O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Islomda janoza va ta'ziya odoblari

 
 

Janoza o‘qish farzi kifoya hisoblanadi, ya'ni ba'zilar ado qilsa boshqalarning ham gardanidan soqit bo‘ladigan amaldir.

Janoza va ta'ziyaning odobi borasida muhtaram ulamolarimiz, ustozlarimiz bitgan juda ko‘p mo‘tabar manbalar bor. Inson hayot ekan, o‘lim soya solib turadi.Har bir kishi ota-onasi, yaqin qarindosh yoru do‘stu birodarini bir kun kelib yo‘qotadi. Shu vajdan musibatzada xonadonga borib ta'ziya bildirishning o‘ziga xos tartib qoida va odob axloqlari mavjud bo‘lib ularni o‘rnida qo‘llash lozimdir.

Avvalo musibat yetgan xonadon ahllari quyidagilarni aytadi va sabr  qiladi :

         “Inna lillahi va inna ilayhi roji'un. Allohumma ajjirni fi musibatiy va axlifliy xoyron minha”- “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz. Allohim, menga yetgan ushbu musibat evaziga ajr bergin va uning o‘rniga men uchun yaxshiliklar ato etgin”.

Ahli musibat ovoz ko‘tarib yig‘lamasligi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda kelishicha,  ahli musibatning ovoz chiqarib yig‘lashidan mayyit azob tortadi.

   Mayyitni dafn qilgandan so‘ng, har kim o‘z ishiga ketadi. Bir yerda yig‘ilib o‘tirilmaydi, chunki bu mayyit uchun yomondir.

Agar bir kishi birodarining vafot etganini eshitsa: “Inna  lillahi va inna ilayhi roji'un”,  deyishi kerak.

Ahli musibatga xoh dafindan oldin, xoh dafindan keyin, ta'ziya izhor qilish mustahab. Imom Muhammad (rahmatullohi alayh) nazdilarida, ta'ziya  uch kungacha joiz, undan so‘ng makruhdir. Imkon qadar  eshitishi bilan darhol ta'ziya izhor qilishga shoshilish lozim. Biroq safarda yoki shunga o‘xshash sabablar tufayli kechikkan odam unga uch kundan keyin ham ta'ziya bildirishi mumkin.

Ta'ziya izhor qiluvchining odobi Qur'oni karim tilovat qilinayotganida sukutga cho‘mib eshitish, ta'ziya qabul qiluvchilarga musibatga xos so‘zlar bilan hamdardlik bildirish tasalli berish, janoza namozi o‘qilgunga qadar biroz muddat turish yoki o‘tirishni vaziyat taqozo etsa, sohiblar ko‘rstgan joyga o‘tib, mayus qiyofada bo‘lish,  ta'ziya izhor qiluvchilar aza bo‘lgan xonadonda uzoq  qolib ketmaydilar.

         Ba'zida musibat bo‘lgan xonadonga kelgan insonlarni bir birlari bilan kulishib o‘tirishlarini ko‘rib xafa bo‘lib ketasan kishi albatta bu insonlar ham yuqorida aytib o‘tilgan janoza odobini bilishganda edi bunday holat ro‘y bermagan bo‘lar edi.

         Janoza bo‘lgan xonadonga borib ularga chiroyli sabr tilash xar birimizning musulmonchilik burchimiz hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning hadislari bor.

         Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) Fotimaga (roziyallohu anho):

Ey Fotima,  nima seni uyingdan chiqardi? dedilar. Shunda Fotima (roziyallohu anho): “Bu mayyitning ahliga bordim, ularga  rahmat  tiladim va ularga hamdardlik izhor etdim”,  dedi (Abu Dovud  va Nasoiy rivoyati).

Kimningdir vafot etishi bilan musibat yetgan xonadon ahli uydan chiqmay, uch kungacha aza tutib o‘tirishlari va ta'ziyaga keluvchilarni kutib-kuzatib turishlari mumkin. Faqat darvoza oldida kursi va to‘shaklarda o‘tirib yoki tik turib, ta'ziyachilarni kutish eng xunuk odatlardandir. Bbizning shu kabi odatlarimizni isloh etish lozimga o‘xshaydi. Haqiqatdan, darvoza oldida ta'ziyachi kutish degani, albatta, hammaning kelishi shart, degandek bo‘ladi. Ammo darvozani ochiq qoldirib, uch kungacha ichkarida o‘tirish esa, birinchidan kamtarlik alomati. Zero, kamtar inson odamlarni ovora qilish, vaqtlarini olishdan iloji boricha o‘zini saqlaydi. Ta'ziyaga kela olmaganlardan xafa ham bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ko‘chadan shoshilinch o‘tib ketayotgan kishilar vaqti tang kishilar hijolat tortmaydi. Ta'ziyaga kelishi ham xolis bo‘ladi.    

Barchamiz shuni yaxshi bilishimiz kerakki, vafot etgan kishi xotirasiga bag‘ishlab qilinadigan xayr-ehsonlar mustahab amaldir. Uni shariat ta'limotiga muvofiq holda o‘tkazish shartdir. Aks holda undan bo‘ladigan ajru savobdan mahrum bo‘linadi. Ammo, oila, farzandlarga qilinadigan nafaqa bu - farz amallardan hisoblanadi. Shuning uchun ehson qilaman, deb bola-chaqaning rizqini qiyish ayni xatodir. Bordi-yu mahalla oshini yeganman, mahallaga osh bermaslikka nomus qilaman, deb boshqalardan qarz olib yoki olmasdan ham ehson qiladigan bo‘lsa, bu ayni gunohdir.

Hozirgi vaqtda musibatxonada bir emas, bir necha martalab ehsonlar qilinmoqda. Bu marosimlar ba'zi bir oilalar uchun, og‘ir kechayotgani hammaga yaxshi ma'lum. Bunday marosimlarni o‘tkazish ba'zi oilalar uchun iqtisodiy tomondan qiyinchilik tug‘dirishi musibat ustiga musibatdir.

Musibatxonalarda payshanbalik va yakshanbalik yoki qirq, yil kabi nom bilan qilinayotgan ehson marosimlari hech bir diniy kitoblarda yozilmagan va aytilmagan.

Alloh taolo marhumlarimizni mag‘firat qilib, hayotdagilarga tavfiq va hidoyatda bardavom bo‘lishlarini nasib qilsin.

Tolib Mamatqulov - Bulung‘ur tuman “Kildon” jome masjidi imom xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 20/02/2020 10:56;   Ko‘rilganligi: 5187
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/islomda-janoza-va-taziya-odoblari
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 17:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing