O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Mehr-oqibatli bo‘laylik

 
 

Quroni karimda Alloh taoloning shunday so‘zlari bor:

Agar sizlarga bergan ne'matimni sanasangiz, sanab adog‘iga yeta olmaysizlar” (Nahl, 18).

Shunday ne'matlardan biri bu mehr ne'matidir. Alloh taoloning ne'matlari ikki xildir. Biri moddiy, ikkinchisi ma'naviydir. Mehr - bu ma'naviy ozuqa. Vatanga, mahalla, ota-ona, aka-uka, o‘g‘il-qiz, opa-singil, nabira va barcha insonlar orasini bog‘lab turadigan mustahkam rishta. Agar biz barcha insonlarga kamaymaydigan ma'naviy ne'mat - mehrni bersak, ular orasidan vahobiy, hizbchi kabi adashgan kimsalar chiqmaydi. Oilasida mehr bor inson hech qachon Vataniga, oilasiga, ota-onasiga nisbatan qo‘pol muomala qilmaydi. Mehrni boshqa narsa bilan almashtiradigan inson adashgan bo‘ladi, chunki qalbida mehr bor inson  qurol ko‘tarmaydi, o‘zgani qalbini og‘ritmaydi.

Mehr - Din tanlamaydi. Mehr - dinlarni, xalqlarni, millatlarni va dunyodagi Alloh taolo yaratgan barcha maxluqotlarni birlashtiradi.

Mehr ziyoda bo‘lsa, onalar farzandlarini sotmaydi.

Mehrni bozori yo‘q. Mehr - bu yerga sochiladigan urug‘ kabi ulug‘ ne'mat. Uni insonlarga qancha ko‘p ulashsak o‘zimizga shuncha ko‘p bo‘lib qaytadi. Hattoki, ekilgan ko‘katga mehr bermasa u quriydi.

Mehrsizlik esa yomon illat. Nima uchun insonlar o‘z ota yoki onasini qariyalar uyiga olib borib tashlaydi? O‘sha qariyalar uyiga borishga majbur bo‘lgan insonni orqasida tog‘a-jiyan, aka-uka, o‘g‘il-qizlarni beparvo qarab turishiga mehrsizlik sabab emasmi?!

Ikkinchi Jahon urushi bo‘lib turgan vaqtda Rossiyadan kelgan farzandlarni nima uchun o‘zbeklar bag‘rini ochib, xonadoniga kiritdi, o‘z farzandlari qatorida farzand qilib, tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Chunki ularda mehr bor edi. Chunki ular musulmon va musulmonlarni farzandlari edi.

Mehr, ko‘p ma'nolarni o‘z ichiga olgan ne'matdir. Shulardan biri rahmdillikdir. Uboda ibn Somir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam:

“Kim kattalarimizni ulug‘lamasa, kichiklarimizga rahm qilmasa va olimimizning haqqini bilmasa, mening ummatimdan emas”, - dedilar”.
Imom Ahmad rivoyat qilganlar.

Agar bizni qo‘limizda o‘zgaga beradigan mol-davlat bo‘lmasa yoki  ko‘maklashishga jismoniy quvvatimiz yetmasa unutmaylikki,  bizda eng ulug‘ ne'mad – mehr-oqibat bor.

Keling, do‘stlar, mehr-oqibatli bo‘laylik.

Abdulhamid YAXSHILIQOV - Ishtixon tumani “Ishtixon” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/11/2019 16:12;   Ko‘rilganligi: 600
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/society/mehr-oqibatli-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 18/09/2020 11:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing