O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

101 NAFAR SAMARQANDLIK JASORATI HAQIDA FILM YARATILADI

 
 

Prezidentimizning 2018 yil 24 iyulda qabul qilgan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga ko‘ra, 1942 yilda Gollandiyaning Amersfort shahri yaqinida natsistlar tomonidan qatl etilgan samarqandliklar jasorati haqida “101” nomli badiiy film suratga olinishi belgilangandi.

Shu munosabat bilan Samarqand shahrida gollandiyalik tadqiqotchilar hamdakino ustalari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda gollandiyalik tadqiqotchi Remko Reyding bundan yigirma yil avval Amersfort shahri yaqinidagi sovet qabristoni haqida eshitgani, qabristonda 865 nafar sovet askari ko‘milgani, ular orasida 101 askarning shaxsiyati va ismlari yo‘qligi, “Noma’lum sovet jangchisi“, degan bitik tufayli Remko bu voqea yuzasidan arxiv ma’lumotlarini o‘rgana boshlaganini aytdi.

- 18-34 yosh oralig‘ida bo‘lgan bu o‘zbek askarlari 1941 yilning 10 iyulida Smolensk yaqinida asir olingan, - deydi R.Reyding. - 10 iyulda ular Smolensk shahriga kelgan. 10 sentyabrgacha urushda qatnashib, fashistlarga asirga tushib qolgan. 27 sentyabrda Gollandiyaga, Amersfortga keltirilgan. Ular 1942 yilning 9 aprel tongida konslager yaqinidagi o‘rmonga olib chiqib, otib tashlangan... 101 nafar o‘zbek yigitlari o‘zlarining mardligi, jasorati bilan gollandiyaliklar qalbidan joy olganki, hozirgacha Amersfort shahri yaqinidagi o‘rmonda har bahor yuzlab gollandlar to‘planishadi va ular 9 aprel, tong sahar o‘rmonda 101 ta sham yoqishadi. Hozirda bu askarlar qatl etilgan o‘sha joyda maxsus yodgorlik – “Monument Koedriest” o‘rnatilgan.

Tadbir davomida kino yaratishdan avval 101 nafar askarning ayrimlari haqida viloyatimizdagi arxiv idoralaridan ma’lumotlar olish, filmda imkon qadar hayotiy epizodlarni aks ettirish borasida ham kelishib olindi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

Manba: “zarnews.uz”


Kiritilgan vaqti: 03/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 795
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/101-nafar-samarqandlik-jasorati-haqida-film-yaratiladi
Chop etilgan vaqti: 26/09/2020 16:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing