O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Mehrga tashna qalbga bir shirin so‘z ham aziz

 
 

Ma'lumki, dinimiz Islom rahmat dinidir. U mehr-muruvvatga, ezgulikka chorlaydi, rahmdillikni tarannum etadi. Ko‘plab oyati karimalar va hadisi shariflarda Allohning bandalariga nisbatan rahmli, marhamatli bo‘lishga targ‘ib etilgan. Agar ushbu dinning jonli timsoli bo‘lmish payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ning siyratlariga, yurish-turishlariga ibrat nazari bilan qaraydigan bo‘lsak, qilgan ishlari va aytgan so‘zlari ustida tafakkur yuritsak, rahmat bu dinning mohiyati ekanligiga amin bo‘lamiz. Alloh taolo ushbu dinni insoniyatga olib kelgan zot haqida bejiz: “Batahqiq, Biz Seni olamlarga faqat rahmat qilib yuborganmiz!” (Anbiyo: 107) deya marhamat qilmagan.

Dinimiz ko‘rsatmalari, milliy qadriyatlarimiz va hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan e'tibor sabab yurtimizdagi jismoniy imkoniyatlari cheklangan, o‘zgalar yordamiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarga har tomonlama ko‘mak berilib, muruvvat ko‘rsatilmoqda. Ana shunday xayriya tadbiri “3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Urgut tumani bosh imom-xatibi Shodi domla Haqberdiyev boshchiligida tumanda joylashgan "Muruvvat"  nogironlar uchun internat uyida o‘tkazildi. “Muruvvat uyi”da 450 nafar I va II  guruh nogironlari istiqomat qiladi. Tadbir tashkilotchilari ular bilan dildan suhbat qurdilar. Shundan so‘ng umumiy qiymati o‘n olti million so‘mlik 1126 dona qishgi kiyim-kechaklar tarqatildi hamda “Muruvvat uyi” uyida istiqomat qiluvchilarga bayram dasturxoni yozildi.

Ko‘rsatilgan e'tibor va mehrdan bu joyda istiqomat qiluvchilar shodlanishdi. “Muruvvat uyi”da xizmat qilayotgan barcha xodimlar Shodi domla va muruvvatli insonlardan mamnun bo‘lib, o‘z minnatdochiliklarini bildirdilar.

 Yuqorida zikr qilingan oyati karimdagi “Rahmat” so‘zi mehr-shafqat, marhamat, muruvvat ma'nolariga dalolat qiladi. Mazkur“rahmat” hayotning hamma jabhalariyu barcha nohiyalarini qamrab oladi. Rahmat qirralarining eng buyuklaridan biri esa dinimizning zaif-bechoralar, bemoru xastalarga ko‘rsatgan rahmati, mehr-shafqatidir.

Alloh azza va jalla mehr ko‘rsatganlarga O‘zi rahm qilsin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 02/12/2019 14:52;   Ko‘rilganligi: 60
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/mehrga-tashna-qalbga-bir-shirin-soz-ham-aziz
Chop etilgan vaqti: 23/01/2020 19:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing