O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Hadislardan namuna

 
 

“Uch toifa jannat ahlidir: Adolatga muvaffaq bo‘lgan podshoh; Qarindoshlari va musulmon birodarlariga rahmli hamda qalbi yumshoq kishi; Bolalari ko‘p va o‘zi muhtoj bo‘lsa-da tilanchilik qilmaydigan kishi”. Imom muslim rivoyati.

Mazkur hadisi sharifda ijtimoiy hayotdagi barcha insonlarning, saltanat podshohidan oddiy, muhtoj, farzandlari ko‘p bo‘lgan kishigacha hayotlari qamrab olingan bo‘lib, dunyo hayotida inson qaysi martabada bo‘lishidan qat'iy nazar baxtli bo‘lishi uchun kifoya bo‘ladigan go‘zal axloq-odob zikr qilingan.

1. Adolatga muvaffaq bo‘lgan podshoh; Adolatsizlik eng yomon xulqlardandir. Dunyoning butun tizimi va martabasi adolat bilan qo‘lga kiritiladi. Islom hukmdorlarining aksari, xususan xalifalardan Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Umar ibn Abdulaziz, Marvon ibn Abdulmalik, Horun ar-Rashid va boshqalar o‘ta adolatparvarliklari bilan mashhur bo‘lishgan.

2. Qarindoshlari va musulmon birodarlariga rahmli hamda qalbi yumshoq kishi; Sog‘lom qalb egasi – qalbini shirk, xiyonat, gina, hasad, manmansirash, dunyo va rahbarlik muhabbatidan, ya'ni, Alloh taolodan uzoqlashtiradigan barcha ofatdan salomat saqlagan odamdir. Qalb salomatligining sabablari va yurilishi kerak bo‘lgan yo‘llari bor. O‘sha sabablardan biri, Alloh taologa ixlos qilishdir. Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan marfu'an rivoyat qilinadi: (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar): «Uch narsa borki, musulmon odamning qalbi ularga baxillik qilmaydi: amalning xolisligi, rahbarlarga nasihat qilish va musulmonlar jamoatidan ayrilmaslik» (Imom Ahmad ).

Bolalari ko‘p va o‘zi muhtoj bo‘lsa-da tilanchilik qilmaydigan kishi; Kishining bolalari ko‘p bo‘lib, muhtoj bo‘lsada tilanchilik qilmasligi uning hayosidir, hayo esa imondandir. Musulmon kishi har qanday holatda iffatini saqlash uchun dunyo matohidan voz kechadi. Rizqni Allohdan deb biladi va shunga harakat qiladi. Qur'oni karim bizni rizq borasida xotirjam bo‘lishga chaqiradi: “Yerda o‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U Zot ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham biladi. Hamma narsa ochiq-ravshan Kitobda bordir” (Hud surasi, 6-oyat).


Kiritilgan vaqti: 09/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2187
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/hadislardan-namuna-1
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 16:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing