O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Allohga eng sevimli inson, odamlarga ko‘p manfaati tegadigan kishidir

 
 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min misoli maysaga o‘xshaydi. Uni shamol doimo u yoq-bu yoqqa egib turadi. Mo‘minga doimo balo yetib turadi. Kofir misoli Arz daraxtiga o‘xshaydi. Qimirlamay turib, birdan tomiridan qo‘poriladi”, dedilar”. Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.

Darhaqiqat mo‘min bandaga bu dunyoda turli ko‘ngilsiz holatlar, har xil sinovlar duch kelib turishi ham Alloh taoloning unga nisbatan yaxshiligi bo‘lishi mumkin ekan. Ammo Alloh taolo bu dunyodagi yetadigan musibatlar orqali mo‘minga bir necha foydalarni iroda qilgan. Turli balolarning yetishi esa mo‘minlarning gunohlari yuvilishiga sabab bo‘lar ekan. Albatta, o‘sha balo yetganda uni Alloh taoloning hukmi, deya rozilik ila qabul qilib olish va sabr qilish sharti ila. Mo‘min o‘ziga, bolasiga va moliga yetgan musibatlarni sabr ila qarshi olib, Alloh taoloning savobini ko‘proq kasb qilishga urinish ila zohiddik darajasiga yetishadi.

Dinmizda musibat yetgan mo‘minga yordam qo‘lini cho‘zishning ham savobi naqadar ulug‘ ekanligi qayd etilgan. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib: “Allohga sevimli inson kim? va Allohga sevimli amal qaysi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohga eng sevimli inson, odamlarga ko‘p manfaati tegadigan kishi. Allohga eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandchilik baxsh etish, uning tashvishini ketkazish, qarzini to‘lab berish, uni qornini to‘qlash. Men bir do‘stimning ehtiyoji uchun yurishim, Masjidun Nabaviyda e'tikof o‘tirishimdan yaxshiroqdir…”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Narpay tumani To‘ron mahallasida yashovchi Rustamova Zamira opaning farzandi Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketgan edi. Taqdir taqozosi bilan musofir yurtda u avtohalokatga uchrab, hozir shifoxonada ekan. O‘zga yurt, yaqinlar esa yiroqda. To‘rt-besh so‘m pul topaman, deb safarga chiqqan yigit o‘zi bugun mablag‘ga muhtoj bo‘lib turibdi. Bundan xabar topgan mahalla faollari va Narpay tuman bosh imom-xatibi D.Bektamishov Zamira opa xonadonida bo‘lib, undan hol-ahvol so‘radi. O‘g‘lining davolanishi va yurtiga qaytishi uchun u kishiga homiylar ko‘magi bilan 8 000 000 so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatdilar.

Ana shunday savobli amalga o‘z hissasini qo‘shganlarga Alloh taolo ajr va savoblarini ziyoda qilsin!  

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati    


Kiritilgan vaqti: 20/02/2020 11:43;   Ko‘rilganligi: 957
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/allohga-eng-sevimli-inson-odamlarga-kop-manfaati-tegadigan-kishidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing