O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Isrof qilmang

 
 

Sahobai kiromlarning kattalaridan bo‘lmish Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomdan to‘yni qanday qilish haqida maslahat so‘raganida, Payg‘ambarimiz: «Bitta qo‘y so‘y», degan ekanlar. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam menga qiyinchilik bo‘lmasin degan maqsadda shunday deyaptilar deb o‘ylab: “Men bir necha qo‘y so‘yishga qodirman”, deb bir-ikki qaytaribdi. Shunda Sarvari koinotimiz: «Ey molinga Hudo baraka bergur, bitta qo‘y so‘ygin» deb tanbeh bergan ekanlar.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo solallohu alayhi vasallam qo‘ylari ko‘p bo‘lgan Sohabai kiromga bittagina qo‘y so‘yishga buyurganliklari ostida hikmatlar juda ham ko‘pdir.

  1. Boshqa sohabalarni to‘y qilishlikda qiylanmasliklari uchun;
  2. Kelajakdagi ummatlarini tashvishlarini qilganlar;
  3. Qo‘ylari ko‘p bo‘lsada ruxsat bermadilar;
  4. Isrofni oldini olganlar;
  5. Ilm-fan isbotladiki ko‘y go‘shtini iste'mol qilgan inson, tabiatan yumshoq (halim) bo‘lar ekan.

Biz o‘zbek xalqi mehmondo‘st, xayru saxovatli, qo‘li ochiq xalqmiz. Shuning uchun xilma-xil marosimu tadbirlarimizning soni ham ko‘p. Aqiqa to‘yi, nikoh valimasi, hovli to‘yi, motamga oid vazima marosimlarining ham bir necha turlari mavjud. Albatta, bunday marosimlarning paydo bo‘lishi va amalga oshirilishidan ko‘zlangan maqsad avvalo, qavmu qarindosh, qo‘ni qo‘shni va yoru qadrdonlar bilan diydorlashish, yetim-esirning ko‘nglini olish, muhtoju faqirlarga taom ulashish orqali Alloh taoloning savobiga noil bo‘lishdir. Ammo, zinhor, ushbu tadbirlarda isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlikka o‘tmaslik kerak bo‘ladi. Aks holda, ehson qilib savob topish o‘rniga og‘ir gunohga qolinadi.

          Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlari, isrofgarlikdan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.

Isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillar:

  1. Avvalo tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me'yoridan oshirib ta'minlab berish;
  2. Maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta'sirlanish;
  3. Tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
  4. Nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
  5. Bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanligini unutish yoki tushunmaslik;
  6. Umuman inson hayotida mo‘tadillik va me'yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.

Isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlari:

  1. Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
  2. Shaytonni xursand qilib, uning birodariga aylanish;
  3. Hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
  4. Jasadda turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
  5. Jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.

Isrofgarlikdan qutulish yo‘llari:

  1. Har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
  2. Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
  3. Dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
  4. Isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xoksor kishilarga yaqin yurish;
  5. Oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.

Alloh taolo hayotimiz va rizqimizni farovon aylab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishdan va uning balolaridan O‘z panohida asrasin! Omin!

Z.Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 28/11/2019 14:41;   Ko‘rilganligi: 346
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/society/isrof-qilmang
Chop etilgan vaqti: 18/09/2020 11:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing