O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

MUSULMONNING EKKANI SADAQA

 
 

Alloh taolo bizga yerni makon qildi va turli xil nematlar ato etdi. Buning uchun Uning O‘ziga hamdu sanolar bo‘lsin.

Anas roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda u zot shunday deganlari keltirilgan: “Qaysi bir musulmon biror ko‘chat yoki ekin eksa, undan qush, inson yoki hayvon yesa, ekkan kishi uchun sadaqa bo‘ladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hadisdagi “musulmon” so‘zi erkakni ham ayolni ham o‘z ichiga oladi. Yani erkak kishimi yoki ayolmi biror ko‘chat eksa, undan odamlar yoki boshqa jonivorlar iste'mol qilsa, o‘sha ko‘chat ekkan kishiga savob yetadi.

Hadisdagi “undan qush, inson yoki hayvon yesa” degan kalimalar haqida Muhallab shunday deydi: “Bu hadis jonivorlarga berilgan narsa uchun ham savob borligiga dalolat qiladi”.

Hadisda yerni obod qilishga targ‘ib etilib, o‘zi yoki boshqalar uchun ekin ekkanga ajr vada qilingan. Ekkan kishi bundan sadaqani niyat qilmagan bo‘lsa ham unga sadaqa savobi bo‘laveradi.

Ko‘chat yoki ekindan chiqqan meva, ulardan olingan urug‘lar va ko‘chatlar yana qaytadan ekilsa va bu qancha takrorlansa ham savobi qiyomatgacha davom etaveradi.

Ba'zi vaqtda ekinga o‘g‘ri tushish yoki uni payhon qilish kabi nohush holatlar ham bo‘lib turadi. Albatta, bu xafa bo‘lishga arzigulik hodisa. Ter to‘kib qilingan mehnat samarasi qandaydir noinsof tomonidan puchga chiqishi achinarli holat. Lekin kishining bog‘i yoki ekinidan o‘g‘irlangan narsa uchun, hayvonlar payhon qilgani uchun ham unga savob bor ekanligini ham unitmaslik lozim. Zero, Jobir (r.a.)dan naql qilingan rivoyatda shunday bashorat kelgan:

“Qaysi musulmon biror nihol eksa, undan yeyilgani uning uchun sadaqa bo‘ladi, undan o‘g‘irlangani uning uchun sadaqa bo‘ladi, undan hayvonlar yegani uning uchun sadaqa bo‘ladi, undan qushlar yegani uning uchun sadaqa bo‘ladi, undan birov yulib olgani uning uchun sadaqa bo‘ladi” (Abd ibn Humayd). Chunki uning bog‘i yoki ekinidan biror narsa o‘g‘irlanishi uning uchun musibatdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon unga yetgan har bir musibat uchun, hatto bog‘ichining uzilishiga ham ajr oladi”, (Imom Ahmad rivoyati).

Chunki uning bog‘i yoki ekinidan biror narsa o‘g‘irlanishi uning uchun musibatdir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Musulmon unga yetgan har bir musibat uchun hatto bog‘ichining uzilishiga ham ajr oladi”(Imom Ahmad rivoyati) deya musulmon kishi o‘ziga yetgan musibatdan ham ajr olishini xabar berganlar. Nihol ekkan kishiga vafotidan keyn ham savob borib turadi. Hatto bog‘i sotilib, boshqa kishiniki bo‘lib ketsa ham savobi yetib turadi.

Qurtibiy aytadi: “Ko‘chat yoki ekin ekayotgan kishi “Ekuvchi, O‘stiruvchi, Undiruvchi Alloh, Yo Alloh, Payg‘ambarimizga salovat yulla, bizga rizq ber. Ekinimizni undir. Bizdan uning zararini yiroq qil. Bizni nematlaringa shukur qiluvchilardan, berganlaringni yodda tutuvchilardan qil. Yo olamlar Robbisi, bizga bo‘ ekindan baraka ber” deyishni unutmasligi lozim. Shunda Allohning O‘zi baraka ato etadi.

Anas roziyallohu anhudandan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati). Savob ishning hech kechi yo‘q. Modomiki, imkon, fursat bor ekan, joriy sadaqalardan bo‘lgan ko‘chat yoki ekin ekishga shoshilaylik, azizlarim.

ABDULHAMID NORBEKOV - Kattaqo‘rg‘on shahar “Mashrab” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/02/2020 15:54;   Ko‘rilganligi: 1403
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/musulmonning-ekkani-sadaqa
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing