O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Hayit namozinig shartlari.

 
 

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u kishi aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ular (Madina xalqi)ning xursandchilik qiladigan ikki kuni bor edi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, Alloh subhanahu va taolo sizlarga bu ikkisidan yaxshirog‘ini alishtirib berdi: Fitr (Ramazon hayiti) va Azho (Qurbon hayiti) kuniga” deb aytdilar”. Mazhablar hayit namozining vojib yoki sunnat ekanligi borasida ixtilof qilishgan. “Jome'us-sog‘ir” kitobida zikr qilinishiga ko‘ra – sunnatdir. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki bayram (Hayit va juma) bir kunda jamlanadigan bo‘lsa, ulardan birinchisi sunnatdir, deganlar.

Imom Hasan (ibn Ziyod) rohimahulloh Abu Hanifa rohimahullohdan rivoyat qiladilar: “Hayit namozi Juma namozi unga vojib bo‘lgan kishiga vojibdir”.

(Shamsul-aimma Saraxsiy rohimahulloh “Mabsut” (13\71)da zikr qilganlar. Imom Karxiy rohimahulloh bu gapni qo‘llab-quvvatlaganlar).

Hayit namozinig vojibligi va joizligining shartlariga kelsak, Juma namozining vojibligi va joizligining barcha shartlari ikki hayit namozining vojib bo‘lishi va joizligiga shartdir: xutbadan boshqa, Imom, shahar, jamoat va vaqt. Xutba namozdan keyin sunnatdir. Uni tark qilinsa ham namoz durust bo‘ladi.

Juma namozi haqidagi bobda zikr qilinganidek, imom bizning mazhabda shartdir. Shuningdek, shahar ham.  Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Juma, tashriq, fitr va azho faqatgina jome' bo‘lgan shahardagina bo‘ladi”. Bu yerda fitr va azhoning ayni o‘zini (sadaqa va qurbonlikni) nazarda tutmadilar, zero bu narsalar har joyda, har makonda bo‘laveradi. Bu yerda u kishi ikki hayit namozini nazarda tutdilar. Chunki, bu narsa avvalboshda faqatgina shaharlarda bo‘lganligi qo‘lma-qo‘l bo‘lib sobit bo‘lgan. Uni ikki o‘rinda ado qilsa bo‘ladi, Juma bobida bu zikr qilingan. Jamoat ham shartdir: chunki, bu namoz faqatgina jamoat bilan ado qilingan. Vaqt ham shartdir: chunki, bu namoz maxsus vaqtdagina ado qilinadi. Shuningdek, erkaklik, aqlli bo‘lish, balog‘atgan yetgan bo‘lish, ozod bo‘lish, tananing salomat bo‘lishi va muqim bo‘lishlik shart qilinadi. Ushbular vojib bo‘lish shartlaridir, xuddi juma namozi uchun shart bo‘lganidek. Ayollarga, yosh bolalarga, jinnilarga, xo‘jayininig iznisiz qulga, surunkali va yotib qolgan kasallarga va musofirlarga vojib bo‘lmaydi. Bu zikr qilganlarimiz Juma namozi borasida ham ularga taalluqlidir. Bu uzrlar farzni (Juma namozini) soqit qila olayotgan ekan, vojib (hayit) namozini soqit qilishi avloroqdir”

(Olouddin Kosoniy rohimahulloh “Badoye'us-sanoye' fiy tartibish-sharoye'” (3\85)da zikr qilganlar).

Hayit namozing Juma namoziga bo‘lgan munosabati shundaki, u ikkisi ham yorug‘ payti katta jamoat bilan ado qilinadi va qiroatni jahriy qiladi. Xutbadan boshqa, biriga shart qilingani boshqasiga ham shart qilinadi. Taklif borasida ham bir-biriga muvofiqdir. Juma kimga vojib bo‘lsa, hayit ham shunga vojib bo‘ladi. Juma hayitdan farz ekanligi va ko‘proq ado qilinganligi sababidan muqaddam zikr qilindi.

Aytadilar: (Juma kimga vojib bo‘lsa, hayit ham shunga vojib bo‘ladi) hayit namozi musofirga, qulga, kasalga Jumada bo‘lganidek, vojib bo‘lmaydi. Juma bobida bu borada zikr qilinganidek.

(Akmaluddin Bobartiy rohimahullohAl-inoya sharhul-hidoya” (2\419)da zikr qilganlar).

Hayit namozing Juma namoziga bo‘lgan munosabati shundaki, u ikkisi ham katta jomoat bilan ado qilinadi va unda jahriy tilovat qilinadi. Biriga bo‘lgan shart ikkinchisiga ham shart hisoblanadi. Faqatgina xutba bundan mustasno. Juma kimga vojib bo‘lsa, hayit namozi ham unga vojib bo‘ladi. Juma hayitdan farz ekanligi va ko‘proq ado qilinganligi sababidan muqaddam zikr qilindi. Hayit namozi juma kimga vojib bo‘lmasa, unga ham vojib bo‘lmaydi. Bundan mustasno faqatgina xo‘jayinidan izn olgan quldir.

(Abu Bakr al-Yamaniy al-Hananfiy rohimahulloh “Al-javharatun-nayyiro sharhu Muxtasarul-Quduriy” (1\289)da zikr qiladilar. Ibn Obidin rohimahulloh “Roddul muxtor” (6\138)da ushbu kitobdan iqtibos keltiradilar).

Yuqorida aytilgan so‘zlardan xulosa qilib shuni ayta olamizki, juma namoziga ham iyd namozlariga ham jamoat shart qilingan. Bugungi karantin sharoitida jamoat tashkil qilish mutloq man' qilingan ishlardandir. Shunga ko‘ra, ushbu uzrli holat farzni (Juma namozini) soqit qila olayotgan ekan, vojib (hayit) namozini soqit qilishi avloroqdir”

 Xayrulloh domla Sattarov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatib o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 30/07/2020 11:49;   Ko‘rilganligi: 1193
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/hayit-namozinig-shartlari
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 18:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing