O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 27-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

الَّذِينَ يَنقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِن بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَن يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الأَرْضِ أُوْلَئِكَ هُمُ الْخَاسِرُونَ (27)

 

  1. Ular Allohning ahdini bog‘langanidan so‘ng buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni kesadigan, yer yuzida buzg‘unchilik qiladigan kimsalardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina ziyon ko‘ruvchilardir.

Ushbu oyatda Alloh kofir va munofiqlarning uchta katta sifatini keltirgan.

Birinchi sifat:

“…Allohning ahdini bog‘langanidan so‘ng buzadigan...”

Ya'ni har bir bandaning Yaratgan bilan bog‘lagan ahdi bor. Kofir va munofiqlar o‘sha ahdni buzish bilan boshqalardan ajralib turadilar. Bu ahd ko‘p narsalarda bog‘langan, jumladan:

a) har bir banda yaratilish chog‘ida Alloh uning tabiatiga dindorlikni solgan. Kofir va munofiqlar o‘sha tabiatga qarshi chiqadilar;

b) Alloh taolo odam bolasini O‘zining yerdagi xalifasi qilgan. Ular bu ahdni buzib, xalifalikka xiyonat qiladilar;

v) har bir shariat kelganda, Alloh O‘zidan boshqaga sig‘inmaslik ahdini olgan bo‘lsa ham, kofir va munofiqlar xiyonat qiladilar. Shuningdek, fosiqlar, ya'ni kofir va munofiqlar hayotlarida Allohning shariatiga amal qilish, uning ko‘rsatgan yo‘lidan yurish kabi narsalarga bog‘lagan ahdlarini buzadilar.

Ikkinchi sifat:

…Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni kesadigan...

Alloh ko‘p narsalarni, jumladan, qarindoshlik aloqalarini bog‘lashga, insoniy aloqalarni bog‘lashga, iymon va dindoshlik aloqalarini bog‘lashga va hokazo ishlarga buyurgan. Fosiq – kofir va munofiqlar ushbu aloqalarni ham kesadilar.

Uchinchi sifat:

…er yuzida buzg‘unchilik qiladigan...

Fasodning turi juda ko‘p. Jumladan, yuqoridagi ikki sifat ham yer yuzini fasodga to‘ldiradigan sifatlardan hisoblanadi. Ammo eng katta fasod borliqni yaratuvchi Zot bo‘lmish Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘lni tark etib, boshqacha yashashga harakat qilishdir. Hamma fasod shundan kelib chiqadi.

Mazkur sifatlar qanday natijaga eltadi? Shunday sifatdagi kishilar albatta yutqazadilar. Bu dunyolarini ham, u dunyolarini ham boy beradilar.

Ana o‘shalar, o‘shalargina ziyon ko‘ruvchilardir.

         Kelasi oyatda kofirlar haqida uchinchi shaxs sifatida gap yuritishdan bevosita ularning o‘zlariga xitob qilishga o‘tiladi.

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 23/09/2019 15:59;   Ko‘rilganligi: 1494
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-27-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 14:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing