O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 16-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

أُولَٰئِكَ الَّذِينَ اشْتَرَوُا الضَّلَالَةَ بِالْهُدَىٰ فَمَا رَبِحَت تِّجَارَتُهُمْ وَمَا كَانُوا مُهْتَدِينَ (16)

  1. Ana o‘shalar zalolatni hidoyatga sotib olganlardir. Bas, tijoratlari foyda keltirmadi hamda hidoyat topganlardan bo‘lmadilar”.

Ushbu oyatda Alloh taolo munofiqlarning hidoyatni qo‘yib, zalolat – adashish yo‘lini ixtiyor qilganliklarini ilohiy ta'birlar bilan bayon qilmoqda. Agar ular xohlasalar, hidoyat qo‘llariga tekkan edi, undan foydalanib yursalar bo‘lar edi. Nabiy alayhissalom boshqalar qatori, ularni ham da'vat qilgan edilar. Ammo ular hidoyatni boy berib, zalolatni tanladilar. Ya'ni hidoyatga zalolatni sotib oldilar. Ammo ularning bu “tijorat – savdolari” foyda keltirmadi. Shu bilan birga, ular hidoyatda – to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilardan bo‘lmadilar.

Munofiqlar haqida yana ko‘plab oyatlar keladi. Inshaalloh, ularni o‘z o‘rnida o‘rganamiz. Hozir Nabiy alayhissalom ularni qanday vasflaganlari xususida bir-ikki misol keltiraylik.

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:

“Munofiqning belgisi uchdir: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va'da bersa, so‘zida turmaydi va omonatga xiyonat qiladi”, – deganlar.

Imom Buxoriy Ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:

“To‘rt narsa bor, kimda ular bo‘lsa, to‘liq munofiq bo‘ladi. Kimda ulardan bir xislat bo‘lsa, uni tashlaguncha, nifoqning xislatlaridan biri u kishida turadi. U omonatga xiyonat qiladi, yolg‘on gapiradi, ahd qilsa, aldaydi va tortishsa, fojirlik qiladi”, – deyilgan.

Qatoda roziyallohu anhu munofiqning vasfida:

“U axloqi buzuq, tilidagini dili inkor etadi, xilof amal qiladi, ertalab bir holatda, kechqurun boshqasida, kechqurun bir holatda, ertalab boshqasida bo‘ladi, shamolda tebrangan kema singari tebranib turadi”, – deganlar.

Imom Molik:

“Nabiy alayhissalom davrlaridagi munofiq – hozirgi kundagi zindiqdir”, – deganlar.

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 11/09/2019 16:08;   Ko‘rilganligi: 321
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-16-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 05/07/2020 03:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing