O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“...Jannatda o‘zinga bir manzil tayyorlading”

 
 

Alloh taolo insoniyatni behisob ne'matlar bilan silagan. Ular orasida inson uchun eng beboholaridan ikkitasi sihat salomatlik va hotirjamlikdir. Alloh taolo ba'zi bandasiga bemorlik dardini beradi. Mana shunday hollarda mo‘min musulmonlar o‘rtalarida mehr-muruvvat, o‘zaro hamjihatlik ziyoda bo‘lishi uchun bir-biridan xabar olib turmog‘i lozim. Barcha ezgu amallar kabi bemorni ziyorat qilishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday marhamat qilganlar: “Bir odam bemor kishini nafaqat Alloh taolo roziligi uchun ko‘rishga borsa, Alloh taolo u haqda shunday deydi: “Juda yaxshi qilding. Borishing ham chiroyli bo‘ldi. Jannatda o‘zinga bir manzil tayyorlading”.

Vaqf xayriya jamg‘armasi Samarqand  viloyat filiali tasarufidagi Samarqand shahar “Murod Avliyo” masjid-ziyoratgoh rahbari tomonidan Samarqand shahar Gulzor, Damariq ko‘chalarida  yashovchi bemorlarning holidan xabar olinishi ham mo‘minning o‘z birodari zimmasidagi haqlaridan birini ado etilishi bo‘lsa, yana bir jihati ulkan ajru savobga doxil bo‘lishdir. Bemorlarni ziyorat qilish asnosida ularning  davolanishi, dori-darmonlar olishi uchun 1 500 000 so‘m homiylarni jalb qilgan holda moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, fond tasarrufidagi “Hazrati Dovud” ziyoratgohi rahbariyati ham homiylarni jalb qilgan holda “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Nurobod tuman Mehnatkash hamda Qizilkarvon mahallalarida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslardan besh nafariga jami 275 000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ehson qildilar.

Filial tasurufidagi ziyoratgohlar tomonidan Samarqand shahridagi “Hamid Olimjon” nomli Samarqand viloyat musiqali drama teatri binosida “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan bo‘lib o‘tgan xayriya tadbiriga 2 000 000 so‘m pul mablag‘lari va oziq-ovqatlar berildi.

Hazrat Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Ibodatdan keyingi eng afzal amallardan biri mo‘minlar qalbiga xursandchilik bag‘ishlash”, deb marhamat qilganlar. Haqiqatan ham, bir insonga yaxshilik qilib, uning ko‘nglini ko‘tarish, ruhiy tasalli berish – dinimizda ajri ulug‘ amal hisoblanadi.

Xalqimizga xos saxovat, mehr-oqibat, hamjihatlikning ko‘rinishi bo‘lgan bu kabi xayrli ishlar yurtimizda barcha insonlarga bo‘lgan e'tiborning dalolatdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Alloh taolo barchamizni bunday xayrli ishlarni qilishda bardavom aylasin.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 04/12/2019 12:19;   Ko‘rilganligi: 1024
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/jannatda-ozinga-bir-manzil-tayyorlading
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 22:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing