O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Сийрат

Rasulullohda go‘zal o‘rnak bordir

 
 

    "Va albatta, sen ulkan xulqdasan" (Qalam. 4) deya O‘z mahbubi Payg‘ambarimizning naqadar chiroyli axloq egasi ekanliklarini ta'kidlagan Alloh taologa beadad hamdlar bo‘lsin.

"Kishi yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechasini namoz o‘qib o‘tkazadiganlar darajasiga yetadi" deya marhamat qilgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollollohu alayhi vasallamga salovat va durudlar bo‘lsin.

Rasulullohning xulqlarini egallab, keyingi ummatlarga omonat ila yetkizgan sahobai kiromlarga Allohning roziligi bo‘lsin.

Islom haqida so‘zlaganda, husni xulq to‘g‘risida gapirmasdan imkonimiz yo‘q. Chunki, husni xulq inson amallarini go‘zallashtiradigan, ajrini ulug‘ qiladigan amaldir. Shu haqida Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday dedi: "Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va to‘g‘ri so‘zlanglar. U Zot sizlarni amallaringizni solih qiladir va gunohlaringizni mag‘firat qiladir. Kim Allohga va Uning Rosuliga itoat qilsa, batahqiq, buyuk zafarga erishibdi" (Ahzob 70,71).

Albatta, har bir mo‘min banda Xoliqni va yana xalqni huzurida mahbub inson bo‘lishni xohlashiga shak-shubha yo‘q. Shunday ekan, mo‘min inson Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning xulqlari bilan ziynatlanishi lozimdir. Chunki, Alloh taolo Kalomi Sharifda "Va albatta, sen ulkan xulqdasan", deya marhamat qilgan.

Husni xulqning mavqei shu darajadaki, Islom unga bino qilingan amal desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Balki, uning o‘zi Islomdir. Chunki, Muhammad sollollohu alayhi vasallam: "Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman" deb aytganlar.

Har bir mo‘min kishi Allohga, Payg‘ambar alayhissalomga, Allohning kitobiga, Farishtalarga va jamiyki insonlarga nisbatan go‘zal xulqli bo‘lishi lozim.

Alloh taologa husni xulq - Unga ibodat qilish, biror narsani sherik qilmaslik, Uning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunishdir. Alloh taolo shunday deb marhamat qildi: "Hech bir mo‘min erkak va hech bir mo‘mina ayol uchun Alloh va Uning Rasuli bir ishga hukm qilganida, o‘z ishlarini o‘zlaricha ixtiyor qilmoq yo‘q. Kim Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lsa, bas, batahqiq, ochiq adashish-la adashibdi" (Ahzob. 33‒36).

Rasulullohga nisbatan husni xulqda bo‘lishga kelsak, avvalo u zotni yaxshi ko‘rib, sunnat va hadislariga ergashmoq, u kishining buyruqlarigi bo‘ysunmoq va o‘z so‘zimizni u zotning so‘zlaridan ustun qo‘ymasligimizdir.

Allohning Kalomiga nisbatan husni xulqda bo‘lish esa, Qur'oni Karimni o‘qish, unga amal qilish, katta-yu kichik ishlarda hukmni unga topshirmog‘imizdir.

Har bir inson o‘ziga ajralmas bir farishta vakil qilinganini va ana o‘sha farishta kishining barcha so‘z va amallarni yozib borayotganligini bilishi lozim. Shu sababli gunoh ishlarni qilishdan hayo qilish, farishta insonning zarariga yozayotganini va mana shu ishga u tayin qilinganini bilishi kerak. Alloh Taologa yaqinlashtiradigan go‘zal amallarni qilishga ishtiyoqmand bo‘lishimiz farishtalarga nisbatan husni xulqda bo‘lish hisoblanadi.

Insonlarga nisbatan husni xulqda bo‘lish esa, ularga ochiq yuzli, mehribon, muruvvatli bo‘lishdir. O‘zaro haqlarda adolatli bo‘lib, xiyonat qilmaslik, adashgan vaqtlarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va bu borada xushomad qilmasdan yumshoq muomalada bo‘lish zarur. Alloh taolo payg‘ambari Muso alayhissalomni Fir'avnga yuborgan paytda u qonxo‘r, zolim va Xudolik da'vosidagi kishi edi. Alloh o‘z payg‘ambarini unga karomatlar, mo‘jizalar va go‘zal da'vat bilan yubordi. Va Muso va inisi Horunlarga U: "Bas, unga yumshoq so‘z aytinglar. Shoyad eslasa yoki qo‘rqsa"("Toha", 44), dedi. Allohga chaqirishdagi Qur'oniy dars mana shundaydir. Shunday ekan biz Muso va Horun alayhimassalomlardan afzal emasmiz.

So‘zimizni nihoyasida shuni aytmoqchimiz, kimki ikki dunyo saodatiga yetishishni istasa, ikki dunyoda najot topuvchilar qatorida bo‘lishni xoxlasa, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning xulqlari bilan ziynatlansin. Zero, Alloh Taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qilgan: "Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi" (Ahzob 23).

 

Faxriddin BOHODIROV, Kataqo‘rg‘on tumani “Yangiravot” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/10/2019 10:58;   Ko‘rilganligi: 2120
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/siyrah/rasulullohda-gozal-ornak-bordir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing