O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Malayziya televideniyasi orqali yurtimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi

 
 

Xabar berganimizdek, hozirda yurtimizning ziyorat turizmi imkoniyatlarini namoyish qilish maqsadida Malayziyada bo‘lib turgan delegatsiyamiz vakillari qator targ‘ibot ishlarini olib bormoqdalar.

Delegatsiya tarkibida targ‘ibot ishlarida faol qatnashayotgan Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov Malayziya 1-telekanali orqali yurtimiz, uning boy tarixi, allomalari va bugungi kundagi mavjud holatlar xususida intervyu berdi. Ziyorat turizmi imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining “muslim.uz” rasmiy vep portali xabar berishicha 14 dekabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi 3100 sayyohlik agentliklarini o‘z ichiga olgan “MATTA” uyushmasida uchrashuv o‘tkazgan.

Ushbu yurt aholisida O‘zbekistonga sayohat qilish va qadimiy obidalarni ziyorat qilishga qiziqish katta ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, muzokaralarda umra safariga otlanganlarning ma’lum qismini O‘zbekistan orqali borishini tashkil etish yuzasidan fikr almashilgan.

“MATTA” Malayziya turizm va sayohat agentliklari assotsiatsiyasi bo‘lib, 3100 dan ortiq a’zolari bor. Bosh idorasi Kuala-Lumpurda joylashgan bo‘lib, Malayziyaning boshqa mintaqalarida ham bo‘limlariga ega.

Tashkilotning asosiy maqsadi Malayziyadagi sayyohlik tashkilotlarining manfaatlariga xizmat qilishdir.

Muzokaralar yakunida vakillarimiz xorijlik hamkorlarimizga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan taqdim etilgan sovg‘alarni topshirgan edilar.

Ma’lumki, vakillarimizning Malayziya hukumatiga qarashli “Tabung haji” jamg‘armasi vakillari bilan o‘tkazgan tadbirlari samarali o‘tgani ma’lum qilingan edi. Ushbu jamg‘arma Malayziyada haj ziyorati masalalari bilan shug‘ullanadi.

Delegatsiyamiz tashrifi davom etmoqda va saytimiz orqali tashrif tafsilotlarini yoritib boramiz.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 16/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1921
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/malayziya-televideniyasi-orqali-yurtimizning-ziyorat-turizmi-imkoniyatlari-haqida-malumot-berildi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing