O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

21.06.2019 y. Jaholatga qarshi ma'rifat – dinimiz shiori

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي فَرَضَ عَلىَ عِبَادِهِ حَجَّ بَيْتِهِ الْحَرَامِ ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا سَيِّدِ الأَنَامِ ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ أَمَا بَعْــدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, jaholat va johillikning davosi – bir qancha bo‘lib, ulardan eng asosiysi  kitob o‘qishdir. Darhaqiqat, kitob o‘qish qalb chigalliklarini yozadi, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman vasvasalarni kishi ongidan quvib chiqaradi. Kitob hayotning qorong‘u yo‘llarini yoritib boruvchi chiroqdir! Ko‘p kitob o‘qiydigan inson hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q! Shuningdek, jaholatdan ko‘ra zararliroq narsa ham yo‘q!

Mashhur sahoba hazrati Ali karramallohu vajhahu shunday deganlar:

أَقَلُّ اَلنَّاسِ قِيمَةً أَقَلُّهُمْ عِلْماً

ya'ni: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”.

Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali Parvardigorlarini taniydilar. Dunyo va oxiratlarini ilm bilan obod qiladilar.

Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborak rahmatullohi alayhdan: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘lib yana so‘radik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan o‘tirib nima qilaman? Sizlar bekorchilikdan odamlarni g‘iybatini qilib o‘tirasizlar”, – deb  javob berdilar”.

Hasan ibn Sahl rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ma'mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb ko‘p nasihat qilar edi:

اِسْتَعِنْ عَلَى وَحْشَةِ الْغُرْبَةِ بِقِرَاءَةِ الْكُتُبِ، فَإِنَّهَا أَلْسُنٌ نَاطِقَةٌ وَعُيُوْنٌ رَامِقَةٌ

ya'ni: “Yolg‘izlik g‘urbatini kitob o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”.

Hasan Al-Lu'luiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Qirq yildirki, turganimda ham, uxlaganimda ham ko‘ksimdan kitob tushgan emas”.

Buyuk ajdodimiz Amir Temur ham: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”,  deganlar.

Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida yengini keng qilib tiktirar ekanlar. Chunki unga kitob solar ekanlar. U kishi ko‘p kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta o‘zlari bilan birga  kitoblarini olib yurar, bo‘sh vaqt topildi deguncha yenglaridan kitoblarini olib o‘qir ekanlar.

O‘tgan mashhur ulamolardan Abul Faraj Ibn Javziy kitob mutolaasiga bo‘lgan muhabbati haqida shunday deydi: “Men o‘z holim haqida aytadigan bo‘lsam, kitob mutolaasidan hech to‘ymaganman. Agar o‘zim o‘qib ko‘rmagan biror kitobni ko‘rib qolsam, go‘yo xazinaning ichiga tushgandek bo‘lib qolardim. Agar men: “yigirma ming mujallad kitob o‘qib chiqqanman” desam ham, mubolag‘a qilgan bo‘lmayman, lekin kitob o‘qishda davom etyapman”.

Ulamolardan birlari: “Agar biz kitob o‘qishdan topayotgan lazzatni mulkdorlar bilsalar edi, uni bizdan tortib olishardi”, – der edi.

Donolarimiz: “Kitoblarni yoqib yuborish og‘ir jinoyat, biroq dunyoda undan-da og‘irroq jinoyat bor, u – kitob o‘qimaslik”,  deganlar.

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, dinimiz  ilm va ma'rifat dini. Ilm talab qilishni fazilati haqida ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Jumladan:

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"طَلَبُ العِلْمِ فَرِيْضَةٌ عَلَىْ كُلِّ مُسْلِمٍ"

(رواه الإِمَامُ ابن ماجه عن أنس بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ilm izlash  har bir musulmonga farzdir” (Imom Ibn Moja rivoyati). Bu hadisi sharifni puxta o‘rgangan ulamolarimiz undan quyidagilarni chiqarganlar:

Ilm ikki qismga bo‘linadi: Farzi a'yn va farzi kifoya.

Farzi ayn. Har bir balog‘at yoshiga yetib, aqli raso bo‘lgan inson qaysi soha yoki kasb sohibi bo‘lsa ham, o‘z sohasining ilmini puxta o‘rganishi farzi ayndir. Shuningdek, har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo‘lgan ibodatlarni shariatga muvofiq darajada bajarishi uchun zarur bo‘ladigan ilmlarni o‘rganishi ham farzi ayn bo‘ladi. Masalan, namoz ibodati ichida farz, vojib, sunnat, mustahab, harom va makruh amallari bor. Mana shu amallarni bir-biridan ajrata oladigan kishi namozni to‘g‘ri ado qiladi. Aks holda namoz o‘qish asnosida kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkin.

Shuningdek, masalan, kishi savdogar bo‘lsa, unga qachon oldi-sottisi shariatga muvofiq bo‘ladi va qachon muvofiq bo‘lmaydi kabi savdo-sotiqqa tegishli ilmlarni bilishi farz bo‘ladi. Agar kishi zimmasidagi farzi ayn bo‘lgan ilmlarni o‘rganmasa bajarayotgan ishi yoki ado etayotgan ibodati to‘g‘ri bo‘lmay, xatoga yo‘l qo‘yadi. Natijada gunohkor bo‘ladi.

Farzi kifoya. Musulmonlar jamiyatining ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ilm  farzi kifoyadir. Musulmonlarning bir qismi uni o‘rganishi bilan boshqalarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Agar hech kim o‘rganmasa, hamma birdek gunohkor bo‘ladi.

Ulamolarning fikrlaricha, jamiyatda qaysi sohaga ehtiyoj sezilsa, o‘sha sohaga bo‘lgan ehtiyojni qondiradigan darajada ilmlarni o‘rganish farzi kifoya hisoblanadi. Agar jamiyatda bir sohada yoki biror fan bo‘yicha mutaxassis olim yetishmasa va bunga harakat qilinmasa, shu jamiyat odamlarining barchasi gunohkor bo‘ladilar. Sababi   har bir sohada mutaxassislar bo‘lishi shart.

Kishi jaholatdan qutilish maqsadida ilm talab qilishi uchun albatta yosh bo‘lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo‘lishidan qat'iy nazar, ilmli bo‘lishga harakat qilish kerak. Chunki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ"

(رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عن ابن عباس رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtida yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Ilmsizlik va jaholat  jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun  katta ofatdir. Islom dini ilm-marifatga targ‘ib etib, olamni nurga to‘ldirishidan oldingi davrni bejizga johiliyat davri deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon to‘kishlar, boy-badavlat kishilar tomonidan faqiru muhtojlarning mudom ezilishi, sudxo‘rlik, zinokorlik, haromxo‘rlikning avjiga chiqishi, budparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi ayni johiliyat davrining eng ko‘zga ko‘ringan jihatlari edi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ana shunday hayot kechirayotgan kishilarni ilmu ma'rifat bilan  bir ota-onadan tug‘ilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishlariga sabab bo‘ldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga o‘rnak va ustoz bo‘ladigan avlodlar yetishib chiqdi. Xususan, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam bo‘lgan ulug‘ allomalar hozirgi zamon avlodlari bo‘lmish – bizlarning faxru iftixorimiz sanaladilar.

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunimizda ham ilm-marifatni qo‘yib, jaholat yo‘lini tutgan kimsalar ham yo‘q emas. Ma'rifat dini bo‘lmish Islom dinidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yo‘ldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas. Minglab yoshlar turli oqimlarning ta'siriga tushib, ana shunday jaholat qurboniga aylangani ham barchaga ma'lum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob o‘qishga targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan bo‘lib qolmoqda. 

Ayni paytda farzandlarimiz ta'tilda. Farzandlarni tarbiyasiga birinchi navbatda mas'ul shaxs esa – ota hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimizni ham kitob o‘qishga o‘rgataylik. Ularni bo‘sh vaqtlarini kitob o‘qish, ilm-ma'rifat hosil qilish va kasb-hunar o‘rganish kabi foydali ishlar bilan mashg‘ul qilish  biz, ota-onalar, zimmamizda ekanini zinhor unutmaylik!

Alloh taolo yurtimizning tinchligi va farovonligini, xalqimizning ilm va ma'rifatini bundanda ziyoda aylasin! Barchamizni o‘qimishli va kitobsevar insonlardan bo‘lishimizni nasib etsin! Omin!

ILOVA: Giyohvandlikdan saqlanaylik

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda dunyoda bir qancha global muammolar yuzaga chiqdi. Shulardan biri  giyohvandlikdir. Hozirda butun dunyo hamjamiyati tomonidan 26 iyun  “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” deb belgilangani ham bejiz emas. Zero, giyohvandlik insoniyat umri zavolidir. Uni iste'mol qilish insonning diniga, aqliga, xulqiga, tabiatiga zarar bo‘ladi. Tananing faoliyati susayib, qaramlik holati yuzaga keladi. Giyohvandlik inson fikrini o‘tmaslashtiradi, xotirani susaytiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu-hayoni ketkizadi, mehr-muhabbatni yo‘qotadi. Giyohvandlikka ruju qo‘ygan odam bora-bora oilasidan ham ajraladi. Chunki uni ko‘ziga na oilasi, na ota-onasi, na farzandlari ko‘rinadi. Molini ham, uyini ham va oxirida g‘ururini ham sotadi. Giyohvand kishilar  o‘zini oridan, sha'n-hurmatidan, kasb-hunaridan ayriladi. Oilasi buziladi, farzandlari tirik yetimdek bo‘lib qoladi.

To‘rt mazhab ulamolari o‘zlarining fatvolarida giyohvandlikning harom ekani,  uni halol sanaydigan kishi kofir bo‘lib qolishini qayta-qayta ta'kidlaydilar. Shuningdek, giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishning barcha turlari – ichish, hidlash, surtish va igna orqali qabul qilish kabilar mutlaqo haromdir. Giyohvand moddalarni iste'mol  qilish,  ishlab chikarish, ularning tijorati bilan shug‘ullanish va u orqali qilingan kasb ham haromdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O‘zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri  sifatida toza, pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:

... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...

(سورة الآعراف/157)

ya'ni: “... U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A'rof surasi, 157- oyat).

Shuning uchun inson sog‘lig‘ini ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan saqlanishi lozimdir. Hadisi sharifda shunday deyiladi:

" كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ خَمْرٍ حَرَامٌ" 

رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُد وَالْإِمَامُ أَحْمَدُ

ya'ni: “Har bir mast qiluvchi narsa  xamrdir va har qanday xamr haromdir”  (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).

Giyohvandlik kishini sekin-sekin, gohida esa tezda o‘limga olib boradi. Bu narsalarni iste'mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa  gunohi kabiradir! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:

 لَعْنُ المُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنْيَا عُذِّبَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

(رواه الإمام الدارامي عن ثابتِ بن الضَحَّاكِ رضي الله عنه)

ya'ni: “Mo‘minni la'natlash uni o‘ldirishga o‘xshaydi. Dunyoda kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi”  (Imom Doramiy rivoyati).

Qur'oni karim va Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sunnatlari besh narsani muhofazasini maqsad qilgan bo‘lib, ular din, nafs (jon), mol, aql va nasldir. Shariat olimlari uni “Besh zarurat” deb nomlaganlar. Giyohvand moddalari shariat ko‘zda tutgan besh zaruratga bir vaqtni o‘zida birdek zarar keltiradi. U odamni dindan chiqaradi, nafsiga (joniga) zavol bo‘ladi, molini behudaga sovuradi, aqlini zaiflashtiradi va naslini yo‘q qiladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

"لاَ ضَرَرَ وَلاَ ضِرَارَ"

(رواه الإمام إبن ماجه عن أبي سعيدِ الخُدْرِي رضي الله عنه)

ya'ni: “O‘ziga ham, boshqalarga ham zarar yetkazish – yo‘qdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Muhtaram azizlar! Shubhasiz, ushbu jamoatda giyohvandlik kabi ofatga mubtalo bo‘lgan shaxs yo‘q. Odatda masjidga qatnab, ibodatlarini o‘z vaqtida ado etadigan insonlardan bunday shaxslar chiqmaydi. Lekin oramizdan hech kim “mahallamizda, tumanimizda giyohvanlikka mubtalo bo‘lgan shaxs yo‘q”, – deb aytolmaydi. Jamiyatdagi munkar ishni tuzatishga har bir musulmon inson – mas'uldir. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

"مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِه

 وَذَالِكَ أَضْعَفُ الْإيْمَانِ"

(رواه الإمام مسلم عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya'ni: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin. Ana o‘sha imonning eng zaifidir” (Imom Muslim rivoyati)

Demak, ushbu hadisi sharifga binoan, giyohvandlikka qarshi kurash –hammamizning burchimizdir. O‘zini, oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir mo‘min-musulmon giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lishi zarur. Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma'naviy barkamollik sari yo‘naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Omin!

 

"Jaholatga qarshi ma'rifat – dinimiz shiori" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 17/06/2019 15:48;   Ko‘rilganligi: 1973
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/21062019-y-jaholatga-qarshi-marifat-dinimiz-shiori
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 10:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing