O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Albatta Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko‘radi

 
 

Muqaddas dinimiz ta'limotlarida poklik iymondan deb xisoblanadi. Islom poklik va poklanish ishlariga o‘ta jiddiy nazar bilan karaydi. Hadisi sharifda: “Albatta Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko‘radi, tozadir tozalikni yaxshi ko‘radi, oliyjanobdir oliyjanoblikni yaxshi ko‘radi, saxiydir saxovatni yaxshi ko‘radi.

Bas, hovlilaringizni toza tutinglar, yahudiylarga o‘xshab qolmanglar”, deyiladi (Termiziy rivoyati).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 avgustdagi farmoyishiga binoan joriy yilning avgust oyi mamlakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 17-18 avgust umumxalq xayriya hashari kunlari, deb e'lon qilindi. Xalqimizning mehnatsevarlik, ahillik, hamjihatlik ramziga aylangan ushbu hasharlar yurtimizning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarda, mahallalarda ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Shu kunlari viloyatimizdagi barcha masjidlar, ziyoratgohlar va ularga tutash qabristonlarda ham ommaviy hashar bo‘lib o‘tdi. Masjid jamoasi, mahalla faollari uyushqoqligida, ichki va tashqi hududlar, ariqlar tozalandi. Daraxtlarni oqlash va ortiqcha shoxlarini kesish ishlari amalga oshirildi. Qabristonlar, qarovsiz qolgan joylar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi.

Hashar kunlari kam ta'minlangan, alohida ehtiyojli oilalar, nuroniylar, boquvchisini yo‘qotganlarga ko‘mak ko‘rsatish, bemorlarning holidan xabar olish, ularning uylarini ta'mirlash, moddiy va ma'naviy yordam berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarildi. Jumladan, Urgut tuman hokimligi, mahalla faollari hamda tumandagi jome masjidlar xodimlari tomonidan  Urgut tuman  Jarqishloq  mahallasidan ikki nafar kam ta'minlangan fuqarolarga  hashar yo‘li bilan uy joy qurib berish ishlari boshlab yuborildi. 17-18 avgust kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida masjid jamoalari va mahalla faollaridan iborat yigirma mingga yaqin odam ishtirok etdi.

 

 

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 19/08/2019 16:28;   Ko‘rilganligi: 1391
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/albatta-alloh-pokdir-poklikni-yaxshi-koradi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 07:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing