O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Xotirjamlik yarim sog‘likdir

 
 

Rivoyatlarda keltirilishicha, bir zamonlar Bog‘dod shahriga o‘t tushib, uylar birin-ketin yona boshlagan ekan. Ana shunday xonadonlarning birida yosh bolalar qolib ketibdi. O‘sha yerdan o‘tayotgan bir solih kishi bolalarning ota-onasi ko‘tarayotgan dod-faryodni eshitib, o‘ylab ham o‘tirmasdan o‘t ichiga kirib bolalarni olib chiqibdi. Hayratlisi shu ediki, u odamning bir dona tuki ham kuymagandi. Go‘daklarning ota-onasi cheksiz quvonib u odamga o‘n tilla tanga uzatsa, u kishi “tillalarni oladigan odam bo‘lganimda olovdan sog‘ chiqmas edim” deya javob bergan ekan.

Zikr etilgan qissadan hissa shulki, insonlarga musibat yetganda odamiylik fazilati, iymonini unutmagan holda, kishilarga xolis ko‘mak berishga shoshilgan kishilarni Alloh taoloning O‘zi qo‘llab, avaylab-asrar ekan.

Afsuslar bo‘lsinki,  bugungi vaziyatda  xotirjamlikni saqlagan holda, bor imkoni bilan atrofdagi odamlarga yordamga shoshilish, ularni sabrga, vazminlikka chorlash o‘rniga, noo‘rin gaplari, hatti-harakatlari bilan  noqobil ishlarni qilayotganlar ham uchrab turibdi. Turli asossiz yolg‘on, mish-mishlar tarqatib, aholi orasida noo‘rin vahimalar paydo qilish bu ulkan gunoh. Hech qanday sababsiz bozoru-do‘konlardagi mahsulotlarni uylariga ortiqchasi bilan g‘amlash yoki ularni saqlab yanada qimmat narxlarda sotishni maqsad qilish esa ikki karra ulkan gunohdir. Axir  biz rizqimiz Alloh taoloning zimmasida ekaniga ishongan kishilarmiz. Qur'oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qilingan: “Yer yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadur” (Hud surasi, 6-oyat).

         Savdogarlik aslida savobli kasb. Bu kasb sabab inson ham dunyosini, ham oxiratini obod qilishi mumkin toki, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsa. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Eng yaxshi kasb savdogarlikdur. Agar sovdogar yolg‘on gapirmasa, omonatga xiyonat qilmasa, va'daga xilof etmasa, sotib olayotgan narsalarini yomonlamasa, (haddan ortiq) qimmat sotmasa, zimmasidagi haqni berishni cho‘zmasa va o‘z haqlarini olishda ham qo‘pol bo‘lmasa”, dedilar.

        Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida g‘azotlarning birida musulmonlarni   juda qattiq ocharchilik, qurg‘oqchilik ushladi. Narx-navo nihoyatda qimmatlab ketdi. Bir qancha vaqt ahvol shu tarzda davom etganidan keyin  Rasululloh alayhissalom shunday dedilar.

     “Allohga qasam, bugun kun botguncha Allox bizga rizq yetkazadi”.

        Usmon ibn Affon bu so‘zlarni eshitib “Ha, bugun kelarkan, kayokdan kelarkin?”, deb o‘tirmadilar. Shartta turib, oziq-ovqat, boshqa kerakli narsalar yuklangan 14 ta tuyani sotib olib, musulmonlarga tarqatdilar. Rasululloh bu mollar Usmondan ekanini eshitib, nihoyatda xursand bo‘ldilar va uning haqqiga uzoq duo qildilar.

      Shu kabi vokelar hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida ham yuz bergan. Musulmonlar ocharchilikdan qiynalishib xalifaga shikoyat qilishdi. Umar: Allohga istig‘for aytinglar, Alloh xohlasa ertalabgacha rizq yetkazadi”, dedilar. Darhaqiqat ertasi kuni Madinaga Usmon ibn Affonning karvoni kirib keldi. Savdogarlar shoshib borib bizga soting- bizga soting, deyishdi.

“Ha sotaman. Qancha bera olasiz?”

“Bir dinorga ikki dinor”.

“Yo‘q, oz”,

“Bir dinorga uch dinor”.

“Yo‘q, oz”,

“Bir dinorga besh dinor”.

“Yo‘q oz. Bundan ko‘p beradigan bilan va'dalashib qo‘ydim”.

“Madinada bizdan boshqa savdogarlar yo‘q, qolaversa biz birinchi keldik. Kim bilan va'dalashgan edingiz?”

“Biriga o‘n bera olasizlarmi? Biriga yuz bera olasizlarmi?”

“Yo‘q buncha bera olmaymiz”.

“Guvoh bo‘linglar, bu tuyalar ustidagi oziq-ovqatlari bilan Madina ahliga sadaqa”.

Tarixda ana shunday chin insonlar o‘zlarining saxovatlari bilan o‘rnak bo‘lib, o‘zgalarning qiyin kunlaridan fodalanib qolishni emas balki boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zib bizlarga namuna bo‘lishgan.

Rivoyatlarda keltirilishicha bir solih kishi yo‘lda vabo-o‘latni uchratib qolib, qayerga ketayabsan? deb so‘rabdi.  Vabo “Men falon shaharga 100 kishini o‘ldirgani boryapman” debdi. Oradan vaqt o‘tib o‘sha shaharda ellik ming odam o‘lgani haqida xabar tarqalibdi. Taqdir taqozosi bilan o‘sha kishi yana vaboni ko‘rib, “Sen o‘sha shahardan yuz kishini umriga zomin bo‘laman deganding, vaholanki u shaharning ellik ming kishisi vafot etibdiku? deb so‘rasa, vabo “Men sabab chindan ham o‘sha shaharning  yuz kishisi vafot etdi ammo qolganlari o‘zlarini-o‘zlari vahimaga solib o‘ldilar”, degan ekan. Bu rivoyatdan xulosa shulki, bu kunlar ham Allohning bir sinovi. Kimdir nafsiga qul bo‘lib, o‘z manfaatini yo‘lida foydalanib qolishga urinsa, yana kimlardir elining koriga yarab chin insoniyligini, mo‘minligini isbotlab xolis, savob umidida harakat qilmoqda. Barcha amallarimizni esa Yaratganning o‘zi kuzatib turibdi. Ajrini ham beruvchi yolg‘iz O‘zidir.

Oilamiz va atrofdagilarga gigiyena qoidalariga, ko‘rsatma va tavsiyalarga rioya qilishlarini ta'kidlaylik.  So‘zimizni intihosida buyuk bobomiz Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sinoning quyidagi purma'no hikmatli so‘ziga amal qilishni tavsiya qilamiz: “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”. Alloh taoloning o‘zi barchamizni bu sinovlardan eson-omon o‘tishimizni nasib etsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin.

 Nasrulloxon Nurullo o‘g‘li - Pastdarg‘om tuman “Chandirobod” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/03/2020 11:09;   Ko‘rilganligi: 16
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/society/xotirjamlik-yarim-soglikdir
Chop etilgan vaqti: 31/03/2020 13:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing