O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi

 
 

Inson har bir ishni bajarishdan oldin uni qalbida niyat kiladi. Undan keyin esa uni bajarishga harakat qiladi. Yuragi toza odamlar hamisha yaxshilikni niyat qilib, shuni amalga oshirish payida bo‘lishadi. Natijada ularning qalbida yomonlikka joy qolmaydi. Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qiladi: “U sizlarni yerdan paydo qildi va ungi sizni obodligi uchun qo‘ydi” (Hud surasi, 61- oyat).

Alloh taolo bizga behisob ne'matlar bergan. Bu haqda Qur'oni Karimda aytiladiki: “Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog‘iga yetolmaysiz” (Nahl surasi, 18-oyat). Darhaqiqat, ilohiy ne'matlarni ko‘rish, ularni his etish uchun katta aql kerak emas, aslida. Mana yon-atrofga karasak, yurtimizda bahor nafasi kezmokda. Shuning o‘zi katta ne'mat emasmi? Osmonda quyosh bir fursat ko‘rinib, so‘ng oylab ko‘rinmaydigan yurtlar bor.  Doimo qahraton qish bo‘ladigan, yoki, aksincha, suv nimaligini bilmaydigan, jazirama o‘lkalar kancha? Yaratgan bizga to‘rt fasldan bahramand bo‘lish ne'matini  ato etdi. Bunday ne'matlarga shukr qilish bizning insoniy burchiimiz sanaladi. Alloh taoloning bunday va'dasi bor ya'ni:  “...agar  (bergan  ne'matlarimga)  shukr  qilsangiz,  albatta,  (ularni yanada) ziyoda qilurman.   Agar noshukurchilik qilsangiz bas,  mening azobim qattiqdir”–  deb  ta'kidlaganidek, shukr qiluvchi bandalariga o‘z ne'matlarini yanada ziyoda etishi muqarrardir. Shukur kilish, “Xudoga shukur” deyishdan tashqari, har bir ne'matni o‘z vaqtida va o‘z joyida, isrof qilmasdan tasarruf etish hamdir. Xususan, yer ne'mati, undan samarali foydalanish inson hayotining zarurati. Aksincha, yerdan unumli foydalanmaslik, tomorqalarga ekin ekmasdan uni bo‘sh qoldirish kabi holatlar, yerni isrof qilish bo‘lib, bu noshukrchilikdan boshqa narsa emas. Shunday ekan, noshukrchilik qilishga aslo haqqimiz yo‘q.

Atrof-muhitni tozalash, ko‘chalar va qabristonlarni obod qilish, gul, daraxt ko‘chatlari ekish, marhumlarning  ruhini shod etishdek yuksak qadriyatlarga ega ekanmiz,  erta bahordan xayriya hasharlari tashkil etishimiz,   bahorgi tozalik va obodonchilik ishlarini sifatli olib borish insoniy vazifamizdir.  Bu borada har bir qilgan ezgu niyatimiz va amalga oshirgan ishlarimiz dinimizda ibodat hisoblanib, unga behisob savoblar yoziladi. Shuning barobarida ushbu ishlarni Allohning bizga bergan ne'matlariga shukronalikning amaldagi ifodasi deb bilamiz.

Turli ekinlar ekib, yer yuzini obod etish haqida hadisi shariflarda aytiladiki: “Qaysi bir musulmon biror ko‘chat yoki ekin eksa, undan qush, inson yoki hayvon yesa, u uchun sadaqa bo‘ladi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda: “Qiyomat qoim bo‘lib qolib, birovingizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa va qiyomat bo‘lguncha ekishga imkoni bo‘lsa, (uni) eksin” (Ahmad rivoyati). Xususan, qabrlarni ziyorat etish haqida hadis sharifda aytiladiki: “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki, qabrlarni ziyorat qilish o‘limni va oxiratni eslatib turadi”(Termiziy rivoyati). 

   “Vaqting ketdi – nakding ketdi” - deydi dono xalqimiz. Shuning uchun, bu damlarni g‘animat bilib, yurtimizni yanada obod bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!

Xolmuhammad Salimov – Urgut tuman “Mang‘itobod” jome masjidi imom xatibi     


Kiritilgan vaqti: 13/03/2020 12:43;   Ko‘rilganligi: 8186
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/obodlik-kongildan-boshlanadi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 13:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing