O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Zahri qotil (man qilingan ichimliklar)

 
 

Aziz aka-ukalar, ilohiy, azaliy bir qoida mavjud: “Kim o‘zini bu dunyoning harom lazzatlaridan tiysa, Alloh taolo unga bu dunyoda iymon halovatini, ibodat lazzatini va qolgan halol rohatlarni nasib qiladi va oxiratda esa unga abadiy lazzatlarni muyassar qiladi.

Bular zino, mast qiluvchi ichimliklar ichish, birovning ustidan masxaralab kulish, aqlni shoshiradigan va insonni bo‘shashtiradigan moddalarni iste'mol qilish. Bu ishlar insoniyatga zarar bo‘lgani uchun Parvardigori olam bularni barchasini harom qilgan. Salim ibn Abdulloh u otasidan u kishi Rasululloh s.a.v.dan rivoyat qilgan hadisda shunday marhamat qilinadi:

Har bir mast qilguvchi xamrdir. Har bir xamr haromdir

Nima narsa insonni mast qilsa, aqlini ketkazsa u harom bo‘ladi. Spirtli ichimlikmi, giyohvandlik maxsulotlarimi yoki biror moddalarni hidlab mast bo‘ladimi baribir hammasi harom. Ibn Umar r.a. Rasululloh s.a.v.dan rivoyat qiladi:

Har bir mast qiluvchi narsa xoh u ko‘p bo‘lsin, xoh u ozgina bo‘lsin barbir ham harom

Men ozgina ichaman mast qilmaydi yoki ozgina iste'mol qilaman deyishlik to‘g‘ri kelmaydi. Mana Rasululloh s.a.v. shariat haddini, chegarasini bizlarga bildirib qo‘ymoqdalar. U ozmi ko‘pmi hammasi bir hukmda.

Rasululloh s.a.v. har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar

Payg‘ambarimiz s.a.v.ning mo‘jizalari ushbu hadis sharif bilan ma'lum bo‘lmoqda. “har bir bo‘shashtiruvchi” deganlarida hozirgi til bilan aytilganda narkotik moddalarining alohida vasfidir. Chunki bunday vabo, ya'ni narkotik moddalari ibtidosi, boshlanishi hijriy XX asrlardan boshlangan. Fiqhiy kitoblarimizda ana o‘sha asrdan boshlab, bu xildagi masalalar kirib kelgan.

SIGARET

Rasuli Akram s.a.v. bizlarni bunday illatlarga nisbatan qanday yo‘l tutmoqligimizni barchamizga buyurib deydilar:

Sizdan kim yomon – munkar qaytarilgan ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, dili bilan, ana o‘sha iymonning zaifligidandir

Mana shu o‘rinda, azizlar, narkotik moddalari bo‘lmasada bo‘shashtiradigan bir illat haqida eslatib o‘tsak. Bu ham bo‘lsa nos va sigaret. Xalq tabobatida tamakining barcha turlari, shuningdek, nosni ham giyohvand moddalari turkumiga kiritiladi. Faqat ular ozmi-ko‘pmi kuchsizroq hisoblanadi.

Sigaret va nos chekilishining sabablari:

1. Taqlidan – har bir chekuvchi otaning aksariyat farzandlari chekuvchi bo‘ladi. Nima uchun? Chunki bola ota-onasini o‘zi uchun ideal shaxs, mukammal timsol, namunali shaxs deb biladi. Tezroq katta bo‘lishi uchun farzand o‘z ota-onalarining qiladigan har bir ishlariga taqlid qiladi. Sigaret cheksa, sigaret chekadi, nos cheksa, nos chekadi, so‘ksa, so‘kadi.

Nabiy s.a.v. marhamat qilib shunday deydilar: “Alloh taolo kimning xalqini va xulqini, ya'ni suratini va siyratini go‘zal qilgan bo‘lsa, uni do‘zax olovida yoqmaydi”.

Boshqa hadisda yesa: “Yaxshilik qilishda o‘g‘liga yordam bergan otani Alloh taolo o‘z rahmatiga oladi”.

2. Asabni tinchlantirish uchun – to‘g‘ri nos va sigaret bo‘shashtiruvchi xislati mavjud, ammo bu chekish mumkin degani emas. Musulmon nima narsa bilan tinchlanishini Xudoi taborak va taolo Qur'onda zikr qilgan:

U mo‘minlar, qalblari Allohning zikri bilan tinchlanadigan zotlardir. Bilingki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur va taskin topar” (rad surasi 27-oyat)

3. O‘rtoqlari orasidan ajralmaslik uchun – ko‘pincha o‘spirinlar o‘zlarining atrofidagilarga yaxshi ko‘rinshlari uchun, johil oshnalari uni ham o‘z davralariga qo‘shib olishlari uchun mana shunday qabih ishga qo‘l uradilar. Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Kishi o‘zining yaxshi ko‘rgani bilan birga bo‘ladi

Hazrati Maxtumqulining bir hajviy baytlari bor chilimkash haqida:

Qo‘lingni tort bunday nohaq taloshdan

Puling kuyar, iching yonar bu ishdan

Erta qorning to‘ldirarlar otashdan

Zaxmi chiqmas, qolar jonda, chilimkash.

Ikki dunyo yaxshilik yo‘q egriga

Erkak bo‘lsang, qadam qo‘yg‘il to‘g‘riga

Benamozga, g‘iybatchiga, o‘g‘riga

Yo‘ldosh bo‘lar yovuz kunda chilimkash.

Maxtumquli, Mavlom jondan yaqindir

Chilim achchiq tutun, tan bir zamindir

Iymon bir qushdir-u, gavda bir indir

Qush turmagay buzuq inda, chilimkash

Musulmonchiligimiz bizlarni poklikka, toza-ozodalikka chaqiradi va birovga ozor bermaslikka undaydi.

Azizlar bu dunyoda hammamiz o‘tkinchi yekanimizni bizlarga berilgan umrga xiyonat qilaylik!

Manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 28/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2226
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/zahri-qotil-man-qilingan-ichimliklar
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 05:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing