O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Islom Karimov xotirasi yodga olindi

 
 

2017 yil 30 yanvar kuni xalq qahramoni, O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida dunyo sahnasiga olib chiqqan buyuk yo‘l boshchi, davlatimizning birinchi Prezidenti, marhum Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tavallud topgan kuni munosabati bilan Samarqandda keng miqyosda xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shaxsan ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, viloyat hokimligi, O‘MI Samarqand viloyati vakilligi, shahar va tuman bosh imom xatiblari, jamoat birlashmalari, ta’lim muassasalari kabi qator tashkilot vakillari qatnashdi.

Dastlab, Islom Karimov qabri ziyorat etilib, Qur’on tilovati qilindi. So‘ng marhum yurtboshimizning ruhini shod etish maqsadida tashkil etilgan ehson dasturxoniga o‘tildi. Unda muftiy Usmonxon Alimov yig‘ilganlarga Islom Karimov haqida, u kishining O‘zbekiston xalqi uchun qilgan buyuk xizmati, jasorati haqida so‘zlab, doimo bu siymoni yod etish, ortidan yaxshi duolar yo‘llash, oxaritini obod etishni Yaratgandan so‘rash har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladi. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan:

خَيْرُ النَّاسِ مَنْ طَالَ عُمْرُهُ وَحَسُنَ عَمَلُهُ

“Insonlarning yaxshisi umri uzun bo‘lib, amali go‘zal bo‘lganidir”, hadisini aytib, marhum yurtboshimiz ham o‘mrlari davomida ko‘plab yaxshi ishlarini qilgani, ortidan O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurtni qoldirib ketgani xususida so‘z yuritdi.

Muftiy hazratlari yana shuni ta’kidladiki, Alloh taoloning bandalari orasida do‘stlari bo‘lishi, ular Allohga juda yaqin insonlar ekani, bunday kishilar jamiyat orasida yashirin bo‘lgani sababli hamma ham ularni payqavermasligini aytib, ana shunday Allohga yaqin bandalardan ba’zilari tushlarida Islom Karimovni Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoni, Bahouddin Naqshband kabi buyuk bobokalonlarimiz bilan birga ko‘rayotganini gapirib berdi. U kishining hayoti davomida qilgan sadaqai joriyalari savobi otrlaridan qiyomatgacha yetib, inshaalloh joylari jannatda ekaniga dalolatlar ko‘pligini ma’lum qildi.

Ehson so‘ngida Qur’on tilovati qilinib, marhum Yurtboshimizning qilgan xizmatlari qabrlariga nur o‘laroq yog‘ilishi, oxiratlari obod bo‘lishini so‘rab, duoi xayrlar qilindi.

30 yanvar kuni Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilib, ehson berildi.

Bu tadbirlarda Islom Karimovning serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan tarixda o‘chmas iz qoldirgani, nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgani e’tirof etildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 31/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1091
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/islom-karimov-xotirasi-yodga-olindi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2019 00:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing