O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

BMT delegatsiyasi Samarqandda

 
 

Yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi delegatsiya 11 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmonning tashrifi buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining qabri ziyorati bilan boshlandi. Mehmonni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, Imom Buxoriy masjidi imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov kutib oldi. Mehmonga Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning hayoti va majmuaning qisqacha tarixi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Oliy komissar hadis ilmining sultoni Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat etib, u kishiga bo‘lgan yuksak ehtiromini izhor etdi. Bobokalonimizning qabrlari poyida tilovat qilinganidan so‘ng duoga qo‘l ochildi. Majmua tarixi bilan tanishib, dunyo ahli tan olgan buyuk imomga ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e’tibordan mamnun bo‘lgan Zayd Raad al-Husayn bunday dedi:

“Men shunday tabarruk zaminga kelganim hamda Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilganimdan baxtiyorman. Bu tashrif men uchun sharafdir”.

Ziyorat yakunida yuqori martabali mehmon majmuaning tashrif kitobiga o‘zining ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng Samarqand Plaza mehmonxonasining majlislar zalida Samarqandda mavjud 10ta diniy konfessiyalar vakillari va turli milliy-madaniy markazlarning rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shuningdek, Zayd Raad al-Husayn tashrif davomida Amir Temur, Shohi Zinda, Xo‘ja Doniyol maqbaralarini ziyorat etdi. Ayniqsa, Samarqand gavhari – Registon majmuasi mehmonda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Zayd Raad al-Husayn yurtimizda inson huquqlari to‘liq kafolatlangani Samarqandning bugungi qiyofasida yaqqol aks etganining bevosita guvohi bo‘ldi.

Shu o‘rinda AQSHning sobiq davlat kotibi Jon Kerri 2015 yil Samarqandga kelganida: “BMT aslida Amir Temur davrida Samarqandda tashkil etilgan edi”, deb bu azim shaharga nisbatan o‘z munosabatini bildirganini eslab o‘tish o‘rinlidir.

Manba: www.muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 11/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2606
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/bmt-delegatsiyasi-samarqandda
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing