O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Hidoyatga yo‘l

 
 

Mamlakatimizda shunday o‘zgarishlar bo‘lyaptiki, sanab adog‘iga yetmaysan. Dunyodagi eng farovon, eng tinch davlatda yashayotganingdan ko‘nglingda faxr tuyg‘usi namoyon bo‘ladi. Yoshlarimizning ilm olish, ishlash, hunar egallashlari uchun barcha imkoniyatlar muhayyo. Keksalarimiz uchun ham mazmunli dam olishlari uchun sihatgohlar, davolanish muassasalari, masjidlar qurilib, ularning ixitiyoriga topshirilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimizni qo‘llab quvvatlanishi har qanday yurtdoshimizning qalbiga shukronalik tuyg‘usini soladi. Lekin oramizda shunday insonlar borki, na jamiyatga, na ota-onasiga foydasi tegadi. Nafsining quli bo‘lib, o‘zi uchun koni zarar bo‘lgan spirtli ichimliklar ichish, giyohvand moddalar iste'moli, atrofdagilarga doimo zarar yetkazish bilan band bo‘lib yuradi. Oxir oqibat tushunib yetganida esa yoshi bir joyga borgan, qarilik eshik qoqqan bo‘ladi.

Bizga ma'lumki, qayerda odob axloq hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda fayzu baraka bo‘ladi. Ilohiy axloq esa halollik va taqvo demakdir. Halollik barchaga aniq va ma'lum tushuncha. Taqvo esa ancha keng tushunchlarni o‘ziga qamragan bo‘lib, birgina Ali roziyallohu anhuning aytganlarini eslash bilan kifoyalanamiz: “Taqvo Allohdan qo‘rqish, Qur'onga amal qilish, ozga qanoat qilish, ketadigan kunga tayyorgarlik ko‘rishdir”. 

Kech bo‘lsa ham hayotda o‘zining haq yo‘lini topgan insonlar haqida bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berish orqali “Hechdan ko‘ra kech yaxshi” degan maqolni eslatmoqchiman:

Masjidda namoz o‘qishga tayyorlanib turganimizda bir paytlar giyohvand modda, spirtli ichimlik ichib, odamlar asabiga tegib yuradigan Zarifboy (ismi o‘zgartirilgan-tahririyat) isimli kishi kirib keldi. Biz hayratdan yoqa ushladik. O‘zimizcha “yo tavba, bu insonga ham Alloh insof beribdi-da” dedik. Haqiqatdan ham Zarifboy har kuni namoz o‘qish uchun masjidga qatnay boshladi. Men bu kishini zimdan kuzatardim. Chunki, ba'zilar o‘n-o‘n besh kun masjidga qatnaydida, keyin ko‘rinmay ketishadi. Oradan bir necha kunlar o‘tdi. Uning e'tiqodi baland, masjidga qatnashni kanda qilmas edi. Zarifboyni yonimga chaqirib, namoz o‘qishga bo‘lgan jasorat qanday paydo bo‘lganini so‘radim.

“Ey mulla aka, o‘zingiz bilasiz, men bir sarkash, nobakor, umrimda peshonam “er ko‘rmagan” kishi edim. Ukamning ko‘zi ojiz o‘g‘li Otabek shaharda musiqa maktabida ishlaydi. Unga bir fleshka berib, menga qo‘shiq yozdirib kel, dedim. U ishdan qaytgach, mana amaki, buyurtmangiz, deb qo‘limga fleshkani tutqazdi. Maqsadim, shirakayf chog‘imda miriqib qo‘shiq eshitish edi. Xursand bo‘lib uyga keldimda yonboshlab, fleshkani DVD qurilmasiga joyladim. Qarasam, qo‘shiq o‘rniga domlaning ma'ruzasi ekan. O‘chirimoqchi edim, xotinim: -qo‘ying, eshitamiz,- dedi.  Men o‘rnimdan turdim-da jiyanimning uyiga yo‘l oldim. Uni chaqirib, achchiq bilan menga qanaqa narsalar yozib kelding, deya dag‘dag‘a qildim. U kulimsirab hazil ohangida: - Amaki, yoshingiz oltmishga boryapdi. Endi sizga qo‘shiqmas, chiroyli ma'ruzalar eshitish yarashadi. Bas, yetar shuncha bebosh yurganingiz, - dedi. O‘g‘il-qiz, nabiralarga o‘rnak bo‘ling, namoz o‘qib, ularga pand nasihatda bo‘ling, ertaga Xudoning oldiga yorug‘ yuz bilan borasiz, deb aytdi. Uning gaplari menga qattiq ta'sir qildi. Nahotki, o‘sha ko‘zi ojiz boladek menda aql yo‘qmi, shunchalik notovonmanmi? deb har xil o‘y-xayol bilan uyga kelsam, uydagilar imom domlaning ma'ruzasini eshitayotgan ekanlar. Men ham quloq sola boshladim. Rahmatli Fozil qorining ma'ruzasi ekan.

Ma'ruza namoz haqida edi. Tinglab tursam: “Kimniki ro‘zg‘orida xotini namoz o‘qisa-yu, eri namoz o‘qimasa to‘ng‘iz bilan yotgandek bo‘ladi, deb aytdilar. Bu so‘z ko‘nglimga qattiq botdi. Chunki, ko‘p yillardan beri xotinim namoz o‘qiydi. Men nobakor o‘qimas edim. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Keyin qo‘shnim mullo Bahodir akaning ko‘magi va nasihatlari bilan “Namozlik” kitob olib, undan namoz o‘qishni o‘rgandim. Shundan buyon Allohning toatidaman. Namoz o‘qisam, qalbim yorishib, o‘zimni yengil his qila boshladim. Ustozlar, namozga borishimni jamoa namozini savobi ko‘p bo‘lishini aytdilar. Juma namozini o‘qishni niyat qilib, masjidga bora boshladim. Meni hayotda to‘g‘ri yo‘l topib, namoz o‘qishga undagan jiyanim Otabektdan minnatdorman. U sabab barcha yomon illatlardan qutilib, Allohga istig‘for aytish bilan mashg‘ul bo‘lgan holda ustachilik bilan shug‘ullanib, el-yurt xizmatidaman. Men qurayotgan imoratlarda insonlar baxtli hayot kechirishmoqda, jamiyatga nafi tegadigan insonga aylanganimdan xursandman, deya Zarifboy men bilan xayrlashdi.

Bekorga aytishmagan “Bir yigitni tarbiyasiga yetti mahalla javobgar” – deb. Allohim, hech bandani yo‘lidan adashtirmasin, hidoyat sari yo‘llasin.

Abdusami Azizov - Urgut tuman “G‘ishtli” jome masjidi imom xatibi                                                   


Kiritilgan vaqti: 21/02/2020 15:56;   Ko‘rilganligi: 1229
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/hidoyatga-yol
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 13:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing