O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

JANOZA MAROSIMIGA DOIR FIKXIY MASALALAR

 
 

Janozaning lug‘atdagi ma'nosi «satr» ya'ni to‘sish, bekitishdir. Tobutga solingan mayyit ham to‘silgan bo‘ladi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Kim bir mayyitni yuvsa-yu, uni satr qilsa, gunohlaridan xuddi onasidan tug‘ilgan kunidek bo‘lib chiqadi- dedilar.

Bir kishi vafot etsa, boshqa musulmonlarda uning to‘rtta haqqi qoladi. Ular: Mayyitni yuvish, kafanlash, janoza namozini o‘qish va dafn qilish. Ulamolarimizning ta'kidlashlaricha mazkur to‘rt amal farzi kifoyadir, ya'ni ushbu amallarning bir-necha kishi bajarishi bilan boshqa musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi.

Shariatimizda vafoti yaqinlashgan kishiga nisbatan qilinadigan muomila va munosabat mavjud. Vafoti yaqinlashgan kishini “Muxtazar” deyishadi. Avvalo muxtazarni o‘ng yonboshi bilan qiblaga yuzlantirib yotqiziladi. Chalqancha yotqizsa ham bo‘ladi. Unga shahodat kalimasi talqin qilinadi, lekin kalimani aytishga majbur qilinmaydi.

Abu Sa'iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Jon taslim qilayotganlaringizga «La ilaha Illallohu» ni talqin qilinglar dedilar.

Ushbu kalimani muxtazarning yaqin kishilari, ya'ni uni yaxshi tushunadigan, xushyor kishilar bajarishi tavsiya qilinadi. Muxtazar xam kalimani aytishi bilan talqin qilish to‘xtatiladi. Oxirgi so‘zi shahodat kalimasi bo‘lishiga harakat qilinadi.

Vafot qilishi bilan dastlab qilinadigan amallar: Avvalo jag‘i yumshok latta bilan boshiga tortib bog‘lanadi. Og‘zi ochilib kolmaslikka harakat qilinadi. Ko‘zlari yumdiriladi. Mayyitning huzuridan junub, xayzli va nifosli kishilar chiqariladi. Mayyitning ustiga yengilroq mato yopib qo‘yiladi. Shishib ketmasligi uchun korniga (g‘isht parchasi bilan idish kabi narsa) qo‘yiladi. Barcha a'zolari va bo‘ynilarini to‘g‘irlab, ikki qo‘lini yoniga qo‘yib chalqanchasiga yotqizib qo‘yiladi. Mayyitning qarzlarini uzishga shoshilish kerak. Mayyitning shariatga xilof kelmaydigan vasiyatlari bajariladi. Mayyitni ko‘mish ishlarini tezlatish kerak.

  1. Mayyitni yuvishga doir amallar;

Mayyitning tanasi begona kishilardan bekitiladi. To‘rt tomoni to‘silgan, sharoiti bor yerda yuviladi. Mayyitning g‘usli ham xuddi tirik insonning g‘usli kabidir. Faqat og‘zi va burunlarini suv bilan chayish mashaqqat bo‘lgani uchun, og‘zini ochmasdan barmoq yoki misvok bilan misvok qilinadi. Mayyit yuviladigan xonaga xushbo‘y narsalarni ishlatish mansubdir. Yuvib bo‘lgach, tanasi quritiladi, sajda a'zolariga xushbuylik suriladi. Mayyitning soch va tirnoqlari olinmaydi.

  1. Mayyitni kafanlash ikkinchi farzi kifoyadir.

Hanafiy mazhabida kafan uch turga bo‘linadi.

a. Zarurat kafani. Zarurat tug‘ilgan vaqtda erkak yoki ayol bo‘lsin, imkon bor narsa bilan kafanlanadi. Buning sharti badanni to‘sadigan narsa bo‘lishi lozim.

b. Kifoyat kafani. Kifoyat kafani banda tirik vaqtida kiyadigan eng oz kiyim miqdori. Erkak uchun izor (ishton) va lifofa. Ayol uchun izor, lifova va ro‘mol.

v. Sunnat kafan. Bu eng mukammal kafandir. Erkak uchun: izor, qamiys (ko‘ylak), lifofa. Ayol uchun beshta: izor, qamiys, ximor, siynaband va lifofa.

  1. Janoza namozini o‘qish farzi kifoyadir.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha, janoza namozining sharti; niyat qilish. Uning rukni; to‘rt takbir va qiyom. Vojibi; ikki tomonga salom berish.

Janoza o‘quvchiga ham namoz o‘quvchiga qo‘shilgan shartlar bor: musulmon bo‘lish, aqlli bo‘lish, satri avrat, tahoratli bo‘lish, badan, kiyim va makon pok bo‘lishi, qiblaga yuzlanishi va niyat.

4.Mayyitni dafn qilish farzi kifoyadir.

 Jon uzilishi bilan uni dafn qilishga shoshilish kerak. Xanafiy mazhabi bo‘yicha, qabrning chuqurligi odamning ko‘kragigacha, uzunligi mayyitni bo‘yiga qarab bo‘ladi, kengligi mayyitning bo‘yining yarimicha bo‘lishi kerak.

Mayyitni qabrga qo‘yayotgan kishi: “Bismillahi va ala millati Rosulillahi sollallohu alayhi va sallam” deb qo‘yadi.

Mayyitni o‘ng tarafi bilan yuzini qiblaga qaratib yotqiziladi. Mayyitning bosh va oyoq tarafidagi kafanning bog‘ichlari yechiladi. Og‘zi ochilmaydi.

Qabr ustuni loy bilan suvash mandubdur. Ho‘l shoxlar va rayxon kabi narsalar qabr ustiga qo‘yish durust sanaladi. Qabr ustida o‘sib turgan maysa va o‘simliklarni qurimasdan yulish makruh. Chunki xo‘l nabototning tasbehidan mayyitga foyda yetib turadi.

Marhumning haqqiga qilingan duo va tilovatlar shubhasiz marhumning ruhiga yetib boradi.

Rosululloh alayhissalom: “Kim maqbaraga kirganda «Yasiyn» surasini qiroat qilsa, Alloq o‘sha kuni ularga yenillik beradi va o‘sha yerdagi narsalar adadicha hasanotlar bo‘ladi», deganlari rivoyat qilingan.

  Nazarov Anvar Kattaqo‘rg‘on shahar - “Muhammad Naqibbek” jome masjidi imom xatibi (Manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 01/06/2020 15:20;   Ko‘rilganligi: 3711
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/janoza-marosimiga-doir-fikxiy-masalalar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing