O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

IMOM BUXORIY XALQARO MARKAZIDA DINIY XODIMLAR O‘QUVLARINING II DAVRA IX BOSQICH O‘QUVLARI BOSHLANDI

 
 

2017 yilning 8 yanvar kuni Imom Buxoriy xalqaro markazida diniy xodimlarning II davra IX bosqich o‘quvlarining boshlanishiga bag‘ishlangan suhbat tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ro‘yxat asosida masjid imom-xatiblari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda Markaz direktori t.f.n. Sh.Ziyodov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi mudiri A.Qayumov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi I.Zuhriddinovlar qatnashib, tinglovchilarni yangi o‘quv mashg‘ulotlarining boshlanishi munosabati bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro markazi, uning maqsad va vazifalari haqida tushunchalar berishdi. Markazdagi shart-sharoitlar hamda tinglovchilar tomonidan rioya etilishi lozim bo‘lgan tartib-qoidalar tushuntirildi.

Mazkur suhbatda tinglovchilarga yurtimizdagi diniy sohda erishilgan yutuqlar, mustaqillik yillarida marhuv va muhtaram yurtboshimizning shaxsan tashabbuslari bilan joylarda katta-katta masjidlar, aziz-avliyolarimizning abadiy qo‘nim topgan tabarruk qadamjolari ta’mirlanib, xalqimiz ixtiyoriga topshirilganini ta’kidlandi. Bugungi kunda Respublikamizda deyarli 700 ga yaqin masjidlar dunyodagi eng nufuzli masjidlar qatorida zamon talablariga to‘la mos javob berayotganligi faxr bilan esga olindi. Hozirda, qo‘shni Respublikalardagi diniy ahvol, markazlashmagan diniy boshqaruv va guruhbozlik, mazhab talashishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan imom xatiblar faoliyatini, ularning turmush darajalarini yanada yaxshilash maqsadida, turli xayrli tadbirlar olib borilayotgani aytib o‘tildi.

Suhbat yakunida hozirdagi ayrim fitna-fasod tarqatib yurgan diniy ekstremistik guruhlar fitnasidan doimo ogoh bo‘lishlari va shu bilan birga joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot va tashviqot ishlari, tadbirlarda bu manfur oqimlarning asl basharasini ochib tashlashlarini tinglovchilarga o‘qtirdi. Diniy soha xodimlari ayniqsa, imom xatiblar bugungi kunda yanada shijoatli va oqdan qorani ajrata oladigan bo‘lishlari, beparvolik va loqaydlikdan doimo ogoh bo‘lishlarini eslatib o‘tdi.

Markazning qadrdon tinglovchilari hukumatimiz tomonidan mustaqillik yillarida milliy va diniy qadriyatlarga, e’tiqod erkinligiga berilayotgan yuksak e’tibor va diniy xodimlar malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan ushbu ilm va ma’rifat maskanida iikkinchi bor o‘quvlarda ishtirok etayotganlari uchun avvalo Prezidentimiz va rahbariyatga samimiy minnatdorchilik tuyg‘ularini izhor etdilar va duoi xayrlar qildilar. Tinglovchilar bundan olti yil muqaddam bu dargohda olgan bilim va tajribalari o‘zlarining ish faoliyatlari va jamoat bilan ishlashda ancha qo‘l kelganligini e’tirof etib, dunyoda yagona bo‘lib turgan bu markaz faoliyati va rahbariyat ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat qilishga birdek va’da berishdi.

9 yanvar kuni tasdiqlangan o‘quv jadvaliga muvofiq birinchi mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Davomat 100% ni tashkil qildi. “Imom Buxoriyning hayoti va ijodiy faoliyati”, “Imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi dolzarb vazifalari” mavzuidagi ma’ruzani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov nomidan berilgan vakolatga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansurov olib bordi.

Markazda tinglovchilarning samarali tahsil olishlari, yotoqxonada mazmunli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quv xonalari va yotoqxona elektr manbai, issiq suv va boshqa qulayliklar bilan talab darajasida ta’minlangan.

Markaz oshxonasida tinglovchilar uchun uch mahal issiq ovqat, yotoqxona bufetida yengil tamaddi qilishlari uchun zarur sharoitlar tashkil etilgan.

II davra IX bosqich tinglovchilari dastlabki mashg‘ulotlarni ko‘tarinki kayfiyatda boshlab yuborishdi.

Manba: “www.bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 09/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1762
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/imom-buxoriy-xalqaro-markazida-diniy-xodimlar-oquvlarining-ii-davra-ix-bosqich-oquvlari-boshlandi
Chop etilgan vaqti: 17/09/2019 14:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing