O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

13.12.2019 y. O‘z joniga qasd qilish – ijtimoiy illat

 
 

 بســـــم الله الرحمن الرحيم  

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ وَكرَّمَهُ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي سنَّ الدِّينَ وَعَظَّمَهُ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Alloh taolo odam bolasiga juda ko‘p ne'matlar bergan, ularni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik ne'matidir. Chunki bu ne'mat inson qolgan ne'matlarni qabul qilib olishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun tiriklikning qadriga yetish, uni asrab avaylash va, albatta, hayot ne'matining shukrini ado etish har bir kishining zimmasida vojibdir.

Ma'lumki, inson hayoti doim bir xil ne'matlar ichida kechmaydi – gohida yengil, gohida og‘ir, ba'zida xursandchilik, ba'zida musibat. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

﴿لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي كَبَدٍ

ya'ni: “Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat).

Mashhur bobomiz Alisher Navoiy o‘z hikmatlarida: “Sakson yil yashash uchun sakson yillik sabr kerak”, – deganlar. Demak, inson balo va musibatlarga qarshi sabrni qalqon qilib olishi kerak. Chunki dinimizning ta'limoti bo‘yicha dunyoda yuz beradigan barcha ishlar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo‘ladi. Mo‘min-musulmon kishi hayot qiyinchiliklarini dunyoning sinovi ekani, har bir musibat, hatto tikanning kirishi ham ajrsiz qolmasligini biladi. U qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘ladi va savob umid qiladi. Musibat yetganda biz Allohning bandasi va unga qaytib borishimizni eslashimiz darkor. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

﴿وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

ya'ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-oyat).

Demak, imonli kishilar hayotda hech qachon tushkunlikka tushmasligi kerak, balki yaxshilikdan umidvor bo‘lib, doim harakatda bo‘lishlari lozim. Afsuski, ahyon-ahyonda o‘z joniga qasd qilgan kishilar haqidagi so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Ayniqsa, bu kabi fojealar ayollar ichida ko‘p uchrab turishi achinarli holatdir. Bu gunohni oqlab bo‘lmaydi, lekin ma'lum bir qism ayollar o‘zlariga bo‘lgan zulm-zo‘ravonlik sababli bu ishga qo‘l urayotgani sir emas.

Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas. Masalan, qarz yoki moliyaviy qiyinchilik sababli o‘z joniga qasd qilgan odam qarzidan qutilib qolmaydi. O‘z joniga qasd qilgan kishi gunohkor bo‘lishi bilan birga orqasida ota-onasi va yaqinlarini qattiq qayg‘uda qoldiradi. Aslida esa dinimizning talabi – farzand ularni xizmatlarini qilib, rozi va xursand qilishi kerak edi.

O‘z joniga qasd qilishning oxiratdagi oqibatlari yana ham yomonroqdir. Dinimiz ta'limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi katta gunoh hisoblanadi. Bu haqda Qur'oni karimda Alloh taolo shunday deydi:

﴿"لَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا"﴾ 

ya'ni: “...O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Alloh taolo bandasiga omonat o‘laroq ato qilgan jon-tiriklikni faqat O‘zi xohlagan paytda qaytarib oladi. Jonni bandaning o‘zi olishga harakat qilishi – shoshilish va Alloh taoloning taqdiriga norozilikdir!

Bu gunohning yomonligini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlar hayotidan ham misol keltirdilar:

"كَانَ مِمَّنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزَعَ، فَأَخَذَ سِكِّيْنًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ، فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: "بادَرَني ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَها، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ رضي الله عنه(

ya'ni: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Aslini olganda dinimiz o‘z joniga qasd qilishga olib boradigan yo‘llarni ham berkitgan. Masalan, musulmon kishi o‘ziga o‘lim tilashi mumkin emas. Chunki amallar solih bo‘lib, umrning uzun bo‘lishi biz uchun katta mukofot hisoblanadi.

Bu mavzuda eng katta muammo – ruhiy iztirobning mavjudligi,  qalb xotirjamligi va imonga suyanadigan irodaning yo‘qligi, deb hisoblaymiz. Buning ustiga o‘smirlik davrida yigit-qizlarning qarovsiz qolishi, turli nobop yo‘llarga kirishi, yomonlar bilan do‘st tutinishi, mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarga berilib qolishi ham o‘z joniga qasd qilishning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Afsuski, bekorchilik va ota-onalarning e'tiborsizligi sababli ba'zi yoshlarimiz bu “to‘r”larga tushib qolmoqdalar.

 Yuqoridagi muammolarning yechimi – Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik, qalb xotirjamligi va sabr toqatdir. Alloh taolo Zumar surasida shunday marhamat qiladi:

﴿قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ

ya'ni:(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir(Zumar surasi, 53-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday deyiladi:

﴿الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

ya'ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)(Ra'd surasi, 28-oyat).

Banda Alloh taoloning ne'matlarini tafakkur qilsa, o‘zidanda yomon ahvolda bo‘lgan minglab odamlar borligi va ularning aksariyati shukr qilib yashayotganini tushinib yetsa, tiliga beixtiyor “shukr” keladi, kamchiliklari uchun istig‘for aytadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

انْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ أسْفَلَ مِنْكُمْ وَلاَ تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ فَهُوَ أجْدَرُ أنْ لاَ تَزْدَرُوا نِعْمَةَ الله عَلَيْكُمْ

(رواه الامام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “O‘zingizdan ustun kishilarga emas, o‘zingizdan past odamlarga qarang. Mana shu (ish) Allohning ne'matlarini past sanamasligingiz uchun yaxshiroq bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu hadisga amal qilgan kishi Alloh unga juda ko‘p ne'matlar berganini mulohaza qiladi. Shukrli inson bu dunyo qiyinchiliklarini oson yengadi. Mo‘min kishining ishi ajoyib, u hech qachon yutqazmaydi. Yaxshilik kelsa – shukr qiladi, savob oladi. Boshiga sinov kelsa – sabr qiladi, yana savob oladi. Banda Alloh taoloning zikridan va shukridan g‘ofil qolsa, shayton uning qalbiga vasvasa qila boshlaydi. Qachon Allohning zikrini qilsa, ortga chekinadi. Alloh taolo bizga bu dunyo qiyinchiliklarini qanday yengib o‘tish yo‘lini ko‘rsatdi:

﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ

ya'ni:(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas(Baqara surasi, 45-oyat).

Qiyinchiliklarga duch kelinganda, Qur'oni karimda va hadisi shariflarda kelgan duolarni lozim tutish kerak. Duo haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi:

﴿وَذَا النُّونِ إِذْ ذَهَبَ مُغَاضِبًا فَظَنَّ أَنْ لَنْ نَقْدِرَ عَلَيْهِ فَنَادَى فِي الظُّلُمَاتِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ

ya'ni: “Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim», – deb nido qilgan (paytini eslang!)(Anbiyo surasi, 87-oyat).

Keyingi oyati karimada esa yuqoridagi duoni qabul qilgani aytiladi:

﴿فَاسْتَجَبْنَا لَهُ وَنَجَّيْنَاهُ مِنَ الْغَمِّ وَكَذَلِكَ نُنْجِي الْمُؤْمِنِينَ

ya'ni: “Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz” (Anbiyo surasi, 88-oyat).

Ulamolarimiz mana shu oyatga muvofiq kimning boshiga ish tushsa, «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo surasi, 87-oyat) duosini ko‘p aytsin, deyishadi. Yana istig‘for (“astag‘firulloh” kalimasi)ni ko‘p aytish ham kambag‘allik, befarzandlik va qurg‘oqchilik kabi muammolarni ketkazishiga Qur'oni karimda ko‘plab ishoralar bor.

Albatta, bu masalada diniy tarbiyaning o‘rni muhim. Farzandlarga dinimiz asoslari, ibodatning ma'nosi, gunoh-savob, halol-haromni oiladan o‘rgatib borishimiz kerak. Ularning oldiga yuksak marralar va maqsadlar qo‘yib, o‘sha tomonga yetaklashimiz, kerakli yordamni berishimiz kerak. Yana ularni turli zararli odatlardan saqlasak, bo‘sh vaqtlarini bilim o‘rganish, sport bilan shug‘ullanishga sarflasak, natija yaxshi bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda internet tarmog‘ida yoshlarga o‘zini o‘zi portlatish va o‘ldirish g‘oyalarini singdirishga urinayotgan, ularni xayoliy jannat va'dasi bilan «shahid bo‘lish»ga chaqirayotgan turli guruhlar ko‘payib bormoqda. Vaholanki, Islom dinida o‘zini portlatish yo‘li bilan o‘zining va o‘zgalarning joniga qasd qilish ulkan gunoh hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan keltirilgan hadislarda o‘z joniga qasd qilganlar yoki o‘zgalarni o‘ldirganlar do‘zaxda abadiy azoblanishi aytib o‘tilgan.

Shuningdek, Islom dinida o‘zini o‘zi o‘ldirishga olib keladigan, inson umriga zomin bo‘ladigan ishlarda hech kimga itoat etish lozim emasligi ta'kidlangan. Quyidagi rivoyat shunga dalolat qiladi:

عَنْ عَلِيٍّ رضي الله عنه قَالَ  بَعَثَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم سَرِيَّةً وَاسْتَعْمَلَ عَلَيْهِمْ رَجُلاً مِنَ الْأَنْصَارِ قَالَ فَلَمَّا خَرَجُوا قَالَ وَجَدَ عَلَيْهِمْ فِيْ شَيْءٍ فَقَالَ قَالَ لَهُمْ أَلَيْسَ قَدْ أَمَرَكُمْ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم أَنْ تُطِيْعُونِيْ قَالَ قَالُوا بَلَى قَالَ فَقَالَ اِجْمَعُوا حَطَبًا ثُمَّ دَعَا بِنَارٍ فَأَضْرَمَهَا فِيْهِ ثُمَّ قَالَ عَزَمْتُ عَلَيْكُمْ لَتَدْخُلَنَّهَا قَالَ فَهَمَّ الْقَوْمُ أَنْ يَدْخُلُوهَا قَالَ فَقَالَ لَهُمْ شَابٌّ مِنْهُمْ إِنَّمَا فَرَرْتُمْ إِلَى رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم مِنَ النَّارِ فَلاَ تَعْجَلُوا حَتَّى تَلْقَوْا الْنَبِيَّ صلى الله عليه وسلم فَإِنْ أَمَرَكُمْ أَنْ تَدْخُلُوهَا فَادْخُلُوا قَالَ فَرَجَعُوا إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرُوهُ فَقَالَ لَهُمْ: "لَوْ دَخَلْتُمُوهَا مَا خَرَجْتُمْ مِنْهَا أَبَدًا إِنَّمَا الطَّاعَةُ فِيْ الْمَعْرُوفِ" (رواه الإمام احمد).

ya'ni: Ali raziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir joyga qo‘shin yuborib, ularga ansorlardan birini rahbar etib tayinladilar. Yo‘lga chiqishgach, rahbar ularni sinamoqchi bo‘lib: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sizlarni menga itoat etmog‘ingizga buyurganlar, shunday emas-mi?” – dedi. Ular: “Huddi shunday”, – deyishdi. “Shunday ekan, o‘tin to‘planglar”, – dedi va olov keltirib, unga o‘t yoqdi. So‘ngra: “Mana shu otash ichiga kirishinglarga buyuraman”, – dedi. Ular otash ichiga kirishga shaylanib turganlarida, oralaridan bir yigit: “Rasulullohning huzurlariga aynan otashdan qochib kelgan edingiz-ku, bas, shoshilmang! Avval Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga boring, agar otashga kirishingizga U Zot ham buyursalar, kirasizlar”, – dedi. Shundan keyin Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bo‘lgan voqeaning xabarini berdilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar otashga kirganingizda, undan abadiy chiqa olmas edingiz. Itoat faqat shariatga muvofiq ishlardadir”, – dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari). Afsuski, bugungi kunda ba'zi adashganlar turli “rahnamolar”ning buyruqlari va “fatvo”lariga tayanib, o‘zlarini portlatib, shirin jonlariga qasd qilishni halol sanamoqdalar. Yuqorida keltirilgan hadisi sharif, aynan mana shunday toifadagi kishilarning qilayotgan ishlari xato ekaniga yorqin va katta dalil bo‘ladi.

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon kishi doimo Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, azobidan qo‘rqishi kerak! Ana shunda uning imoni salomat bo‘ladi, shayton vasvasalaridan omonda bo‘ladi. Yana bir muhim jihati – doimo olim kishilardan pand-nasihatlar eshitish va solih kishilar, sog‘lom tabiatli odamlar bilan do‘stlashish, ular bilan birga bo‘lishdir!  Bu ishlar kishining ruhiyatini tetik va yashovchan qiladi.

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Alloh taolo ilmni Qiyomatgacha bandalar uchun ma'rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham xalqimizga ma'rifat yetkazish maqsadida “Hidoyat”, “Mo‘minalar” diniy-ma'rifiy va adabiy-ijtimoiy jurnallari va “Islom nuri” gazetasini bir necha yilllardan beri nashr qilib keladi. Ushbu nashrlarda turli xil sara diniy-ma'rifiy maqola va ma'lumotlar berib boriladi. Bu nashrlarga obuna bo‘lish orqali xonadonimizga, balki xalqimizga Islom ma'rifati va ziyosi kirib boradi. Ayni paytda mana shu diniy-ma'rifiy nashrlarga kelgusi yil uchun obuna bo‘lish davom etmoqda. Bilingki, ushbu nashrlarga obuna uchun sarflangan mablag‘lar eng katta savob yo‘liga sarflangan hisoblanadi.

Qolaversa, bu ish hadisi shariflarda zikr qilingan foydali ilmni qoldirish qabilidan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Inson dunyodan o‘tganida uning barcha amallari to‘xtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz to‘xtamaydi. Bu amallar – sadaqai joriya, manfaatli ilm, hamda solih farzand (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Avval o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz ilmga bo‘lgan qiziqishlari, chanqoqliklari sababli nafaqat diniy ilmlar, balki dunyoviy ilmlar rivojiga ham katta hissa qo‘shdilar. Natijada ummat ilm-ma'rifatga ega bo‘ldi. Benazir Islom gullab yashnadi. Ilm-ma'rifat asrlar davomida o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Bu yutuqlarni hozirgi kunda ham davom etishi siz bilan bizga ham bog‘liqdir.

Muhtaram jamoa! O‘tgan Juma mav'izasida saylovlar yaqinlashib kelayotgani haqida gapirib o‘tgan edik.

Ayrim namozxonlarimizdan savollar berilib, saylovda qanday ishtirok etsak ma'qul bo‘ladi, qanday ish tutsak musulmonlik odoblariga to‘g‘ri keladi, degan savollarni berishdi.

Azizlar, bir fikrni aytib o‘tmoqchimizki, musulmonlarning saylovlarda ishtirok etishi – fuqarolik burchlaridandir. Aziz dinimiz ta'limotida har bir inson ozod va hur bo‘lib, o‘z fikrini ifoda qilishda erkin sanaladi. Shu sababli biz har balog‘atga yetgan inson o‘z hoxishini erkin ifoda etishi yuksak madaniyat deya targ‘ib etamiz.

Bundan tashqari jamiyat uchun xayrli ishlar yuzasidan hamkorlik qilish muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari sirasiga kiradi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ .... وَتَعَاوَنُواْ عَلَى الْبرِّ وَالتَّقْوَى وَلاَ تَعَاوَنُواْ عَلَى الإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ ...

"(Ey mo‘minlar), sizlar yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz!" (Moida surasi, 2-oyat).

Shunga ko‘ra musulmonlar o‘z diyorlari, oila va farzandlari, yaqinlari taqdiriga befarq bo‘lmay, yaxshilik yo‘lida birlashib, bamaslahat va hamkorlikda yurt kelajagi uchun qayg‘urishlari islomiy go‘zal axloqlardir!

Muhtaram jamoa! Shunday ekan joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan xalq noiblari saylovida barchamiz faol bo‘lib, o‘z ovozimizni berishda shaxsan qatnashib, namuna bo‘laylik!

Alloh taolo Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlasin, xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!

 

"O‘z joniga qasd qilish – ijtimoiy illat" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 11/12/2019 16:33;   Ko‘rilganligi: 1533
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/13122019-y-oz-joniga-qasd-qilish-ijtimoiy-illat
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 13:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing