlarimiz Iyd namozi, Qur’oni karim qiroatlari bilan munavvar bo‘ldi. Namozxonlarimiz yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, qo‘llarini duoga ochdilar.

Xalqimiz ushbu bayramni mehr-muruvvat, oqibat bayrami deb biladi. Qavmu qarindoshlar, yoru do‘stlar holidan xabar olishga intiladi. Hozirda imom xatiblarimiz saxovatpeshalar ko‘magida “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida istiqomat qilayotganlar, joylardagi mehr-muruvvatga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlar holidan xabar olmoqdalar. Ularga ko‘plab, moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Zero hadisi sharifda “Amallarning eng afzali mo‘min kishining qalbiga xursandchilik ulashishdir”, deb marhamat qilingan.

Hozirda yetti mingdan ziyod yurtdoshlarimiz, shular orasida to‘rt yuz ellik nafar samarqandliklar Muqaddas Makka shahrida Haj amalini ado etmoqdalar. Allohdan ularning hajlarini mabrur qilishini, ibodatlarni dargohida maqbul aylab, duolarini ijobat qilishini, yurtimizga sog‘-omonlikda kelishlarini so‘raymiz.

Hayit bayrami – dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘zida mujassam etgan kundir. Bu kunda qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yori birodarlarga mehr ulashish, yordamga muhtojlarga muruvvat qo‘llarini cho‘zish lozim. Har bir kishining bu kunda tashvishu-g‘amlarini unitib, shodu xurram bayram nishonlashiga ko‘maklashishimiz darkordir.

Ulug‘vor soatlarda ulug‘ niyatlar qilamiz: Alloh taolo jonajon yurtimizni panohida asrasin, yurtdoshlarimiz turmushini farovon qilsin. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar samara berishiga o‘zi ko‘makchi bo‘lsin. Doimiy tinchlik xotirjamlik, fayzu baraka, dasturxonimizdan to‘kinlik arimasin. Yomon ko‘zlardan, turli balo-qazolardan O‘zi saqlasin.

Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘sin!

Zayniddin domla Eshonqulov

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili,

viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 21/08/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1606
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/qurbon-hayiti-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 22:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing