O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Savob ishni har kun, har kim qilish kerak

 
 

Samarqand shahridagi “Hamid Olimjon” nomli Samarqand viloyat musiqali drama teatri binosida “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda davlat, jamoat tashkilotlari, muassasalar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov va Samarqand shahar masjidlarining imom-xatiblari qatnashdi. Tadbir davomida mamlakatmizda bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar hamda ularga qaratilayotgan e'tibor borasida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida tashkilotlar va homiylar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachasi, kiyim-kechak, uy jihozlari, oziq-ovqat, dori-darmon kabi mahsulotlar xayriya sifatida taqdim etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali hamda jome masjidlar tomonidan ham 2 000 000 so‘m pul, o‘n dona gilam va oziq ovqat mahsulotlari imkoniyati cheklangan shaxslar ulashildi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida marhamat qilib: “Kimki, bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kimdaki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur” – deb aytganlar.

Oramizdagi mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga yaxshilik, xayru ehson qilish, ularni ko‘ngillariga surur kiritish dunyo va oxirat mukofotlariga savor qiladi. Alloh taolo jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibatin ziyoda aylab, xayru saxovatli, mehr-muruvvatli bandalarni Alloh taolo ajru savoblarini ziyoda qilsin! 

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 03/12/2019 15:53;   Ko‘rilganligi: 78
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/events/savob-ishni-har-kun-har-kim-qilish-kerak
Chop etilgan vaqti: 25/01/2020 00:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing