O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

ALLOH TAOLO YOYOLLARGA YAXSHILIK QILISHNI BUYURDI

 
 

Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning “Vidolashuv haji”da sahobiylarga qarata ayollar haqida quyidagicha vasiyat qilgan edilar: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqinglar. Chunki sizlar Allohning omonati ila ularni qo‘lga kiritdingiz va Allohning kalimasi bilan ularning farjlarini o‘zlaringizga halol qilib oldingiz” (Buxoriy rivoyati). Dunyoning yarmiga hukmronlik qilgan Sohibqiron Amir Temur tuzuklarida "Ayollarga imkon qadar iliq muomalada bo‘lishga harakat qildim" deb yozgan edi. Demak, shunday ulug‘ zotlar ayollarni e'zozlagan ekan, bugungi kunda ayollarga past nazar bilan qarab, ularga zo‘ravonlik qilayotgan erkaklar qayerdan paydo bo‘lyapti?  Bunday kishilarni kim deb atash mumkin? Yana hadislarga murojaat qilamiz.

Mo‘minlarning eng imoni mukammali go‘zal xulqlisidir.  Sizlarning eng yaxshingiz ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘ladiganingizdir(Imom Termiziy rivoyati).

Rus yozuvchisi M. Gorkiy esa "Madaniyatning qay darajadaligi ayolga nisbatan munosabat bilan o‘lchanadi" deb yozadi. Oramizda hamon ayollarga tazyiq va zo‘ravonlik qiladigan pastkash, madaniyatsiz kimsalar bor ekan, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, ayolni onasi, singlisi, qizi va xotini ekanligini yodiga solib qo‘ymoq lozim. Endi bunday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki, xotin-qizlar haq-huquqi qonun himoyasiga olindi. O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish" to‘g‘risida"gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining "Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida"gi Nizom bilan zo‘ravonlikka barham berishning aniq mehanizmlari belgilab berildi.

Qonunda Vazirlar Mahkamasining mahalliy davlat hokimiyati organlari, bandlik, ichki ishlar, ta'lim, sog‘liqni saqlash, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tuzilmalar, jumladan, xotin-qizlar qo‘mitasining xotin-qizlarni tazyiq  va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari aniq belgilangan. Masalan, ichki ishlar organlari tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga rasmiy ogohlantirish va himoya orderini beradi, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘radi, kabi punktlar ham belgilangan. Nizomda ham zo‘ravonlikka barham berishning aniq mehanizmlari belgilab berilgan. Ilgari xotin-qizlar qo‘mitasi bunday zo‘ravonlikka qarshi ko‘proq yarashtiruvchi vazifasini o‘tagan  bo‘lsa,endi hamkor tashkilotlar bilan bu holatga qarshi jiddiy kurashadi. Jabrdiydalar murojaat qilmasa ham, zo‘ravonlar jinoiy javobgarlikdan qutilib qolmaydi.

Oxirgi uch yilda gender tenglikni ta'minlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida" qonun qabul qilindi. Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xulosa, qilib aytganda nohaq xotiniga zo‘ravonlik  qilgan  er, endi pushaymon yeydi. Shunday ekan ahli ayolingizga muloyimroq bo‘ling. Dinimizdan, o‘zligimizdan, ma'naviyatimizdan, milliy qadriyatlarimizdan qanchalik uzoqlashib boraversak, boshimizga shuncha kulfatlar yog‘ilaveradi. Shu ma'noda naslimiz davomchilarini tahqirlasak, o‘zimizga, kelajagimizga zulm qilgan, o‘zimiz o‘tirgan daraxt shoxini o‘zimiz kesgan bo‘lamiz.  Shoir yozganidek, ayollarni xo‘rlash emas, asrash kerak.

Botirali RIZAYEV,

Samarqand shahar “Panjob” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 12/02/2020 17:24;   Ko‘rilganligi: 2063
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/alloh-taolo-ayollarga-yaxshilik-qilishni-buyurdi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 10:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing