O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Haj va Umra muqaddas ziyorat

 
 

Unga talabgorlar, albatta, niyatni xolis qilmog‘i, ezgu ishlarga moyil bo‘lmog‘i shart

Prezidentimizning o‘rinli tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bu ko‘pchilik yurtdoshlarimizning muborak ziyoratni amalga oshirishga bo‘lgan niyatlarini adolatli ta’minlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi rahbari, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin ESHONQULOV bilan suhbatimiz ushbu muqaddas safar amallari, u bilan bog‘liq masalalar xususida bo‘ldi.

– Haj va Umra – musulmonlar uchun eng muqaddas ziyorat, – deya gap boshladi Z.Eshonqulov. – Bunday oliy niyatni amalga oshirishni nazarda tutgan nomzod Haj amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi, ma’naviyati, odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborli, oilasidagi muhit sog‘lomligi, farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi sog‘lom muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarishga layoqatli bo‘lishi talab etiladi.
Nomzod qayerga borayotganini bilishi, bunga har tomonlama tayyor bo‘lishi, ibodat safari ilmini bilishi lozim. Qur’onning ikkita surasini mukammal anglashning o‘zi bo‘lmaydi.
Aslida bu muqaddas safarlar islomda bajarilishi lozim bo‘lgan arkonlarning beshinchisi hisoblanadi. Bular imon shartlarini to‘liq, mukammal bilish, besh mahal namozni o‘qish, Ramazon ro‘zasining mazmun-mohiyatini anglagan holda tutish, mol-davlati hisobida belgilangan miqdordagi zakotni muhtoj insonlarga berib turishi, saxovatpeshalik kabi talablardir.
Ziyoratga otlanganlarning aksariyati ushbu to‘rt arkonni bajarmay turib, oxirgisini ijobat etmoqchi bo‘lishadi. Yoki namozni, biron-bir surani bilmasdan, o‘zining ixtiyori yoki farzandlarining qistovi bilan safarga otlanmoqchi bo‘lishadi.

Yana bir jihat, arizasi qabul qilingani uning ro‘yxatga kiritildi, degani emas. Misol uchun, uchta ariza yig‘ilgan bo‘lsa, bir oy ichida suhbat kuni tayinlanadi hamda murojaat masalasi ko‘riladi.
– Ziyoratga munosiblar qanday tanlanadi va kimlar Haj va Umra tadbirlarida ishtirok etishga haqli?
– Vazirlar Mahkamasining "Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qaroriga ko‘ra, Umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan fuqaro so‘nggi ikki yil mobaynida Umra yoki so‘nggi besh yilda Haj ziyoratini amalga oshirmagan bo‘lishi kerak. Hajga boradigan nomzodlar mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida bosh imom, mahalla imomi, mahalla raisi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar qo‘mitasi va "Nuroniy" jamg‘armasi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhi tomonidan saralanadi.
Nomzodning moddiy ahvoliga hech qanday shubha bo‘lmasligi, ko‘ngli to‘qligi, halol-pokiza mablag‘ evaziga safarga chiqishi muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yili kuzatilgan hodisa bo‘yicha misol, besh nafar farzandi bo‘lgan bir ota Haj ro‘yxatiga yozilgan. U besh o‘g‘liga "Hajga borishimga 5 million so‘mdan to‘laysanlar", – deb shart qo‘yadi. Ammo besh o‘g‘ilning oilaviy sharoiti har xil. Hatto birining sharoiti juda og‘ir. O‘sha o‘g‘il "Boshqa aka-ukalarim qatori shu pulni berishim kerak", – deb kuniga yarab kelayotgan bir-ikkita molini sotib yoki kimdandir qarz ko‘tarib, otasi shartini bajaradi.
Hajga borayotgan odamning safardan qaytib kelgunicha ro‘zg‘ori yetarli darajada ta’minlangan bo‘lishi kerak. Hojilik shartlariga ko‘ra, hamma tomonlama qodir bo‘lgan kishining safari farz, aksinchasi soqit bo‘ladi.

– Nomzodlarni saralash jarayonida duch kelinayotgan muammolarga ham to‘xtalsangiz.
– Hozirda bir bor Hajga borgan fuqaroga qayta ruxsat berilmayotganini xalqimiz to‘g‘ri tushunishi kerak. Chunki yurtimizda Hajga borishni istovchi fuqarolarimiz judayam ko‘p. Haj – inson hayotida bir marta ado etilishi lozim bo‘lgan ibodat. Nomzodlar bilan bo‘ladigan suhbatlarda belgilangan talablarga to‘g‘ri kelmaydiganlar ham uchrayapti.
Misol tariqasida keltirishim mumkin. Yaqinda 30 yoshga kirgan ayol yolg‘iz o‘zi Hajga borish istagini bildirdi. Uning bu harakati birinchidan, qadriyatlarimizga, ikkinchidan, shariat qoidalariga, qolaversa, Saudiya Arabistoni talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Boisi, yosh xotin-qizlar mahramsiz – eri yoki hamrohi (ota-onasi, qarindoshlari)siz Hajga yo‘l olsa, Saudiya Arabistoniga kiritilmaydi. Qadriyatlarimiz misolida aytadigan bo‘lsak, farzandlarini yaxshi tarbiyalab, ta’lim berib, ularni uyli-joyli qilib, ma’lum bir yoshga to‘lganidagina bu safarga chiqish maqsadga muvofiq.
Sharoit yoki vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, hozir yurtimizda Haj talabgorlari orasida yoshi ulug‘lar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ehtirom, hurmat, azaliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yoshlar o‘zidan kattalarga yo‘l berishi kerak. Payg‘ambarimiz "Kimki kattalarimizni ehtirom qilmasa, u bizdan emasdir", – degan hadisni keltirganlar.
– Bundan kelib chiqadiki, bizda yosh xususiyati chegaralangan, shundaymi?

– To‘g‘ri, ba’zi bir davlatlarda yillar davomida yoshi katta insonlarning aksariyati Haj amalini ado etib bo‘lishgan. Shuning uchun ham ularda yoshidan qat’i nazar, fuqarolarni Hajga yuborish talabi ixtiyoriylik sharoitiga qurilgan. Bizning mamlakatimizda esa yoshi ulug‘ insonlarda ziyoratga talab yuqori. Umrning g‘animatligi hisobidan ham yoshlarning keksalarga yo‘l bermoqligi savob. Shuni ham hisobga olish lozimki, juda keksayib, qartayib qolgan erkak va ayollar qiynalib qolishi mumkin. Asosan, ularning tibbiy xulosalariga ahamiyat beramiz, ruhiy tayyorgarligi inobatga olinadi.
– Hozircha Haj va Umra talablariga javob bermayotgan talabgorlarga maslahatingiz.

– Ko‘p yillardan buyon Hajga borish uchun tayyorgarlik ko‘rgan, yetarli miqdorda mablag‘ jamlagan, ayrim jihatlardan safarga loyiq topilmagan fuqarolarimiz Alloh yo‘liga atagan mablag‘ini savobli ishlarga sarflasalar, katta bir ajrni oladilar. Dinimiz tarixiga oid rivoyatda keltirilishicha, bir inson muborak Haj safariga otlanib turadi-da, o‘zidan to‘rt-besh hovli narida oilasini boqolmaydigan, boquvchisini yo‘qotgan bir ayolning holatini eshitib, niyatidan qaytadi. Keyingi yillar borishni niyat qilib, muborak safarga jamlagan mablag‘ini shu ehtiyojmand xonadonga berishga qaror qiladi. Tabiiyki, muhtoj oilaning sharoiti o‘nglanadi va saxovatpesha insonning haqiga duolar qiladi. Bir kuni shu odam tush ko‘radi va tushida o‘zi ko‘mak bergan oila jamlanib turganida u bu oila xonadoni atrofida aylanib yuradi. Unga "Xalilning uyini tavof qilish oson ish. Lekin Jalilning uyini tavof qilish bu mardning ishi", ya’ni bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, ehtiyojmandni xursand qilish Ka’bani tavof qilishdan ham ulug‘roqdir, degan hikmat bildiriladi.

Mahalladoshlariga yordam berish, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshqarish kerakligi nuqtai nazaridan fuqarolarimiz tomonidan ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgan vaziyatlar ham uchrayapti. "Falon mahallaga borib, bir mashina shag‘al to‘kdim, ko‘chani obod qildim, ta’mirladim, kam ta’minlangan oilalarga sovg‘a ulashdim", – deb jamoatchilikka jar solib yurganlar ham bor. Yoki aksincha, kamtarlik qilib, "Buni savob uchun qilganman, bu haqda gapirish yoki maqtanishning hojati yo‘q", qabilida ezgu amallarini ochiq aytmayotgan fuqarolarimiz ham mavjud, albatta.
– Jamiyatdagi ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda mahalladagi yo‘ldan adashganlarni sog‘lom e’tiqodga qaytarishda alohida namuna ko‘rsatgan imom-xatiblarning imtiyozli ravishda Haj safariga borishiga tavsiya berish ko‘zda tutilgan.

– Imomlar guruh rahbarligiga tanlanayotganda ular uchun ma’lum bir imtiyozlar belgilangan. Har 49 kishiga bitta tajribali imom-xatib guruh rahbari sifatida belgilanadi va u ellikboshi sifatida safarga otlanadi. Har yili 7-8 nafar guruh rahbari viloyatdagi 700 nafarga yaqin imomlar, noiblar ichidan tanlab olinadi. Ularning jamoat ishlaridagi faolligi, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagani, o‘zining imomlik vazifasini to‘la ado etgani hisobga olinadi.
– Kvotalar, to‘lovlarda o‘tgan yilgidan farq mavjudmi?
– Hozircha kvotalarda o‘zgarish yo‘q. O‘tgan yilgi kabi viloyatimizdan 450 nafar fuqaroni Haj safariga jalb etish mo‘ljallanmoqda. To‘lovlar hali belgilanmadi. Lekin xarajatlar maromi o‘tgan yilgiga qaraganda ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
– Keyingi yillarda uyushtirilayotgan "Hoji gashtak" marosimlari, ziyoratni tijoratga aylantirayotganlarga munosabatingiz qanday?
– Aslida shariatimizda Haj safariga borib kelgandan keyin "Hoji oshi", "Hoji to‘y" kabi tadbirlarni o‘tkazish shart, degan tushuncha yo‘q. Aksincha, bunday sarf-xarajatlar ehtiyojmand, muhtojlar uchun sarflansa, savobi yanada ko‘proq tegadi. Keyin hojilarning tez-tez yig‘ilib turishlari ziyofatga aylanishi, bunday uchrashuvlarning kim o‘zar tadbirlariga o‘tib ketishi muborak safarni ado etganlar uchun yarashmaydi.

Haj – ibodat, ziyorat safari. Tijorat boshqa joyda ham bo‘laveradi. Bu safarning har bir daqiqasini g‘animat bilib, bor e’tiborni ibodatga bag‘ishlash lozim. Ehromga kirgan odam oxirat libosini kiyadi, oxirat dunyosiga yuzlanadi. Haj safaridan qaytgan odam, inshoalloh, gunohlardan forig‘ bo‘lgan holda oq mato kabi qaytadi. Ushbu oqlikka dog‘ tushsa, bilinib qolgani kabi hojilar o‘zini ushbu maqomga dog‘ tushirishdan ehtiyot saqlashi, el-yurtga namuna bo‘lishi shart.

– Ushbu muqaddas ziyorat safari nasib etgan fuqaro sifatida hukumatimiz tomonidan hojilarga yaratilgan sharoitlarni qanday baholaysiz?
– Haj tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish, ularni o‘tkazish borasida mamlakatimizda ibratli ishlar amalga oshirilayotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mubolag‘asiz aytaman, ziyorat safariga yo‘l olgan yurtdoshlarimiz uchun uydan chiqib to qaytib kelgunigacha yaratilgan sharoit dunyoning boshqa mamlakatlarida mavjud emas. Bu yil yangi tartib joriy qilindi. Fuqarolarimiz Haj safariga ketishdan oldin Imom Buxoriy majmuasiga ziyoratga olib borilyapti. Ularning namozlari o‘sha joyning o‘zida tashkil etilib, safariga oq fotiha berilmoqda.
Saudiya Arabistoniga borgandan keyin ziyoratchilarimiz uchun eng yaxshi mehmonxonalar, transport vositalari ajratilgan. Hatto oshxonalarda yurtdoshlarimizning milliy taomlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun o‘zbek oshpazlari jalb qilingan. Kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlangan tibbiyot punktlari tashkil qilinganki, hojilarimiz bularning shukronasini qilishi, yurtimiz ravnaqi, xalqimizning tinchligi yo‘lida duolarini ayamasligi, ziyoratlarini emin-erkin ado etib kelishlari ham farz, ham qarzdir.

Abdug‘ofur SHERXOLOV
suhbatlashdi.

Manba: zarnews.uz


Kiritilgan vaqti: 28/02/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1464
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/haj-va-umra-muqaddas-ziyorat
Chop etilgan vaqti: 01/10/2020 04:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing