O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 35-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

وَقُلْنَا يَا آدَمُ اسْكُنْ أَنْتَ وَزَوْجُكَ الْجَنَّةَ وَكُلا مِنْهَا رَغَدًا حَيْثُ شِئْتُمَا وَلا تَقْرَبَا هَذِهِ الشَّجَرَةَ فَتَكُونَا مِنَ الظَّالِمِينَ (35)

  1. Va: Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatni maskan tut. Unda xohlagan joyingizda bemalol yenglar va mana bu daraxtga yaqinlashmanglarki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasizlar, – dedik”. 

Alloh subhanahu va taolo Odamga yana bir bor ulug‘ marhamat qildi: jufti Havo bilan unga jannatdan joy ato etdi va u yerda farog‘atda yashashini ta'minladi.

“…mana bu daraxtga yaqinlashmanglar…” deganidan ularga hamma narsadan tanovul qilishga ruxsat bo‘lgani, faqatgina bitta daraxtdan tanovul qilishga ruxsat bo‘lmagani ma'lum bo‘ladi. Bu inson hayotidagi man qilingan narsalarning namunasidir. Alloh taoloning insonga ba'zi narsalarni man qilishi – irodani mustahkamlash uchundir. Agar man qilish bo‘lmasa, inson bilan hayvonning orasida farq qolmaydi. Inson o‘ziga jon, aql, ilm bergan Allohga ahdu paymon qilgan, o‘sha ahdu paymonga vafo qilishi uchun unga sabr-matonat, iroda kerak. Bu narsalar esa man qilish bilan hosil bo‘ladi. Sabr-matonatli, irodali kishilar o‘zlarini Alloh man qilgan narsalardan saqlab turadilar. Havoyi nafsiga banda bo‘lganlarning esa hayvondan farqi yo‘q. Ular man qilingan narsadan o‘zlarini tiyib tura olmaydilar.

Alloh taolo jannatdagi hamma mevalarga ruxsat berib, faqat bittagina daraxt mevasini man qilganidek, bu dunyoda ham hamma narsaga ruxsat berib, faqat sanoqli narsalarni – insonning o‘zi uchun zararli bo‘lgan narsalarni man qilgan.

Man qilingan daraxt qaysi daraxt ekani haqida uzundan-uzoq tortishuvlar bo‘lgan. Har kim o‘zi bilgan daraxtning nomini aytgan va ushbu gapni tasdiqlash uchun dalil va hujjatlar keltirgan. Ammo to‘g‘risini aytganda, birorta odamga o‘sha daraxtning ismini bilish bilan foyda yoki bilmaslik bilan zarar yetmaydi. Agar uni bilish zarur bo‘lsa, Alloh Qur'onda yoki Payg‘ambarimiz hadislarida aytgan bo‘lar edilar.

Alloh taolo oyatning oxirida:

“…va mana bu daraxtga yaqinlashmanglarki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasizlar”, – dedik”, – demoqda.

Shundan ko‘rinadiki, shariatning amridan chiqish zulm ekan. Zulm esa katta gunoh.

 

“Tafsiri hilol” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 16/10/2019 16:51;   Ko‘rilganligi: 2068
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-35-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing