O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

31.01.2020 y. Ilmli yoshlar – yurt kelajagi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Islom – ilm-ma'rifat dini. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda o‘qishga buyurilishning o‘zi ham buning yorqin dalilidir. Alloh taolo ilmni Qiyomat kuniga qadar bandalar uchun ma'rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Buni teran anglagan ulug‘ ajdodlarimiz ilmda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdilar, asrlar mobaynida nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda insoniyatga ustozlik qildilar. Bu borada Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Muhammad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino kabi ulamolar me'rosini yodga olish kifoya. Musulmon ummati bugungi kunga qadar ushbu ilm ummonidan bahra olib kelmoqda.

Johillikdan ma'rifat sari intilish bu dinimiz ko‘rsatmasidir. Qur'oni karimda ham musulmonlar barcha narsaning haqiqatini bilish uchun doimo ilm payida bo‘lishga chaqiriladi:

وَقُل رَّبِّ زِدْنِي عِلْمًا

ya'ni: «...Robbim, ilmimni ziyoda qilgin, degin» (Toha surasi, 114-oyat).

Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni farz qilgan, kishilarni ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

« مَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَبْتَغِي فِيهِ عِلْماً سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَريقاً إِلَى الجَنَّةِ، وَإنَّ المَلاَئِكَةَ لَتَضَعُ أجْنِحَتَهَا لِطَالِبِ العِلْمِ رِضاً بِمَا يَصْنَعُ ، وَإنَّ العَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّماوَاتِ وَمَنْ فِي الأرْضِ حَتَّى الحيتَانُ في المَاءِ ، وَفضْلُ العَالِمِ عَلَى العَابِدِ كَفَضْلِ القَمَرِ عَلَى سَائِرِ الكَوَاكِبِ ، وَإنَّ العُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأنْبِيَاءِ ، وَإنَّ الأنْبِيَاءَ لَمْ يَوَرِّثُوا دِينَاراً وَلا دِرْهَماً وَإنَّمَا وَرَّثُوا العِلْمَ ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بحَظٍّ وَافِرٍ »

(رواه الإِمَامُ أَبُو دَاوُد والإِمَامُ التِّرْمْذِيُّ عَنْ أَبي الدَّرْدَاء رضي الله عنه)

ya'ni: «Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Farishtalar tolibi ilmni qilayotgan ishidan rozi bo‘lgan hollarida qanotlarini yozadilar. Olimga osmondagilar, yerdagilar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytishadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Anbiyolar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar, xolos. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَن خرَج في طَلَبِ العِلمِ، كان في سَبيلِ اللَّهِ حَتَّى يرجِعَ"

(رواهُ الامام الترْمِذيُّ)

ya'ni: «Kim ilm talabida yo‘lga chiqsa, toki qaytib kelgunicha Alloh yo‘lidadir» (Imom Termiziy rivoyati).

Shuning uchun ham ko‘pchilik ulamolarimiz pok niyat va ixlos bilan ilm izlash va ilm yo‘lida harakat qilish dinimizdagi nafl ibodatlardan afzal ekanini ta'kidlaganlar.

Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”.

Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganchalik boshqa hech kimga achinmaganman: Ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga hamda ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga”.

Imom Shofi'iy (rohmatullohi alayhi): “Agar dunyoda aziz bo‘lishni istasang, ilm o‘rgan. Agar oxiratda sharaf topishni istasang, ilm o‘rgan. Agar har ikkisiga erishishni ko‘zlasang, ilm o‘rgan”, deganlar.

Muhtaram jamoat! Joriy yilning 24 yanvar kuni muhtaram yurtboshimizning Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida 2020 yil – “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e'lon qilindi.

Ushbu yangilik har birimiz uchun quvonchli hushxabar bo‘ldi. Zero, imon-e'tiqodi mustahkam bo‘lgan xalq – ilm-ma'rifat va rivojlangan iqtisod bilangina buyuk kelajagini bunyod eta oladi.

Ushbu murojatnomada ta'kidlanishicha, 2020 yildan boshlab O‘zbekiston tarixida ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga byudjetdan 130 milliard so‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.

Shuningdek, 2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital ta'mirlanadi va 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.

Bularning barchasi hukumatimiz tomonidan farzandlarimizning ilm olishlari, ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlariga qaratilayotgan e'tiborning yorqin namunasidir. Umid qilamizki, ushbu tashabbuslar yaqin tariximizda o‘zining samarasini beradi, insha Alloh.

Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo‘lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo‘shilmoqchi bo‘lsak, ilmga bo‘lgan bugungi munosabatimizni Islom ta'limotlari asosida tamoman o‘zlashtirishimiz lozim. Hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

الكَلِمَةُ الْحِكْمَةُ ضَالَّةُ الْمُؤْمِنِ فَحَيْثُ وَجَدَهَا فَهُوَ أَحَقُّ بِهَا

(رواه الامام الترمذي والامام ابن ماجه عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Hikmatli kalima mo‘minning yo‘qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqlidir” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari). 

Ushbu hadisda har qanday foydali ilm, garchi bir kalima bo‘lsa ham mo‘min-musulmon kishi uchun huddi yo‘qotib qo‘yib, izlab yurgan qadrli buyumiga o‘xshatilmoqda. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko‘ra o‘zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak.

Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sayu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

...إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ ... 

 (سورة الرّعد/11)

ya'ni: “...Albatta, biror qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o‘zgartirmas...” (Ra'd surasi, 11-oyat)

Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo‘lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug‘ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko‘plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko‘pi aniq fanlarga to‘g‘ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.

Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba'zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yotish, undan unumli foydalanish lozim. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh:

الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ، كالنَّقشِ فِي الْحَجَرِ

ya'ni: "Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – deganlar.

Buyuk tobeinlardan Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh: “Yosh yigitlik davrimda nimani yodlagan bo‘lsam, go‘yo unga (yodlagan narsamga) varaqqa qaraganday bo‘laman”. Ya'ni yoshlikda o‘rgangan ilmim shunchalik qalbimda o‘rnashdiki, uni biror bir yozilgan qog‘ozdan o‘qigandek aytishim mumkiin”, der ekanlar.

Shuningdek, ba'zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon vositalariga topshirib qo‘yilgan. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so‘ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajratilmaydi. Qadimda ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular ham diniy ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo‘lganlar.

Har qanday yomonlik va razolat ortida ilmsizlik va jaholat yotadi. Shuning uchun ham jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma'naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg‘unchi e'tiqodlar va madaniyatlar ta'siriga tushib qolmasligiga mas'uldirlar.

Farzandlarimizga maktabga borib ta'lim olish ham ibodat ekanini yetkazishimiz kerak. Yoshlarning maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishlariga alohida e'tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas'uliyatidir. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikning oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh asrasin!


Hurmatli azizlar! Maruzamizning fiqhiy masalalar qismida tahoratning farzlaridan bo‘lmish yuzni yuvish mazusiga bog‘liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

Tahoratda yuzni yuvish farz hisoblanadi. Yuzning chegarasi: tepadan pastga boshning soch chiqqan joyidan iyak ostigacha va eniga ikki quloq yumshog‘ining oralig‘idagi joydir. Yuzni uch marta yuvish sunnat.

 Yuvish – suv tomchilaydigan darajada a'zolarga suv yetkazishdir. Shunga ko‘ra, hozirgi kundagi nam salfetkalarni ishlatish bilan yuvish hosil bo‘lmaydi. Chunki bu yerda tomchilash topilmaydi.

Boshning old qismida soch bo‘lmasa, odatda soch chiqadigan joygacha yuviladi, boshning soch to‘kilib ketgan qismiga suv yetkazish shart emas.

Quloqni yonidan tushgan soch bilan quloq o‘rtasidagi ochiq joy yuzdan hisoblanib uni yuvish ham shart bo‘ladi.

 Yuzni yuvishda ikki ko‘zning ichiga suv kirgizilmaydi, ko‘zni qattiq yumib ham olinmaydi va katta ochib ham turilmaydi, balki ko‘z yengil yumib turiladi.

Qosh, kiprik va mo‘ylab ostiga suv yetkazish shart hisoblanadi.

Soqol yuz terisi ko‘rinib turadigan darajada siyrak bo‘lsa, ostiga suv yetkazish shart. Ammo soqol yuz terisi ko‘rinmaydigan darajada qalin va uzun bo‘lsa (ya'ni, ostiga suv yetkazish mashaqqat bo‘ladagan bo‘lsa) ostiga suv yetkazish shart emas, balki ustiga mas'h tortish farz bo‘ladi. Soqoli uzun va qalin bo‘lgan kishi barmoqlarini ho‘llab, xilol qilishi (qo‘l barmoqlarini soqolning ichidan o‘tkazishi) sunnatdir (“Fatovoi hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblaridan).

Alloh taolo O‘zi buyurganidek ibodatlarimizni ado etishga muvaffaq etsin. Xalqimizni xuddi ajdodlari kabi ilm va ma'rifat bilan yuksalishiga va natijada O‘zining rozligiga erishishiga muvaffaq etsin! Omin!

 

"Ilmli yoshlar – yurt kelajagi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 30/01/2020 15:15;   Ko‘rilganligi: 61
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/islam/juma/31012020-y-ilmli-yoshlar-yurt-kelajagi
Chop etilgan vaqti: 31/03/2020 07:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing