O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

ISROFDAN SAQLANAYLIK!

 
 

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularni yer yuzini makon tutib, undagi ne'matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne'matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur'oni karimda bunday marhamat etadi:

  “Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 “Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir”.

Ammo insonlarga shuncha ne'matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne'matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu borada Qur'oni karim bunday ta'lim beradi:

 “...Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmas” (A'rof surasi, 31-oyat).

Boshqa bir oyati karimada esa bunday marhamat etadi:

ya'ni: “U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta'mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta'mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi” (An'om surasi, 141-oyat).

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur'oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo aytadi:

“(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”  (Isro surasi, 29-oyat).

Bizlarning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Ochlarga beriladigan taomga saxovat deyish mumkin. Bizning to‘ylarimizga keladigan minglab kishilardan nechtasi qorni och odamlar? Menimcha, qorni ochlar umuman aytilmasa kerak bunday marosimlarimizga. To‘g‘rirog‘i, qorni ochlarni nafaqat ziyofatga aytish, balki ularni umuman tanimaymiz, undaylar bilan tanish-bilish bo‘lishni o‘zimizga or deb bilamiz.

 Xalqimiz to‘y, turli munosabatlar bilan o‘tkaziladigan marosimlarni, shodiyonalarni yaxshi ko‘radi. Lekin to‘y marosimlarini me'yorida, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazishimiz kerak. Hukumatimizning bu haqdagi qarorlariga va O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosiga amal qilgan holda ish tutishimiz lozim bo‘ladi. To‘ylarda sarflanadigan ortiqcha mablag‘larni yosh kelin-kuyovlarning kelajak hayotlarida asqotadigan zarur maishiy jihozlarga sarflansa ayni savobli ish qilingan bo‘ladi, inshoalloh!

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotidan yillar o‘tib, bir kuni Abu Hurayra raziyallohu anhuni qovurilgan qo‘y go‘shtiga taklif qilishganda, ko‘zlariga yosh kelib, “Allohning elchisi bu dunyodan bunday taomni ko‘rmasdan o‘tdilar”, deya burilib ketgan ekanlar...

Isrofgarchilikka berilgan paytlarimizda shu narsalarni ham birrov esga olsak foydadan xoli bo‘lmasdi.

Jasur XUSHBOQOV – Bulung‘ur tuman, “Beshariq Changal” jome masjidi imom xatibi                            


Kiritilgan vaqti: 28/11/2019 10:02;   Ko‘rilganligi: 274
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/society/isrofdan-saqlanaylik
Chop etilgan vaqti: 11/08/2020 11:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing