O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

24.01.2020 y. FIQHIY MAZHABLAR BIRDAMLIK RAMZI

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "إيَّاكُمْ وَالفُرْقَةَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! “Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma'nolarini bildiradi. Ma'lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zot alayhissalomning o‘zlari ko‘rsatar edilar. Sahobai kiromlar esa, U Zot alayhissalomdan sodir bo‘lgan har bir gap va ishlarni katta e'tibor bilan qabul qilib, o‘z hayotlariga tadbiq qilardilar. Ba'zan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir ishga buyursalar sahobai kiromlar uni turlicha tushunib, o‘zaro fikr mulohaza qilar edilar. Bunga misol, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga shunday dedilar:

"لَا يُصَلِّيَنَّ أَحَدٌ الْعَصْرَ إِلاَ فِي بَنِي قُرَيْظَةَ"

(رواه الإمامُ البخاري عن ابن عمرَ رضي الله عنهما)

ya'ni: “Biror kishi asr namozini Banu Qurayzadan boshqa joyda o‘qimasin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Shunda ba'zi sahobalar: “Asr namozini faqat, Banu Qurayzada o‘qiymiz”, – deb asr namozi vaqti kirgan bo‘lsa ham uni o‘qimasdan yo‘lda davom etdilar. Ba'zi sahobalar esa: “Rasululloh bu gaplari bilan bizni tez yurishga undadilar, asrni o‘qib olib, tez yurib ketaversak zarari yo‘q” , – deb yo‘lda asrni o‘qib oldilar. Keyin Rasulullloh sallallohu alayhi vasallamga ikki tomonning ham ishlari bayon qilinganda, ikkisi ham to‘g‘riligini aytdilar.

Demak, Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlaridanoq sahobai kiromlar ba'zi masalalarda o‘zlari ijtihod qilib, fikrlarini bildirganlar  (“ijtihod”  – deb   faqih kishi shar'iy hukmlarni bilishga bor kuchini sarflashiga aytiladi).  

Ikkinchi misol, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal  raziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o‘rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu jo‘nab ketayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam u kishini to‘xtatib shunday deganlar:

"‏ كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ‏"‏‏ قَالَ: "أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ" ‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏ قَالَ: "فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم"‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏‏ قَالَ: "أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو" فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: ‏"‏الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ"

 (رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)

 ya'ni: “U yerda sizga biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu “Allohning kitobi ila”, – deb javob berdilar. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam: “Allohning kitobidan topa olmasangizchi?” – deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, – deb javob berdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangizchi?” – deb so‘radilar. Shunda Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Qarab turmasdan, fikrim ila ijtihod qilaman”, –dedilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bu javoblardan g‘oyat mamnun bo‘ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin shariatga bog‘liq barcha masalalar sahobalardan so‘raldi. Yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar avval musulmon bo‘lgan sahobalardan o‘zlari tushunmagan turli masalalar yechimini so‘rardilar.

Imom ibn Ahmad ash-Sha'roniy (vaf. 973/1565) o‘zlarining “Al-Miyzan ash-sha'roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan: “Aslida sahoba va tobeinlar davrlarida mazhablarning soni o‘n sakkizta bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z vaqtida amalda bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofe'iy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta'limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta'limotini ham qamrab olganidir”.

Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni  turli ziddiyatlar va ixtiloflardan  himoya etishda asos bo‘lgan.

 To‘rt mazhab sohiblari shar'iy hukmlarni chiqarishda o‘zlariga to‘rtta manbani asosiy dalil qilib olganlar:

Birinchisi: Qur'oni Karim. Mazhabboshilar Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsalar, avvalo Qur'onga murojaat qilishgan. Agar Qur'onda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilishgan.

Ikkinchisi: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislari. Agar faqih o‘sha masalaga javobni Qur'ondan topa olmasa, hadisga murojaat qilgan. Agar hadisda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilgan.

Uchinchisi: Ijmo'. Ijmo' bu - bir davrdagi ijtihod ahli bo‘lgan ulamolar bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur'oni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur'onning o‘zida ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham ta'kidlanmagan. Ammo payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng urushlarda Qur'onni yod biladigan qorilar ko‘plab shahid bo‘layotganidan tashvishlangan hazrati Umar raziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Qur'onni jamlashga buyruq berdilar. Bunga hamma rozi bo‘ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Demak, bu ish ijmo' (kelishuv) orqali amalga oshdi.

To‘rtinchi: Qiyos. Qiyos bu – yuqoridagi manbalarda hukmi kelmagan narsani, umumiy o‘xshashlik bo‘lgani uchun manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish. Misol uchun, Qur'onda o‘sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo‘li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham harom deb ataganlar.

Demak, mazhabboshilarning hukm chiqarish yo‘llari yuqoridagi hadisda maqtalgan Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu tutgan uslubda bo‘lgan. Bu zotlar tutgan yo‘lni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida maqtaganlar.

"إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فَلَهُ أجْرانِ، وإذا حَكَمَ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أخْطَأَ فَلَهُ أجْرٌ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري عن عمرٍو بن العاصِ رضي الله عنه)

ya'ni: “Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr beriladi. Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, xato qilsa, unga bitta ajr beriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shuni unutmaslik kerakki, ijtihod qiluvchi kishi bir qancha ilmlarni puxta bilishi talab qilinadi. Jumladan, oyatlarni nosix va mansuxi, mutlaq va muqayyadi, sababi nuzuliga doir barcha ilmlardan xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, hadislarni qaysi biri sahih, hasan, zaifligini va hadisni rivoyat qiluvchi zotlarning tarixini hamda nosix va mansux hadislarni bilishi shart hisoblanadi. Shu bilan birga ijtihod qilguvchi shaxs arab tili qoidalarini, balog‘at, ma'oniy va bayon ilmlari va usulul fiqh kabi ilmlarni bilishi lozim. Chunki mazkur ilmlarni puxta mujassam qilmagan kishi oyat va hadislardagi maqsadlarni mukammal tushunib yetmaydi. Natijada xato hukm chiqaradi. Doktor Muhammad Hasan bunday deganlar: “Kim arab tilini bilmasa, u tuya ignaning teshigidan o‘tganida ham, (ya'ni, hech qachon) mujtahid bo‘la olmaydi”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobeinlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobeinlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, Rasulullohga yoki bir-birlariga ergashganlar”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy so‘zlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:

  "فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ"

ya'ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, katta jamoatni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.

Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh “E'lous-sunan” kitobida shunday deganlar: “To‘rt mazhab imomlari haqiqatan to‘g‘ri yo‘l va hidoyatdadir. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan bo‘lsa, uning ulamolari va kitoblari ko‘p bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o‘zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo‘lmagan kishi) uchun o‘sha mazhabga ergashish vojib bo‘ladi. O‘z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganish imkoni bo‘lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas. Agar bir yurtda barcha mazhablar tarqalib, mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hamda u mazhablarning ulamolari ham yetarli bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun ulardan birini tanlab, o‘sha mazhabga ergashishi joiz bo‘ladi”.

  Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofe'iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kimsalarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.

Yuqoridagi ma'lumotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bizning O‘zbekistonimizda faqatgina Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma'lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay-toyilmay amal qilib kelmoqdalar.

Afsuslar bo‘lsinki, mana shunday butun ummat e'tirof qilib turgan mazhabdan ba'zi yurtdoshlarimiz yuz o‘girib, o‘zlaricha bir nechta hadisni ma'nosini bilib olib: “Men o‘zim Qur'on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”, – deb, katta da'vo va xato qilmoqdalar. Bilmaydilarki, hadis ilmining sultonlari bo‘lgan va minglab hadislarni o‘rganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Xatolarining asosiy sababi ular mazhab o‘zi nima, mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir.

Masalan, imom Molik rahmatullohi alayhni olaylik. U kishi o‘z davrining eng yirik muhaddisi edilar. U zotning “Muvatto” kitoblari “Sihohi sitta”ning biri bo‘lishga nomzod, agar shunday bo‘lsa, Buxoriy va Muslimlarning kitoblaridan keyingi uchinchi kitob bo‘lishi muqarrar. Lekin shunday buyuk muhaddis ham hadis turib, fiqhning nima keragi bor, demay, e'tirof qilingan to‘rt fiqhiy mazhablardan biri bo‘lmish Molikiy mazhabiga asos soldilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal esa hadis ilmining ummoni bo‘lganlar. U kishining hadisdagi “Musnad” kitoblari eng mo‘tabar kitoblardan hisoblanadi. Imom Ahmad ibn Hanbal: “Men muhaddisman, yetti yuz ellik ming hadisni yaxshilab o‘rganib chiqdim. Ichidan qirq mingini tanlab olib, “Musnad” kitobimni tuzdim. Endi menga fiqhning keragi yo‘q”, deb, qaysarlik qilmadilar. Aksincha, fiqhning ashaddiy tarafdorlaridan bo‘lib, to‘rt fiqhiy mazhabdan biri bo‘lmish  Hanbaliy mazhabiga asos soldilar.

Mashhur to‘rt fiqhiy mazhablardan yana birining sohiblari Imom Shofe'iy ham o‘tkir muhaddis bo‘lganlar.  U kishining hadis ilmida “Musnad” nomli kitoblari bor. Bu zot ham: “Men muhaddisman, “Musnad” kitobini tuzdim. Endi menga fiqhning keragi yo‘q”, demadilar. Aksincha, to‘rt fiqhiy mazhabdan biri bo‘lmish  Shofe'iy mazhabiga asos soldilar.

Mazhabboshimiz Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh muhaddislik bobida eng oliy darajalardan bo‘lmish hofizlik maqomiga yetgan zot edilar. Hofiz yuz ming hadisning matni va isnodini yoddan bilgan shaxsdir (“Al-yavoqit vad durar” kitobidan). Imom Zahabiy ham Imom A'zam Abu Hanifani hofizlar tabaqasida zikr qilganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ham “Musnad” kitobini yozganlar. Boshqa faqihlardan ko‘ra Abu Hanifadan oz hadis rivoyat qilinganligi haqida as-Solihiy quyidagilarni yozadi: “Hifzlari kuchli bo‘lsa-da u kishidan oz rivoyat qilinishi, fiqh bilan ko‘p mashg‘ul bo‘lganlari sabablidir. Zero, Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumo kabi katta sahobalardan ham kichik sahobalarga qaraganda, oz hadislar rivoyat qilingan”.

Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining yarmidan ortig‘i aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar.

(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda hanafiylik mazhabining o‘ziga xosligi, mo‘tadilligi haqida gapirib beradilar...).

Ma'lumki, Ahli sunna val jamoaning e'tirof qilingan to‘rt mazhab imomlari tomonidan: اِذَا صَحّ الْحَدِيثُ فَهُوَ مَذْهَبِى ya'ni: “Agar hadis sahih bo‘lsa, demak, u mening mazhabimdir!” – degan gap naql qilingan. Ushbu gapni pesh qilib, zamonamizdagi ayrim “salafiy”, “zohiriy”, “ahli hadis” sifatida tanilganlar: “Aslida, mazhablarga taqlid qilish  mumkin emas. Hadislarga amal qilish lozim. Shuning uchun, mazhab imomlari o‘z so‘zlarini tark qilib, hadisga amal qilishni buyurganlar. Har bir inson hadislarni o‘qib, ularga amal qilishi kerak, mazhab ahli bitgan fiqhiy manbalarni o‘rganishi, ulardagi fatvolarga amal qilishi mumkin emas....”, deganlar. Mazhabboshilarning bu gaplari mazhab  doirasidagi mujtahidlik martabasiga yetgan kishilar uchun aytilgan. Bunday martaba kamdan-kam odamda topiladi. Shu bilan birga mazhabboshining muayyan hadisga amal qilmaganining sababi – o‘sha hadislarning mansux bo‘lgani yo ma'lum bir narsalarga xoslab aytilgani yoki ularning boshqacha ta'vili borligi va shu kabilarga mazhabboshining dalil-isboti bo‘lganligidir (Imom Navaviyning “Al-Majmu'” kitoblari). Bunga misol tariqasida quyidagi voqeani keltirish mumkin: Imom Shofe'iy rahmatullohi alayhning shogirdlaridan biri Muso ibn Abuljorud rahimahullohning Imom Shofi'iyga: أفطر الحاجم والمحجوم – “Qon oluvchining ham, oldiruvchining ham ro‘zasi ochiladi!” – degan sahih hadis borligini aytgani va unga Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh nima uchun amal qilmaganini so‘raganida Imom Shofi'iy rahmatullohi alayh mazkur hadisning sahih ekanini bilishini aytib, biroq, uning mansux bo‘lganini dalillar bilan ko‘rsatib, ana shu sababli mazkur hadisga amal qilmaganini bayon qilgan (“Raddul muhtor” kitobi).

Demak, “Agar hadis sahih bo‘lsa, demak, u mening mazhabimdir!” degan gapga amal qilish uchun jami dalillarni o‘rganib chiqish, nima uchun muayyan hadisni tark qilingani, unga amal qilinmagani sababini bilib olish lozim bo‘ladi. Mavzu bo‘yicha chuqur tadqiqot va tahlillar olib borilganidan keyin esa mazhab doirasidagi fatvoning to‘g‘ri chiqarilgani ravshan bo‘ladi.

 (Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda bemazhablikning salbiy oqibatlari, uning xatari haqida gapirib beradilar...)

Demak, fiqhiy mazhabga amal qilish hadisni qo‘yib, birovning fikriga yurish, degani emas. Ya'ni, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni qo‘yib, masalan, Abu Hanifaga ergashish degani emas. Aksincha, mazhabga ergashish Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga ko‘r-ko‘rona emas, balki oqilona va Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘zlagan va maqtagan ma'noda ergashishdir.

Shunday ekan, birorta hadisni sanadi bilan to‘liq yod bilmay turib, minglab hadislarni sanadi bilan yod bilgan, ularni hamma jihatdan sinchiklab o‘rganib chiqqan muhaddis va mujtahid faqihlardan o‘zimizni yuqori qo‘ymaylik. Uch-to‘rt hadis ma'nosini chala-chulpa tushunib olib, o‘tgan aziz ulamolarga tosh otmaylik. Buning o‘rniga hadislar va fiqhiy kitoblarni chuqurroq o‘rganishga harakat qilaylik. Ana shunda hamma narsa o‘z o‘rniga tushadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari ming yillardan beri amal qilib kelgan Imomi A'zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ixlos ila ergashishlari o‘ta muhim va zarurdir!


Hurmatli imom domla! Yurtdoshlarimizning diniy savollariga javob berish maqsadida, O‘MI Fatvo bo‘limi tomonidan ibodatga doir shar'iy masalalarga telefon orqali javob berish tizimi (Koll-markaz) yo‘lga qo‘yildi. Koll-markazning ish tartibi dushanba kunidan shanba kunigacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha davom etadi (ibodat vaqtlari istisno qilinadi, dam olish kuni yakshanba).

Ushbu xizmatdan foydalanish uchun 78-150-33-44 telefon raqamiga murojaat qilib, fatvo bo‘yicha malakali mutaxassislardan javob olinadi.

Shuningdek, telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali savol yo‘llash imkoniyati ham mavjud bo‘lib, buning uchun savollarni Fatvo bo‘limining SavollarMuslimUzBot telegramm boti orqali yo‘llash mumkin.

Qolaversa, Fatvo bo‘limi mutaxassislari tomonidan dolzarb va zamonaviy masalalar yuzasidan dalillarga asoslangan batafsil javoblar  “Din va hayotga oid savollar” telegramm kanali orqali e'lon qilib borilmoqda.

Muhtaram imom-domla! Xalqimiz Islom ma'rifatidan yanada ko‘proq bahramand bo‘lishlari uchun yuqoridagi xizmat turlarini jamoatga e'lon qilishingizni so‘raymiz. Zero, mo‘min-musulmonlar ishonchli manbalardan dinni o‘rgansalar, savollariga javob olsalar ayni muddao bo‘lardi.

Hadisi sharifda: “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni bajaruvchi kabidir”, deb marhamat qilinadi. Bu xayrli ishda bizga yordamchi bo‘lganingizdan minnatdormiz!

 

"FIQHIY MAZHABLAR BIRDAMLIK RAMZI" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 23/01/2020 15:02;   Ko‘rilganligi: 2139
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/24012020-y-fiqhiy-mazhablar-birdamlik-ramzi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 09:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing