O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Nega er-xotin orasida xiyonat ko‘paymoqda?

 
 

Dilmurod bilan Dildora oila qurib, besh yil birga yashashdi. Ikki nafar farzandning ota-onasi bo‘lishdi. Ha, farzand oila quvonchi deymiz. Ular uchun yelib-yuguramiz. Farzandlari bo‘y tortib, tashvishlari ham shunga yarasha bo‘lishiga qaramay ota bo‘lmish bir ishning boshini tutay demadi. Onda-sonda qo‘liga tushadigan pulga ham avval ichardi. Shundan qolgani uyga kelardi. Bunday paytda Dildoraning jag‘i ochilardi:

“Bolalar katta bo‘lyapti. Tuzukroq ish topsangizchi, siz ham odamlarga o‘xshab, qachongacha shunday yashaymiz”. Ayolning bunday zorlanishlari uzoq davom etardi. Dildora esa xorijga ishlagani yo‘l oldi. U yerda ayol shaytoniy hirslarga berilib xiyonat qildi. Tez orada bu gap erining qulog‘ida yetib bordi, bir oila barbod bo‘ldi(hayotiy voqea).

Bu kabi xiyonatlar, zino barcha xalqlar tushunchasida begona erkak va ayolning nikohsiz jinsiy aloqada bo‘lishidir. Bu islom dinida qabih va razolat hisoblanadi. Xalqimiz zinoni ulkan gunoh, kechirilmas ayb deb biladi. Alloh taolo xitob qilib: “Zinoga yaqinlashmanglar, albatta u fohisha ish va yomon yo‘ldir”, degan (Isro,32). Chunki zino naslu nasab pokligining buzilishi, oilalarning parchalanishi, insoniy  munosabatlarning yomonlashuvi, turli kasalliklarning paydo bo‘lishi va xayr-barakaning ketishi sababidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam “Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasallikka mubtalo qiladi”, deganlar. Ota-bobolarimiz zinoni xayollariga ham keltirmagan. Chunki ular payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Zinokor zino qilganida mo‘minligida qolmaydi”, deganlarini bilishgan. Mo‘minlik imonli bobolarimiz uchun hamma narsadan ustun bo‘lgan. Ular oxirat azobidan qo‘rqishgan.

Bugun xiyonat bilan bog‘liq voqealarni tez-tez eshitib turibmiz. Bunga eng birinchi sabab oilada, mahallada o‘smirlarga jinsiy tarbiya, odob-axloq, dinu diyonatni o‘rgatib borilmasligidir. To‘g‘ri, ba'zilar “Biz bolaga ushbu tarbiyani bermasakda, qing‘ir ishlarga qo‘l urayotgani yo‘q”, deb fikr bildirishi mumkin. Ammo, bu hol shu va shu singari tarbiya bilan shug‘ullanmasa ham bo‘ladi, degan fikrni ilgari surmaydi. Chunki farzand voyaga yetgach, o‘qish yoki ish tufayli ota-ona nazoratidan biroz bo‘lsada uzoqlashadi. Ana shu mahalda yoshligida tarbiyadan mosuvo bo‘lib o‘sgan, boz ustiga ota-ona nazoratsiz qolgan farzand buzuqliklar ta'siriga tushib, hayosiz ishlar qilishi mumkin.

 

Bahodir SHARIPOV - Samarqand tuman bosh imom xatibi, “Xo‘ja Ahror Valiy” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2019 10:35;   Ko‘rilganligi: 1318
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/nega-er-xotin-orasida-xiyonat-kopaymoqda
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 01:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing