O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Tilimiz bizni aziz yoki xor qiladi

 
 

Har kuni, har onda tilimizdan chiqadigan so‘zlar bizni aziz yoki xor qilishi mumkin. Oilalarning baxtli bo‘lishi, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning o‘rnatilishi - tildan chiqayotgan shirin so‘zlar sababidandir. Bugungi kunda ko‘p oilalarning  barbod bo‘lib, tirik yetimlarning ko‘payishi, aka-uka, qarindoshlar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishi mana shu tillardan shoshqaloqlik bilan chiqqan so‘zlarning achchiq mevasidir. Bir og‘iz so‘z bilan dillar orom olsa, bir og‘iz so‘z bilan qalblar vayron bo‘ladi.

Abu Sa'iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Odam bolasi tong ottirsa, uning a'zolarining barchasi tilga: “Bizning haqqimizda Allohdan qo‘rq! Biz senga bog‘liqmiz. To‘g‘ri bo‘lsang, to‘g‘rimiz. Egri bo‘lsang, egrimiz”, deydilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Bir hakim zot shunday degan edi: “Yolg‘onchilik - xorlik, rostgo‘ylik esa azizlikdir. Yolg‘onchilik dard, rostguylik esa davodir”.

Bu ikkisi ham tildan keladi, shuning uchun aytishadiki, Oqilning tili qalbida, ahmoqning qalbi og‘zidadir. Azizlar, tilimizdan chiqqan  har bir so‘zimizdan so‘ralamiz buni unutmasligimiz lozim.

Aliy roziyallohu anhu tilni sho‘nday tariflaganlar,                                                  Allohu taolo tilni shunchalik mo‘stahkam qo‘rg‘on bilan o‘radiki, birorta a'zo bunchalik mustahkam hibs qilinmagan.  Tilning oldida (o‘ttiz ikkita) tish saf tortgan, tishlar ortida ikkita lab yopilgan,  ichkarida tilning usti kichik tilcha bilan qoplangan, undan ichkarida qalb turibdi. Bas, Allohdan qo‘rq, bu mahbusni hibsxonasidan bo‘shatib yuborma. Qachonki tilning yomonligidan saqlanishga ishonch hosil qilsang, ana o‘sha paytda uni erkin quyishing mumkin, deganlar.

Hurmatsizlik bilan gapirgan kishiga, uyatsizlik bilan javob qaytariladi, bu holat hayotimizda tez-tez uchrab turadi. Xalqimizda, gapingni qisqa qil, salomat bo‘lasan, uzoqroq uyalishda bo‘l, hurmatga sazovor bo‘lasan, degan gap bor.   Kishining tilidan chiqadigan so‘zi qancha chiroyli bo‘lsa, eshitadigan insoni ham shuncha chiroyli bo‘ladi. Aytgan gapi kishining aqliga, qilgan ishi uning asliga dalolat qiladi. Qadrdonim, har bir so‘zning javobi bor, har bir chiroyli amalning savobi, mukofati bor.  Tashlab yuboriladigan gapni gapirmang, qaytarilgan ishni qilmang.                                      

Tilimiz yaxshilikni yoymoqchi bo‘lgandagina unga erk bersak, u bizni aziz qiladi.

Abdulhamid NORBEKOV - Kattaqo‘rg‘on shahar “Mashrab”masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 01/11/2019 13:57;   Ko‘rilganligi: 1175
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/tilimiz-bizni-aziz-yoki-xor-qiladi
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 22:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing