O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Abituriyentlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalaning

 
 

Yurtimizda so‘ngi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan e'tibor yanada kuchaytirilib, islom dini ravnaqi yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma'rifiy asarlarini o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Jumladan, oliy ma'lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun barcha qulayliklar yaratib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 2018 yil Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta'lim muassasasi shaklida tashkil etildi.

Ma'lumki, joriy yilning 20 iyunidan qabul.muslim.uz rasmiy sayti orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta'lim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayonlari boshlandi.

Hadis ilmi maktabiga abituriyentlarning hujjatlari onlayn tarzda qabul qilish joriy yilning 20 iyunidan 10 iyuliga qadar (shu kuni ham) davom etmoqda.

Maktabning joriy yildagi qabul imtihonlari o‘tgan yilgi tajriba asosida, karantin tartibidan kelib chiqib, joriy yilning 15 iyuliga qadar o‘tkazilishi rejalashtirimoqda.

Qabul imtihonlari natijalari imtihon jarayonlari o‘tganidan so‘ng tezda e'lon qilinishini inobatga olib, Maktab abituriyentlari imtihon natijalaridan kelib chiqib, kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan taqdirda ham, ular qabul imtihonlariga qatnashish orqali imtihon jarayonlari bo‘yicha tajriba hosil qiladilar. Bundan tashqari 20 iyulga qadar boshqa oliy diniy ta'lim muassasasiga hujjat topshirib, qayta imtihon jarayonlariga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Hadis ilmi maktabi qabul imtihonlarida muvofaqiyatli o‘tgan abituriyentlar yurtimiz va jahonda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib borayotgan Maktabning talabasi degan sharafli nomga erishishligi bilan birga, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining maqbaralari yonida milliy va zamonaviy uslubda barpo etilgan oliy dargohda xorijiy va mahalliy yetuk malakali o‘qituvchilar orqali boshqa oliy diniy ta'lim muassasalarining o‘quv rejasidagi barcha mutaxassislik fanlarini to‘liq o‘zlashtirishlari bilan birga, sihohi sitta (islom olamida e'tirof etilgan oltita ishonchli hadis to‘plamlari) hadis to‘plamlaridagi hadislarni mo‘tabar sharhlari bilan to‘liq o‘rganish baxtiga musharraf bo‘lishadi.

Shuningdek, Hadis ilmi maktabida islom ilmlari rivojida o‘z o‘rniga ega buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlar yetishtirib chiqarish uchun zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, Misr Arab Respublikasidan keltirilgan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlariga ega Axborot-resurs markazi, yopiq suv havzasi va sport zali, shinam talabalar turar joyi va zamonaviy oshxonaga kabi kulay sharoitlarga ega binoda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi ulug‘ allomalarimizga bo‘lgan e'tibor va ehtirom ramzi o‘laroq, ularga munosib avlodlarni yetishtirib chiqarish sari qo‘yilgan muhim tashabbusdir.

Hadis ilmi maktabiga qabul to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotni www.hadith.uz saytidan olishingiz mumkin.

 


Kiritilgan vaqti: 27/06/2020 12:03;   Ko‘rilganligi: 989
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/abiturientlar-uchun-yaratilgan-imkoniyatdan-foydalaning
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing