O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

BUYUK FAQIH

 
 

Imom Majduddin al-Ustrushaniy tavalludining 840 yilligiga

O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. Imom Buxoriy, al-Xorazmiy, at-Termiziy, al-Beruniy, Ibn Sino, Marg‘inoniy, Moturidiy, Zamaxshariy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Zangiota, Nasafiy, Qaffol Shoshiy singari ulug‘ siymolarimizni bugun dunyo taniydi, tan oladi. Ularning bebaho asarlari jahonning yirik universitetlari darsliklariga kiritilgan. Ilmiy-ma'naviy merosiga qiziqish yildan-yilga oshib bormoqda. 

 Musulmon olamida ma'lum va mashhur bo‘lgan yana bir buyuk zot bor. U ulug‘ bobokalonimiz Imom Majduddin al-Ustrushaniy! Joriy yilda ilmiy jamoatchilik, qator musulmon mamlakatlari ushbu ajdodimizning 840 yoshini nishonlaydi. Xo‘sh, bu zot kim edi? 

Yaqin yaqingacha alloma nomi ko‘pchilik yurtdoshlarimiz uchun notanish edi. Chunki hayoti va merosi haqidagi ma'lumotlar yetarli bo‘lmagan. Asarlari chuqur o‘rganilmagan. Nihoyat bu xayrli ishga “Qur'oni karim. Ma'nolarining tarjima va tafsiri”dek noyob asarni xalqimizga tuhfa qilgan atoqli sharqshunos va islomshunos olim Shayx Abdulaziz Mansur boshchiligida yosh tadqiqotchi olim, tarix fanlari nomzodi Muslim Atayev qo‘l urdi. U uzoq yillar davomida faqih al-Ustrushaniy yashagan davr manbalarini chuqur o‘rgandi, ularni o‘zaro qiyosiy tahlildan o‘tkazib, tadqiq etdi. Yakunda tarixiy ma'lumotlarni tartibga solib tizimlashtirdi. Shuningdek, XII asr oxiri va XIII asr birinchi yarmi ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, madaniyati, ilmu ma'rifatini o‘rganib, ilmiy xulosalarini e'lon qildi. Shu tariqa “Majduddin al-Ustrushaniyning Movarounnahr fiqh ilmi tarixida tutgan o‘rni” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli yoqlandi.

Ushbu tadqiqot orqali Jizzax vohasi ulamolari ham aqlu zako, ilmu ma'rifat bobida islom dunyosining peshqadam olimlari bilan bo‘ylasha oladigan darajada bo‘lgani aniqlandi. Shulardan eng yetugi sifatida Mavlono Majduddin al-Ustrushaniy, Sohibi fusul taxalluslari bilan dunyoda mashhur alloma Imom Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniy nomi tilga olinadi. 

 XII asr oxiri va XIII asr birinchi yarmida Movarounnahrning Ustrushana vohasida tavallud topib, ustozi Burhoniddin Marg‘inoniyning ma'naviy xazinasidan chuqur bahramand bo‘lgan alloma keyinchalik oilasi bilan Samarqandga ko‘chib o‘tadi va nazariy-ilmiy jihatdan yuksak asarlar yaratib, fiqhshunoslik ilmiga beqiyos hissa qo‘shadi. 

 Tadqiqot jarayonida O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalar orasida Imom Majduddin Ustrushaniyning hamon ilmiy jamoatchik e'tiboridan chetda qolib kelayotgan, hanuzgacha hech bir tabaqot janriga oid asarlarda qayd etilmagan “al-As'ila va-l-ajviba” (“Savollar va javoblar”) asari mavjudligi aniqlandi. Ushbu risola alloma hayoti haqida tamomila yangi ma'lumotlarni taqdim etdi. Ammo olim haqidagi ayrim fikr-mulohazalar ancha oydinlashgan bo‘lsa-da, hali ba'zi chigalliklar o‘z yechimini kutardi. Masalan, mavjud manba va tadqiqotlarda Imom Majduddin al-Ustrushaniy 632/1234-35 yilda vafot etgan, deb qayd etilib, tug‘ilgan yili esa zikr etilmagan edi. Biroq uning tavallud yilini aniqlash vazifasi turardi. 

 Tadqiqotchi “Al-As'ila va-l-ajviba” asari xotimasida olimning o‘zi yozib qoldirgan quyidagi jumlaga qaratdi: “...Lekin kunlar 60 yoshli oqsoq kampir singari o‘z yopinchig‘iga o‘ranib, mendan yuz o‘girib ketdi. ...Kitobni tamomlash tongi hijriy 637 sananing zu-l-qa'da oyining oltinchi kuni peshindan oldinroq yorishdi”. Mazkur yozuvga tayanilsa, olim hijriy 637/1240 yil 28 mayda hali hayot, yoshi esa 60 da, tug‘ilgan sanasi 577/1180 yil atrofida degan xulosa chiqadi.

 Bu dalil birinchidan, boshqa manbalardagi Imom Majduddin al-Ustrushaniy 632/1234-35 yilda vafot qilgani to‘g‘risidagi ma'lumot noto‘g‘riligini, ikkinchidan ulug‘ faqih omonatini 637/1240 yildan so‘ng topshirganini asoslaydi. Oddiy hisob-kitoblar yordamida allomaning tug‘ilgan sanasi 577/1180 yil ekani aniqlandi. Bundan, 2020 yilda “Kitob al-fusul”, “Jomi' ahkom as-sig‘or”, “al-Fatovo”, “al-Qurud va-d-duyun” va “al-As'ila va-l-ajviba” kabi asarlar qoldirgan bobokalonimiz Imom Majduddin Ustrushaniy hazratlari 840 yoshga to‘ladi, degan xulosa chiqadi. 

Mutafakkirning barcha ilmiy-ma'naviy merosi Movarounnahr, xususan, Ustrushana aholisi mo‘g‘ul istilochilari oyoqlari ostida xo‘rlangan, bitmas jarohatlar olib og‘ir musibatlarga uchragan, masjid va madrasalari yoqilgan, ko‘pchilik ulamolar o‘z Vatanini tashlab o‘zga yurtlarga bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘lgan mash'um davrda yozilgani ma'lum bo‘ldi. Masalan, “Kitob al-fusul” o‘z davriga oid eng ko‘p ma'lumotlarni o‘zida mujassam fiqhiy asar bo‘lib, o‘z zamonasining qozilari va muftiylari ishini isloh qilish va ularga ilmiy jihatdan yordam ko‘rsatish, amaliyotdagi ishlarini yengillashtirish maqsadida yuzdan ortiq mashhur mujtahid va faqihlarning asarlaridan tanqidiy foydalangan holda kitobot holiga keltirilgan. Ushbu asarning o‘nta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ulardan to‘rttasi Toshkentda, qolganlari Misr, Turkiya, Rossiya, Hindistonning qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. 

Bolalar huquqlariga doir “Jomi' ahkom as-sig‘or” asari ham jahon sivilizatsiyalar tarixida birinchi va yagona izohli huquqiy qo‘llanma sifatida musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan va bugungacha iste'molda. Zero, musulmon olamida Imom Ustrushaniydan oldin ham, keyin ham bolalar haq-huquqlariga taalluqli fiqhiy asar yozilmadi. Unda hanafiy mazhabi bo‘yicha yosh bolalarga taalluqli fiqhga oid tarqoq holda berilgan yuzga yaqin manbalardan olingan 1280 ta fatvo keltirilgan. Bolalarning haq-huquqlari va himoyasi vaziyatga qarab dastlab ota-onasi, ular bo‘lmasa, yaqin qarindoshi, ular ham bo‘lmasa, tevarak-atrofda yashayotgan muomala layoqatiga ega kishilar zimmasiga ado etish vojib amallar sifatida yuklatilgan. Ushbu haqlarga uning nasabi aniq bo‘lishi, emizilishi, kimningdir homiyligi, so‘ng valiyligi ostida bo‘lishi, nafaqa bilan ta'minlanishi va go‘zal ta'lim-tarbiya olishi kabi shartlar kirgan.

 Islom dini bolalar huquqlarini ular tug‘ilmasidanoq muhofaza qiladi. Bunga ajrashgan yoki eri vafot etgan ayollarga idda saqlash shart qilinganini misol qilib keltirish mumkin. Bundan maqsad, homilador ayol qornidagi bolaning nasabini aniq bilishdir. Eri vafot qilgan ayolning iddasi to‘rt oyyu o‘n kun bo‘lsa, taloq qilingan ayolning iddasi esa uch oydir. Bolaning nasabi aniq bo‘lishi uning eng birinchi haqidir. Shu bilan birga, tug‘ilmagan bolada ham meros olish huquqi bor. Bu islom shariatida tug‘ilmagan bola ham ijtimoiy ta'minlanganiga yana bir yaqqol misol bo‘la oladi. 

“Jome' ahkom as-sig‘or”dagi shar'iy hukm va fatvolar uzoq asrlar sinovidan o‘tgan bo‘lib, u ota-ona va bolalarga o‘z haq-huquqlari va vazifalarini tanitishda ajoyib durdona asar sifatida qadrlidir. Chunki nohaqlik va tajovuzkorlikning o‘z vaqtida oldi olinmasa, bora-bora undan boshqa illatlar urchiydi. Bundan dastlab ota-onalarning o‘zi katta aziyat chekib, bir umr boshi egik holda yashab o‘tishlari hayotimizda ko‘plab uchraydi.

 Islom huquqshunosligi asosida bitilgan ushbu asarda bolalar huquqlari bo‘yicha kelib chiqadigan muammolar odilona hal qilinib, ijtimoiy hayotda bolalarning xavfsizligi va asosiy huquqlari daxlsizligini ta'minlash bilan bog‘liq ko‘plab savollar muhokama qilingan. Unda ushbu sohada huquq-tartibot mahkamalari uchun juda ko‘p aniq dalil va ko‘rsatmalar berilgan. Asar islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini o‘zida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri o‘zining hayotiyligini isbotlab kelayotir. Uni har tomonlama chuqur o‘rganish bizga diyorimizdagi diniy huquq tizimining muhim masalalari haqida qimmatli ma'lumotlar beradi. G‘arb olimlari mazkur asarni “Movarounnahrda yaratilgan bolalar konvensiyasi”, “Bolalar huquqlari bo‘yicha Bil” deb ataganlarining o‘ziyoq bizga g‘urur va faxr bag‘ishlaydi. 

 Qirq fasldan iborat “Al-Fatovo” fiqhiy asarida kundalik hayotda uchraydigan masalalarning hadisi shariflar, mujtahid va mutasavviflarning so‘zlari bilan izohlangan fiqhiy hukmlari sodda va tushunarli uslubda, qisqa jumlalar bilan yoritilgan bo‘lsa, “Al-As'ila va-l-ajviba”, ya'ni “Savollar va javoblar” deb nomlangan asarda XII asrning ikkinchi yarmi va XIII asr boshida Movarounnahrdagi ijtimoiy va iqtisodiy hayot, xalqlarning urf-odatiga oid qimmatli ma'lumotlar, islom olamida shuhrat qozongan yuzdan ortiq faqih va mujtahidlarning yetmishdan ortiq eng mashhur fiqhiy asarlardan saralab olib, naql qilgan fatvolari keltirilgan. 

 “Qurrat al-aynayn fi isloh ad-dorayn”, ya'ni “Ikki dunyo saodati uchun ko‘z quvonchi” deb nomlangan asarning yagona qo‘lyozma nusxasi Misr Milliy kutubxonasida I/340 raqam ostida saqlanadi. Allomaning “al-As'ila va-l-ajviba” kitobida qayd etilgan “al-Qurud va-d-duyun”, ya'ni “Qarz turlari” nomli, pul, moliya, banklarda kredit berish va olish masalalariga doir asarining qo‘lyozma nusxasi hali topilmagan.

 Olimning bobosi Majduddin al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy o‘z zamonasida hurmatli faqihlardan, otasi Mahmud ibn Majduddin al-Ustrushaniy “Jaloluddin” (“Dinning ulug‘i”) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan zotlardan, amakisi Burhonuddin Ahmad ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniydek “Kitob al-fatovo” nomli fiqhiy asar ta'lif etib, ziyo tarqatib kelganini inobatga oladigan bo‘lsak, Imom Ustrushaniyning ilmiy dunyoqarashi shakllanishida ulug‘ faqihlar sulolasi hamda pok oilaviy muhitning ahamiyati benihoya salmoqli bo‘lganini ilg‘ab olish mushkul emas.

 Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan Ustrushana (ma'nosi – Ustiravshan, Ustioydin, Yorug‘makon, Nurmakon) tarkibiga Jizzax vohasi ham kirgani ma'lum. Tarixiy manbalarda Ustrushananing markazi — Bunjiketda Ustrushana afshini (hokimi) qarorgohi, shahar tashqarisida qasrlar, bog‘lar, uzumzor va ekinzorlar joylashgani haqida ma'lumotlar uchraydi. Shahar atrofi xandaqlar bilan o‘ralgan. Zomin, Mirosmanda, Nujket va Kahalboz degan to‘rt darvozasi bo‘lgan Bunjiket Samarqanddan Jizzax tarafga olti farsax (60-65 km) masofada joylashgan. Erkak aholisi 20 ming kishini tashkil etgan. Qadimiy shaharning bugungi kundagi o‘rni Jizzax va G‘allaorol o‘rtasida deb taxmin qilinadi, arxeologlarning mavzu yuzasidan olib borgan tadqiqotlari bu masalaga oydinlik kiritgan bo‘lar edi. 

 Bunkijetni Istaravshan yoki Shahristonning qadimiy nomi deb qarash, Imom Usturushaniyning o‘z qo‘li bilan yozgan asarlariga mos kelmaydi, deydi biz bilan suhbatda Muslim Atayev. Aynan shu olimning “Jizzax allomalari” kitobi aynan bundan qariyb uch ming yil avvalgi tarix kitoblarida ham e'tirof etilgan Usturushana, qo‘yingki, Jizzax vohasida yashab o‘tgan va bugungi kungacha nomlari noma'lum bo‘lgan yuzdan ortiq ilmpesha ulamolar, shoirlar va adiblar hayoti, ularning merosi, ilmiy va badiiy ijodi, qolaversa, mintaqaning shahar va qishloqlari ta'rifiga bag‘ishlangani bilan ajralib turadi. 

 Prezidentimiz Sh. Mirziyoevning ziyolilar, olimlar va vakolatli idoralar rahbarlari oldiga qo‘ygan vazifalar ijrosini ta'minlab, Imom Usturushaniydek buyuk zotning hayoti, ilmiy merosi va alloma yashagan davrni o‘rganish, 840 yilligini munosib nishonlash, uning yurtida ziyoratgoh barpo etib, “Ziyorat turizmi” yo‘l xaritasiga kiritish, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ilmiy anjumanlar o‘tkazish, bobokalonimizning tabarruk nomni abadiylashtirish, shu yerlik ulamolar va ular qoldirgan bebaho asarlarini tadqiq etish, o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr qilish nihoyatda dolzarb va sharafli ishdir. Zero, o‘zligimizni anglash, buyuk tariximizdan g‘ururlanish tuyg‘ularini yuksaltirishda aynan Usturushaniy singari bobolarimizning hayoti va asarlari doimo biz uchun ibratdir. 

Manba:Muhiddin POLVON, adib

 O‘zA


Kiritilgan vaqti: 28/02/2020 17:23;   Ko‘rilganligi: 1382
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/buyuk-faqih
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 23:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing