O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Ilm o‘rganib o‘rgatganning fazli

 
 

عن أبي موسى عن النبي — صلى الله عليه وسلم – قال :إن مثل ما بعثني الله به من الهدى والعلم كمثل غيث أصاب الأرض فكانت منها طائفة قبلت الماء فأنبتت الكلأ والعشب الكثير وكانت منها أجادب أمسكت الماء فنفع الله بها الناس فشربوا منها ورعوا وسقوا وأصاب طائفة منها أخرى إنما هي قيعان لا تمسك ماء ولا تنبت كلأ فذلك مثل من فقه في دين الله فنفعه ما نفعني الله به ونفع به فعلم وعلم ومثل من لم يرفع بذلك رأسا ولم يقبل هدى الله الذي أرسلت به.

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo meni hidoyat va ilmdan iborat yuborgan narsaning misli yerga yetgan yomg‘ir kabidir. Unimli yer borki, suvni qabul qilib, ko‘p o‘t-o‘lanni chiqaradi. Yana, quruq yer borki, suvni tutib qoladi. Alloh taolo u bilan insonlarga manfaat beradi. Insonlar undan ichishadi va ekinlarini va chorvalarini sug‘orishadi. Yana, silliq va suv yutmas yer bor. U na suvni tutib qoladi va na o‘t-o‘lan o‘stiradi.

Bu narsa (birinchi va ikkinchi o‘xshatish) xuddi Allohning dinida faqih (olim) bo‘lib, insonlarga Alloh taolo men ila yuborgan narsani o‘rganib, so‘ng o‘rgatib manfaat bergan kishining misli kabidir. Shuningdek, (uchinchi o‘xshatish) unga bosh ko‘tarmagan kishining misli kabidir (ya'ni, ilmdan bosh tortgan kishi kabidir). U Alloh taoloning men sababli yuborgan hidoyatini qabul qilmagan kishidir”.

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng balog‘atli-etuk inson ekanliklarini ko‘rishimiz mumkin. Tom-tom kitob yoziladigan gaplarni qisqa va tushinarli qilib so‘zladilar. Avval boshda ikki yer haqida so‘z boshladilar. Biri suvni yutib, o‘t-o‘lan chiqarib, hammaga manfaat beradi. Ikkinchi yer esa, suvni o‘zida saqlab qolib, u ham odamzot-u hayvonlarga foidasi tegadi. Bu ikki yerni ilm o‘rganib, uni odamlarga ta'lim bergan olimlarga o‘xshatdilar. Ozgina ta'ammul qiladigan bo‘lsak, ushbu hadisdan bundan ham ko‘proq manfaatlarni o‘zimizda chiqarib olishimiz mumkin.

Hadis so‘ngida, silliq va suv yutmas yer haqida ham aytib o‘tdilar va uni ilm o‘rganishdan bosh tortgan insonga o‘xshatdilar. U Alloh taoloning hidoyatidan bebahra insondir. Alloh taolo bu insonlar qatoridan bo‘lib qolishdan asrasin!

Ushbu maqolani o‘qiyotgan har bir tolibi ilmdan iltimos qilib qolamizki, quyida aytiladigan gaplarga diqqat bilan nazar solsin!

Madrasaga o‘qishga kirishga Alloh hammamizni muyassar qildimi, shuni bilib qo‘yaylikki, yaxshi o‘qib, ilmiga amal qilayotgan talabaga bu mukofotdir. Dangasalik qilib, har-xil bahonalarni ro‘kach qilib, darsdan ortda qolib, ustozlarni norizo qilib, hech narsa bo‘lmaganday, hayotdan xursand bo‘lib yurayotgan talabalar katta musibatni o‘ziga yuklab olishmoqda. Ushbu gaplarimiz bilan bu tolibi ilmlarni ilmdan to‘sib qo‘yish emas! Balkim, ularni ogoh qilib, oldingi ishlariga tavba-tazarru' qilishlikka undash va ustozlar e'tiborini qaytadan tiklab, yana o‘qishga ixlos bilan kirishishi umidida yozmoqdamiz. Alloh taolodan chin qalbdan, ixlos bilan so‘ralgan narsani U zot hech zoya qilib qo‘ygan emas!

اللهم علمنا ما ينفعنا وانفعنا بما علّمتنا وزدنا علما، آمين!

Yo Alloh! Bizga foidali ilm bergin va o‘rgatgan narsang ila manfaat bergin va ilmimizni ziyoda qilgin! Omin!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Ergashev Abdussami'

Shayx Muhammad Avvomaning “Al-muxtor min faroidin nuquli val axbor” kitobi asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 01/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2425
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/ilm-organib-orgatganning-fazli
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 15:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing