O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xalqaro hamkorlik

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro anjumanda nutq so‘zladi

 
 

Shu yil 24 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Moskva shahrida o‘tkazilgan “Global dunyodagi islom: musulmon merosi va madaniyatlararo muloqot” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etdilar va nutq so‘zladilar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari o‘z ma'ruzalarida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori diniy jabhada ham izchil rivojlanib borayotgani, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani va ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganiga alohida urg‘u berdilar.

Muftiy hazratlari anjuman ishtirokchilari diqqatini hozirgi kunda barcha ulamolarning asosiy sa'y-harakatlari muborak Islom dinining sofligini asrash, millatlararo totuvlikni ta'minlash va tinchlikni qadrlash ekaniga qaratdilar.

Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini barchaga go‘zal shaklda yetkazish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).

Jahonning musulmon ulamolarining hamkorlikdagi bunday sa'y-harakatlari Islom dinining asl qadriyatlari va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish hamda turli xatarlarga qarshi kurashishda juda ham muhim ekanini, - muftiy hazratlari alohida qayd etdilar.

Xalqaro anjumanda Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy, shayx Ravil Gaynutdin, Turkiya diyonat ishlari raisi, professor Ali Erbosh, Misr vaqf ishlari vaziri Muhammad Muxtor, Ummon vaqf ishlari vaziri Abdulla Muhammad as-Salimiy, Suriya muftiysi Ahmad Hassun, Misr muftiysi Shavqiy Allom va Afg‘oniston haj va vaqf ishlari vaziri Abdulhakim Monib kabi yirik davlat va din arboblari nutq qilishdi.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 24/09/2019 16:32;   Ko‘rilganligi: 227
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/international-cooperation/muftiy-usmonxon-alimov-hazratlari-xalqaro-anjumanda-nutq-sozladi
Chop etilgan vaqti: 31/03/2020 06:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing