O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

MUNOSIB QO‘SHNICHILIK!

 
 

Alloh taolo insonlarni nafaqat o‘ziga ibodat qilishga, balki shu bilan birga jamiyatda odamlar orasida mehribonlik rishtalarini bog‘lashga ham buyuradi. Xalqimizda ota-onaga, qarindoshlarga yaxshilik qilish, salomlashish, kasallarni ziyorat qilish, ustozlarni hurmat qilish, musulmon bo‘lsa-bo‘lmasada atrofdagi odamlarga yaxshilik qilish va shu kabi insonlar o‘rtasini isloh qilishga qaratilgan ijtimoiy odoblar juda ko‘p. Bir qarashda bu amallar ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan qadriyatdek tuyulsada, aslida bularning asoslari dinimizga borib taqaladi. Bu ijtimoiy odoblardan qay birini olib qaramang, hammasi bir necha asrlar oldin Qur'oni karimda yo Rasululloh (s.a.v) hadislarida bayon qilinganini bilamiz. Mana shuning uchun jamiyatda insoniy fazilatlarni mustahkamlashda dinning o‘rniga yuksak baho bergan.

Mana shunday odoblardan biri bo‘lmish qo‘shnichilik munosabatlari haqida so‘z yuritsak. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday deydi:

“Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!” (Niso surasi, 36-oyat).

Mufassirlar bu oyatda qo‘shni mo‘min yoki kofir deb ajratilmagan, deydilar. Demak, qo‘shni millati, dini, irqidan qat'iy nazar ularga yaxshilik qilishga buyurilganmiz.

Rasululloh (s.a.v) Oisha onamizga: “Qurbonlik go‘shtini tarqatishda avval yahudiy qo‘shnimizdan boshla…”, deganlar. Qo‘shni haqlari to‘g‘risida so‘ragan sahobaga Rasululloh (s.a.v): “Kasal bo‘lsa, borib ko‘r, vafot etsa, janozasida qatnash, qarz so‘rasa, ber, qiyin ahvolda bo‘lsa, yordam qil. Boshiga musibat tushsa, tasalli ber, uying tomini baland ko‘tarib, unga yetib turadigan shamol va shabadadan to‘sma, pishirgan narsangdan unga ham chiqar!” deganlar.

 «Ma'lumki, O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an'analar bir-biriga mustahkam bog‘lagan. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning keng qamrovli hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi yanada mustahamlandi. Ikki mamlakat prezidentlarining yaqinda telefon orqali muloqotida ham ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq Tojikistonga yo‘l olgan shifokorlarimiz Covid-19’ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

«Eng muhimi, shifokorlarimizning ko‘makka otlanishgani o‘zbek-tojik xalqlarining qadim-qadimdan yelkadosh bo‘lib, sinovli kunlarda yordamga tayyor bo‘lib, bir-biridan ko‘magini ayamasligidan dalolatdir», deya qayd etilgan xabarda.

Tojikistonga yo‘l olgan tibbiyot guruhi tarkibiga anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda katta tajriba to‘plagan malakali tibbiyot xodimlari kirgan.

 Avvalroq Tojikistonga shifokorlar bilan bir qatorda konteynerlar, 10 ta sun'iy nafas oldirish apparati va juda ko‘p tibbiy xalat, dori vositalari, qo‘lqop, respiratorlardan iborat insonparvarlik yordami ham jo‘natilgani haqida xabar berilgan edi.

  Shunday ekan, insoniy fazilatlarning go‘zal namunasi bo‘lgan qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashimiz lozim. Bir-birlari bilan janjallashadigan qo‘shnilar nafaqat o‘zlarining, balki boshqa qo‘shnilarning ham halovatini buzadi. Xalqimizdagi: “Qo‘shning tinch, sen tinch”, degan ajoyib naql bekorga aytilmagan. Yon atrofimizda bunday voqealar sodir bo‘layotganda bunga aslo befarq qaramasligimiz lozim. Insonning, faqat o‘z dardi bilan emas, o‘zgalar dardi bilan ham yashashligi uni bu nomga loyiq ekanligini bildiradi. Alisher Navoiy bobomiz aytganidek:

Odami ersang demagil odami,

Oningkim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

      

Alloh taolo barchalarimizga milliy, diniy qadriyatlarimizni mustahkamlashda kuch-quvvat ato etsin, bir-birlarimizga bo‘lgan mehr-oqibatlarimizni yanada ziyoda qilsin!

 

J.Abrorov - Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati xodimi


Kiritilgan vaqti: 11/05/2020 10:51;   Ko‘rilganligi: 1314
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/munosib-qoshnichilik
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing