O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurdilar

 
 

18 oktyabr kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ishtirokchilari 19 oktyabr kuni Sharq durdonasi bo‘lgan Samarqandga tashrif buyurdilar.

Mehmonlar dastlab, Respublikamiz Birinchi Prezidanti Islom Karimovning qabrini ziyorat etdilar. Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li, Ozarboyjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri, Bosh vazirning maxsus yordamchisi Said Toriq Fotimiy, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar boshchiligidagi delegatsiyalar yurtboshimiz qabrini ziyorat etib, gulchambar qo‘ydilar. Qur’on tilovat qilindi.

Ziyorat asnosida mehmonlar o‘zbek xalqiga o‘zligini qaytarib bergan, yurtni mustaqillik sari boshlab, qisqa vaqt ichida asrga tatigulik islohotlar, bunyodkorliklar olib borgan marhum Islom Karimov mangu qo‘nim topgan joy uning nomiga o‘ta munosib bo‘lgani, Samarqandda ilk qurilgan masjid – “Xizr” masjidi yonida va ulug‘ sahoba Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu qabrlarining yaqinidan tanlangan o‘rin oqilona tanlov ekanini e’tirof etdilar.

So‘ngra mehmonlar Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi hamda Imom Buxoriy majmuasini ziyorat etib, O‘zbekistonda olib borilayotgan diniy sohadagi e’tiborga yuksak baho berdilar.

Tashrif so‘ngida musulmon olami e’tirof etgan ko‘plab ulamolarga beshik bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda ham ota-bobolari izidan borib, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani, dunyo hamjamiyatida ham munosib o‘rin topib borayotganini ta’kidlab, bu diyor va uning xalqiga porloq kelajak tilab qoldilar.

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 20/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 1595
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/islom-hamkorlik-tashkiloti-tashqi-ishlar-vazirlari-kengashi-ishtirokchilari-samarqandga-tashrif-buyurdilar
Chop etilgan vaqti: 21/09/2019 17:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing