O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

28.02.2020 y. Namoz – mo‘minning me'roji

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِيْن، وَأَفْضَلُ الصَّلاَةِ وَأَتَمُّ التَّسْلِيْمِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, namoz mo‘minning me'roji bo‘lib, u bilan kishi o‘z Parvardigoriga munojot qiladi. Namoz dinimiz ustuni hisoblanadi. Namoz ibodatining bir qancha dunyoviy, uxroviy,  jismoniy, ruhiy, ma'naviy va tarbiyaviy fazilatlari, foydalari va hikmatlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba'zilarini keltiramiz:

1. Qabul bo‘lgan namoz o‘z egasini fahsh va munkar ishlardan qaytaradi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ

ya'ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur” (Ankabut surasi 45-oyat).

Oyati karimada zikr qilinganidek Alloh taoloning ibodatida bo‘lgan kishi o‘z-o‘zidan yomon illatlardan, nojo‘ya ishlardan tiyiladi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, namoz – insonga go‘zal tarbiya beruvchi ilohiy amaldir.

2. Namoz o‘z egasining gunoh va xatolari o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

أرَأيْتُمْ لَوْ أنَّ نَهْرَاً بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ مِنْهُ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسَ مَرَّاتٍ، هَلْ يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ؟ قالوا: لا يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ، قَالَ: فَذلِكَ مَثَلُ الصَّلَوَاتِ الخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِنَّ الخَطَايَا

 (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o‘tsa, u o‘sha ariqda bir kunda besh mahal cho‘milsa, unda kir qoladimi?” – deb so‘radilar. Shunda sahobalar: “Yo‘q, hech qanday kiri qolmaydi” – dedilar. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:

"اَلصَّلَوَاتُ الْخَمْسُ، وَالْجُمْعَةُ إِلَى الْجُمْعَةِ، وَرَمَضَانُ إِلَى رَمَضَانَ مُكَفِّرَاتٌ مَا بَيْنَهُنَّ، إِذَا اجْتُنِبَتِ الْكَبَائِرُ"

(رواه الإمامُ مسلمٌ عن أبي هريرة رضى الله عنه).

ya'ni: “Jumadan jumagacha, Ramazondan Ramazongacha besh vaqt namozni o‘qish shu vaqt orasida bo‘lib o‘tgan kichik gunohlarga kafforatdir. Agar kabira (ulkan) gunohlardan saqlanilgan bo‘lsa” (Imom Muslim rivoyatlari).  

Demak, namozlarni risoladagidek o‘qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g‘uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi.

3. Namoz o‘z egasiga dunyo va oxiratda nur bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu borada shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ حَافَظَ عَلَيْهَا كَانَتْ لَهُ نُورًا وَبُرْهَانًا وَنَجَاةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهَا لَمْ يَكُنْ لَهُ نُورٌ وَلاَ بُرْهَانٌ وَلاَ نَجَاةٌ"

(رواه الإمامُ أحمدُ عن عبد اللَّه ابن عمر رضى الله عنهما).

ya'ni: “Kim namozni o‘z vaqtida o‘qisa, qiyomat kuni namoz u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim namozni o‘qimasa, qiyomat kuni u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘lmaydi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

4. Besh vaqt namoz uchun ellik mahal namozning savobi beriladi. Ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Me'rojga chiqqanlarida Alloh taolo biz ummatlarga ellik vaqt namoz o‘qishni farz qildi. Suyukli va mehribon Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namozni bir necha marta qisqartirilishini Alloh taolodan so‘rab, oxiri besh mahalga tushirdilar. Shunda Alloh taolo Rasulullohga shunday dedi:

يا مُحَمَّدُ، إنَّهُنَّ خَمْسُ صَلَواتٍ كُلَّ يَومٍ ولَيْلَةٍ، لِكُلِّ صَلاةٍ عَشْرٌ، فَذلكَ خَمْسُونَ صَلاةً

(رواه الإمامُ أحمدُ والإمام الترميذي عن أنس رضى الله عنه).

ya'ni: “Ey, Muhammad, albatta, har kechayu kunduzda besh mahal namoz bor. Har bir namoz uchun o‘nta namozning savobi beriladi. Shunda go‘yo ellik mahal namoz o‘qilgan bo‘ladi (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyatlari).  

Demak, besh vaqt namoz o‘qisak, Alloh taolo bizga ellik vaqt namoz o‘qiganning ajrini berar ekan.

Ayniqsa, har birimiz imkon qadar namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan ado etishga odatlansak, juda katta ajr va mukofotlarga erishamiz. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

" صَلَاةُ اَلْجَمَاعَةِ أَفْضَلُ مِنْ صَلَاةِ اَلْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً "

 (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

ya'ni: “Jamoat namozi yolg‘iz (o‘qigan)ning namozidan yigirma yetti daraja afzaldir” (Muttafaqun alayh).

Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:

"مَنْ تَطَهّرَ فِي بَيْتِهِ ثُمّ مَشَىَ إِلَى بَيْتٍ مِنْ بُيُوتِ الله، لِيَقْضِيَ فَرِيضَةً مِنْ فَرَائِضِ الله، كَانَتْ خَطْوَتَاهُ إِحْدَاهُمَا تَحُطّ خَطِيئَةً، وَالأُخْرَى تَرْفَعُ دَرَجَةً"

 (رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضى الله عنه).

ya'ni: “Kim uyida tahorat qilib, so‘ng Allohning farzlaridan bir farzni ado qilish maqsadida Allohning uylaridan bir uyga (masjidga) qarab yursa, har bir qadam tashlaganda unga savob yozilishi bilan birga xatolari ham o‘chirilib boradi”  (Imom Muslim rivoyatlari).

"مَنْ صَلَّى العِشَاءَ فِي جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا قَامَ نِصْفَ اللَّيْلِ، وَمَنْ صَلَّى الصُّبْحَ في جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا صَلَّى اللَّيْلَ كُلَّهُ"

 (رواه الإمامُ الترمذي عن عثمانَ بنِ عفانَ رضي الله عنه).

ya'ni: “Kimki xufton namozini jamoat bilan ado etsa, go‘yo tunning yarmini qoim qilibdi. Agar bomdod namozini ham jamoat bilan ado qilsa, tun bo‘yi qoim bo‘lgan kabidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Dinimizda farz namozlaridan tashqari sunnat va nafl ibodatlarga ham alohida urg‘u berilgan. Zero, nafl ibodatlar Haq subhanahu va taoloning huzuridagi martabamizni ko‘tarilishiga hamda farz namozlarimizning kamchiliklarini to‘ldirishda yordamchi bo‘ladi. Xususan, farzlardan avval va keyin o‘qiladigan sunnatlarning fazilatlari juda ko‘pdir. Jumladan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ صَلَّى فِي يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً بُنِيَ لَهُ بَيْتٌ فِي الْجَنَّةِ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْرِ"  

(رواه الامام الترمذي عن أم حبيبة رضي الله عنها).

ya'ni: “Kim bir kecha va kunduzda (farzdan tashqari) o‘n ikki rakat namoz o‘qisa, unga jannatdan uy quriladi. Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak'at. Shomdan keyin ikki rak'at, Xuftondan keyin ikki rak'at. Bomdoddan oldin ikki rak'at” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bu hadisni eshitgan Ummu Habiba  raziyallohu anhu onamiz: “Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman”, – deganlar.

Hanafiy mazhabimizda ushbu rivoyatni, to‘lig‘icha hayotga tatbiq qilingan. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe' sunnatlarni doimiy ravishda o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va'da bor. Bu va'da – jannatda ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan qurib beriladigan alohida uy (qasr)dir. Shuning uchun ham Ummu Habiba onamiz, ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmay ado qilganlar.

Yana bir muhim jihat hanafiy mazhabimizda farzdan keyingi sunnatlarni farzning izidan darhol o‘qiladi. Faqat hadisi sharifga muvofiq ularning o‘rtasi quyidagi kalimalar bilan bo‘linadi. Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam farz namozni tugatganlarida uch marta “Astag‘firulloh”der edilar va:

اللَّهُمَّ أَنْت السَّلَام، ومنك السَّلَام، تَبَارَكت ذَا الْجلَالِ وَالْإِكْرَام

(رواه الامام مسلم)

ya'ni: “Ey, Alloh, sen Salom (salomatlik beruvchi)san, salom (ya'ni, salomatlik) sendandir, sen muborak bo‘lding, ey, jalol va ikrom egasi!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Yuqoridagi ma'lumotlarga binoan, farzlardan keyingi sunnatlarni masjidda o‘qish sunnatga zid emasligi va mazhabimiz qonun-qoidalariga muvofiq kelishini ta'kidlash lozim.

Hurmatli azizlar! Ma'ruzamizning davomida Ahli sunna val jamoaning eng buyuk imomlaridan biri bo‘lmish Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh alayh haqlarida suhbatlashamiz. Sababi, hozirgi kunda bu ulug‘ zotni yaxshi tanimasdan u zotga nisbatan nojo‘ya so‘zlarni aytayotgan sayoz bilimli kishilar ko‘paymoqda.  Bu zotning Islom olamidagi o‘rinlarini bilish uchun u zotni hayotlari va ijodlari bilan yaqindan tanishish kerak bo‘ladi.

Faqih, mutakallim, mufassir, usulul-fiqh olimi, Ahli sunna val jamoaning shayxi Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatulloh alayh taxminan hijriy 248 yillarda Samarqandda tug‘ilib, 333 h.yilda vafot etganlar. Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn qilinganlar. Islom dinining oltin asrlarida yashaganlar (ya'ni, 3-4 hijriy asrlar, Abbosiylar xalifaligi davri, Movarounnahrda Somoniylar hukmronligi yillari). U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, arab tilida ijod qilganlar. Kamoliddin Qozi Bayzoviy Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o‘tganlar. Imom Moturidiy “Hidoyat imomi”, “Hidoyat bayrog‘i”, “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi” kabi bir qancha nomlar bilan mashhur bo‘lganlar. U zot bir qancha kitoblar ta'lif qilganlar, bizgacha asosan uchta kitoblari yetib kelgan: “Kitabut-tavhid”, “Ta'vilotu ahli sunna” (bu ikkisi chop etilgan, o‘rganilgan), “Kitabul maqolot” (qo‘lyozmasi bor). Aksariyat mashhur Hanafiy ulamolar aqida bobida u kishining yo‘lidan yurishgan.

   Imom Abu Mansur Moturidiy – Ahli sunna val jamoa e'tiqodini naqliy va aqliy dalillar bilan sharhlashda Islom olamida nom qozongan zotlardan biri. Turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u zot sahobalar, tobe'inlar va zamondoshlari bo‘lgan taba tobe'inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar. U zot va shogirdlari aqidaviy maktab (yo‘nalish) tashkil qilishdi va u Moturidiya aqidaviy mazhabi deb ataldi. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Shu sababli bu aqida maktabi izdoshlarining ko‘pchiligi hanafiylardir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlar ommasining yarmidan ko‘pi Moturidiya aqidaviy yo‘nalishiga ergashadilar. Qolgan yarmi esa, Imom Abul Hasan al-Ash'ariy aqida mazhabiga ergashadilar va ikki mazhab bir butun bo‘lib, Ahli sunna val jamoani tashkil etadi.  

   Imom Abu Mansur Moturidiyning eng mashhur ustozlari quyidagi ulamolardir:

  1. Abu Nasr Iyoziy. U zot o‘z davrining yetuk olimi bo‘lgan.
  2. Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy.

Usul va furu' ilmlarini o‘zida jamlagan va turli ilmlarda mohir bo‘lgan olim edilar.

  1. Muhammad ibn Muqotil Roziy. Ra'y shahrining qozisi.
  2. Nusayr ibn Yahyo.

   E'tiborli joyi shundaki, Imom Abu Mansur Moturidiy ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog‘lanadilar. Yuqorida sanalgan to‘rtta ustozlaridan Muhammad ibn Muqotil, Imom Muhammadning shogirdi Abu Mutiy' Hakam ibn Abdulloh Balxiydan dars olganlar. Qolgan uchta ustozlari ham Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan Abu Sulaymon ibn Muso ibn Sulaymon Juzjoniydan dars olganlar.

   Bu ustoz-shogirdlar silsilasi bizga Imom Moturidiyning barcha ustozlari Ahli sunna va jamoa ulamolari bo‘lgani va Islom ummati e'tirof qilgan, bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga juda yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi.

Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash'ariy Ahli sunnatning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko‘p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar: 

المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي

ya'ni: “(Ahli sunna so‘zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo‘ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).

Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:

"إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية"

ya'ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa Ash'ariylar va Moturidiylar tushiniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).

    Alloma Toshkubrozoda aytadilar:

ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام - يعني العقائد - رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى... وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين، أبو الحسن الأشعري البصري

ya'ni: “Ma'lum bo‘lsinki, Ahli sunna val jamoaning  kalom ilmi (ya'ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: Birlari hanafiy, boshqalari shofe'iy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy bo‘lib,  u zot “Imomul Huda” – "Hidoyat imomi" degan nom qozongan. Shofe'iylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg‘ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash'ariy Basriydir” (“Miftahus saoda” kitobi).

     Imom Muhammad Zohid Kavsariy aytadilar:

"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى، وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي

ya'ni: “Imom Ash'ariy va Imom Moturidiy mashriqu va mag‘ribda Ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko‘p sonli kitoblari bor. Ular o‘rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.

Xulosa, Imom Moturidiyning ilmiy salohiyati juda yuqori bo‘lib, barcha ulamolar bir ovozdan Ahli sunna val jamoaning imomi deb e'tirof etishgan. U zot dinimizning sof manbalari sahobalar, tobe'inlar va taba tobe'inlarga juda yaqin davrda yashashgan va ularning ilmlaridan barakali foydalanganlar.

Joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu xalqaro konferensiyadan maqsad Buyuk ajdodimiz, Islom olamining faxri Imom Moturidiy rahmatulloh alayhning ilmiy meroslarini yanada chuqur o‘rganish, moturidiylik yo‘nalishining buzg‘unchi oqimlarga qarshi mohiyatini ochib berish hamda O‘zbekistonning “Buyuk allomalar yurti” sifatidagi tarixiy maqomini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Konferensiyada Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib hafizahulloh, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘zga ko‘ringan ulamolar ishtirok etishi kutilmoqda.

Alloh taolo Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarini O‘z rahmatiga olsin! U zotning ilmiy meroslarini o‘rganishni avvalo o‘zimizga va avlodlarimizga nasib etsin! Zirriyotlarimizdan bu zotga o‘xshagan “Imamul huda” – Hidoyat imomlarini chiqishini nasib aylasin!   

 

"Namoz – mo‘minning me'roji" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 27/02/2020 16:19;   Ko‘rilganligi: 241
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/islam/juma/28022020-y-namoz-mominning-meroji
Chop etilgan vaqti: 08/07/2020 18:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing